Главная » 2021 » Сентябрь » 30 » Yangi ziddiyat xavfi: “Tolibon” va Tojikiston umumiy chegara tomon qo‘shin tortdi
19:48

Yangi ziddiyat xavfi: “Tolibon” va Tojikiston umumiy chegara tomon qo‘shin tortdi


Rasmiy Moskva Tojikiston va Afg‘oniston munosabatlarida keskinlik kuchayotganidan xavotirda. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vaziri Matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Tojikiston va Afg‘oniston umumiy chegaraga qo‘shin tortayotgani qayd etilgan. Rossiya Dushanbe va Qobulni vaziyatni hal qilishning o‘zaro maqbul variantlarini izlashga chaqirgan.

Joriy yilning 28 sentyabr kuni Britaniyaning “Financial Times” gazetasi Dushanbeni “Tolibon”ga qarshi kuchlarni qo‘llab-quvvatlashda ayblab, Tojikistonni toliblarga qarshi kuchlarning markazi, deb atagan edi. 

“Jahon hamjamiyati “Tolibon” bilan kelishishga harakat qilayotgan bir vaqtda, rasmiy Dushanbe Afg‘onistondagi yangi hukumatning ashaddiy tanqidchisiga aylanmoqda”, deya yozgan “Financial Times”. 

O‘z navbatida, “Tolibon” ham Tojikistonni Afg‘onistonning ichki ishlariga aralashishda ayblagan. Afg‘oniston Vazirlar mahkamasi raisi o‘rinbosari Abdul G‘ani Barodar Tojikiston mamlakatning har bir harakatiga qarshi reaksiya bildirayotganini qayd etgan.

“Tolibon” Tojikistonning Afg‘oniston ishlariga aralashmasligini istayotgan bo‘lsa, rasmiy Dushanbe toliblar tuzadigan hukumat tarkibida tojiklarning ham bo‘lishini istamoqda. Bunda aholisining asosiy qismi tojiklardan iborat bo‘lgan Afg‘onistonning Panjsher viloyati muhim rol o‘ynashi mumkin.

Mintaqa gegemonlari qanday pozitsiyada?

Shu o‘rinda Rossiyaning Tojikistonda 201-harbiy bazasi borligini eslab o‘tish kerak. Ushbu baza Rossiyaning chet elda joylashgan eng yirik harbiy ob’ektidir. Bundan tashqari, “Tolibon” Afg‘onistonda hokimiyatni egallash maqsadida harbiy harakatlarni kuchaytirgan vaqtda Rossiya ushbu bazasini har tomonlama modernizatsiya qildi. Bu esa toliblarning Tojikistonga hujum qilish ehtimollini keskin kamaytiradi. Qolaversa, toliblar bir qancha chiqishlarida Markaziy Osiyo davlatlariga xavf tug‘dirmasliklarini ma’lum qilgan.

Xitoy Afg‘onistonda hokimiyat tepasiga toliblar kelganidan beri ular bilan yaxshi munosabat o‘rnatishga harakat qilmoqda. “Tolibon” rasmiy vakili Zabihullo Mujohid iqtisodiy sohada Xitoyni Afg‘onistonning asosiy ittifoqchisi sifatida qayd etgan. Bu ham bejiz emas. Biroq, Tojikiston ham Xitoy bilan iqtisodiy va moliyaviy jihatdan bog‘liq. Xususan, Tojikistonning eng yirik kreditori ham aynan Xitoydir. Joriy yilning mart oyi holatiga ko‘ra, Tojikistonning Xitoydan qarzi 1,1 milliard dollarga teng. Ko‘rinib turibdiki, Xitoy ikkala tomondan ham manfaatdor. Agar ziddiyat chiqadigan bo‘lsa, Xitoy ikkisidan birini tanlashda murakkab vaziyatga tushishi mumkin. 

Shu o‘rinda, joriy yilning 17-18 sentyabr kunlari Shanxay hamkorlik tashkilotining Tojikiston poytaxti Dushanbeda bo‘lib o‘tgan sammitini yodga olish kerak. Gap shundaki, o‘sha sammitga Rossiya Prezidenti Vladimir Putin hamda Xitoy rahbari Si Szinpin kelmagan edi. Tojikistonlik siyosatshunoslar buni Putin, Si Szinpin va Imomali Rahmonning “Tolibon” bo‘yicha fikri bir joydan chiqmayotgani bilan bog‘lagan.


Manba: "xabar.uz"
Категория: Dunyo xabarlari | | Теги: qo‘shin, Tojikiston, Chegara, ziddiyat, Tolibon | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar

Copyright © Tarona.net Media 2014-2021 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя