Главная » 2020 » Март » 4 » Yakkabog‘dagi maktabda 10-sinf o‘quvchisi ona bo‘ldi va bu maktabdagi yagona muammo emas
00:39

Yakkabog‘dagi maktabda 10-sinf o‘quvchisi ona bo‘ldi va bu maktabdagi yagona muammo emas


Yakkabog‘ tumani Beshqo‘ton qishlog‘idagi 72-maktabda o‘qiydigan 10-sinf o‘quvchisi 2019-yil martida ona bo‘lgan. Bu axborotni Qashqadaryo viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi tasdiqlagan, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri.

“Daryo”ga murojaat qilgan fuqaro Olim Muhammadiyevning ta’kidlashicha, maktab direktori Dilorom Umarovaning “o‘quvchilar taqdiriga befarqligi bois 10-sinf o‘quvchisi farzandli bo‘lgan”.

Viloyat xalq ta’limi boshqarmasidan ma’lum qilishlaricha, voqeadan so‘ng maktab direktoriga hayfsan berilgan, direktorning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Jo‘ra Abdullayevga hayfsan va oylik maoshining 30 foizini ushlab qolish chorasi qo‘llanilgan. Bundan tashqari, maktab psixologi Ilhom Ismoilov va o‘quvchining sinf rahbari Ergash Zokirov ham hayfsan olgan.
 

Ammo fuqaro Olim Muhammadiyevning qayd etishicha, bu 72-maktabdagi muammolarning bir qismi xolos.

Pul o‘zlashtirish holatlari?

Fuqaro Olim Muhammadiyevning ma’lum qilishicha, 2017-yil mart oyida 72-maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlaydigan rafiqasi Jamila Yo‘ldoshevaga 800 ming so‘m mukofot puli yozilgan, biroq bu pulni maktab direktori Dilorom Umarova va hisobchisi O‘tkir Berdiyev o‘zlashtirgan.
Bundan tashqari, Olim Muhammadiyevning aytishicha, direktor maktabda ishlamaydigan o‘g‘liga 3,3 million so‘m pulni noqonuniy to‘lab bergani uchun tuman prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi ochilgan. Tuman Moliya bo‘limi axborotiga ko‘ra, 1,71 million so‘m pul maktab o‘qituvchilarining arizasiga ko‘ra, qolgan 1,6 million so‘m esa direktorning maoshi hisobidan o‘tkazilgan.

 

72-maktab direktori Dilorom Umarova “Daryo” muxbiri bilan suhbatda ona sifatida o‘g‘liga pul o‘tkazib berishga haqli ekanini aytdi, biroq maktab o‘qituvchilari nima sababdan o‘z hisobidan pul berganini izohlamadi.

O‘z navbatida, u fuqaro Olim Muhammadiyevni tuhmatchilikda aybladi. “Olim Muhammadiyev bir necha yildan beri menga tuhmat qilib keladi. Ko‘p joylarga yozdi, tinchimni buzyapti. Ammo yozayotgan gaplari asosini topmayapti. Ishlashimga xalal beryapti”, — dedi direktor.

Tanish-bilishchilik?

Olim Muhammadiyevning rafiqasi Jamila Yo‘ldoshevaning so‘zlariga ko‘ra, 2019-yil avgust oyidagi dars taqsimotida direktorning o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari unga 20 soat dars bergan, ammo direktor “darsga men xo‘jayinman”, deb uning uch soat darsini tortib olgan.
 

“Aslida dars taqsimoti direktorning o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari tomonidan amalga oshiriladi. Direktor dars taqsimotiga aralashmasligi kerak”, — deydi Jamila Yo‘ldosheva. Uning eri Olim Muhammadiyev esa maktabda tanish-bilishchilik avjiga chiqqanini ta’kidladi.

“Direktorning kuyovi fizika o‘qituvchisi bo‘lsa-da, direktor unga 10 soat matematikani ham bergan. Fizika fani o‘qituvchisi qanday qilib matematikadan dars beradi?”, — deydi Olim Muhammadiyev. U biologiya fani o‘qituvchisi bo‘lgan rafiqasiga 16 soat dars berilmayotganidan norozi bo‘lgan.

Dilorom Umarova matematika mutaxassisi yo‘qligi uchun darsni fizik kuyoviga berganini tasdiqlagan. Jamila Yo‘ldoshevaga 16 soat biologiya darsini bermayotganini esa uning tashkilotlarga murojaat qilib yurgani bilan bog‘ladi va ataylab dars bermayotganini tan oldi.


Manba: "daryo.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Рейтинг: 0.0/0

MAVZUGA OID MA'LUMOTLAR

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя