Главная » 2020 » Март » 13 » Yevropa virus o‘chog‘iga aylandi, Rossiya YeI bilan aviaaloqani chekladi. So‘nggi ma'lumotlar
23:02

Yevropa virus o‘chog‘iga aylandi, Rossiya YeI bilan aviaaloqani chekladi. So‘nggi ma'lumotlar


Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Adxanom Gebreyyesus yangi COVID-19 koronavirusi pandemiyasi o‘chog‘i Yevropa davlatlariga ko‘chganini e'lon qildi.

Jyenevada o‘tkazilgan matbuot anjumanida u bundan buyon Yevropa davlatlarida boshqa davlatlardagiga qaraganda (Xitoy istisno) ko‘proq zararlanish holatlari va o‘lim holatlari kuzatilishi kutilayotganini qayd etgan.

Gebreysus ayni vaqtda JSST hisob-kitoblariga butun dunyo bo‘ylab virusdan zararlanganlar soni 130 mingdan oshib ketganini qayd etgan.

Boshqa ma'lumotlarga ko‘ra esa butun dunyo bo‘ylab koronavirus bilan kasallanganlar soni 140 ming kishidan oshib ketdi. Ulardan 70 mingdan ortig‘i davolanishga muvaffaq bo‘ldi, 5123 nafari vafot etgan. 

Virusning eng yirik o‘choqlari Xitoy (81 ming holat, 2177 o‘lim), Italiya (15,1 ming holat, 1016 o‘lim), Eron (11,3 ming holat, 514 o‘lim), Janubiy Koreya (7,9 ming holat, 71 o‘lim) bo‘lib qolmoqda.

Shuningdek, Ispaniya (4334 holat, 122 o‘lim), Germaniya (3481 holat, 8 o‘lim), Fransiya (2876 holat, 51 o‘lim), AQSh (1840 holat, 41 o‘lim) va Shveytsariya (1137 holat va 9 o‘lim) davlatlarida ham virus tarqalishi tezlashmoqda.

Ukraina tashqi dunyodan yopilmoqda

48 soatdan keyin Ukraina barcha xorijliklar uchun mamlakat hududiga kirishni taqiqlaydi.

Ukraina milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Aleksey Danilovning ma'lum qilishicha, bunday taqiq ikki haftaga joriy etilgan. Ikki haftadan keyin muddat uzaytirilishi ham mumkin.

«Mamlakatimizda koronavirus bo‘yicha hech qanday yomon holat ro‘y bergani yo‘q», - degan u va ukrainlarni vahimaga tushmaslikka chaqirgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, xorij davlatlarida bo‘lgan Ukraina fuqarolari vatanga qaytishlari mumkin, ammo «koronavirus avj olgan» mamlakatlardan keluvchilar jiddiy tekshiruvdan o‘tkaziladi. U ukrainlarni xorijga safar qilishdan tiyilib turishga, shuningdek, mamlakat bo‘ylab harakatlanishni ham kamaytirishga chaqirgan.

Aleksey Danilov o‘tkazayotgan brifing vaqtida mamlakatda koronavirusning ilk qurboni qayd etildi. Jitomir oblastida 71 yoshli ayol vafot etdi, u yaqinda Polshadan qaytgandi. U Ukrainada juma kuni holatiga ko‘ra, koronavirus tashxisi qo‘yilgan uch kishidan biri edi.

Chorshanba kuni Ukrainaning butun hududida 3 haftalik karantin joriy etilgandi - bu 3 aprelga qadar davom etadi.

Mamlakat hududidagi barcha ta'lim muassasalari yopilgan - bog‘chalardan tortib oliy ta'lim muassasalarigacha. Shuningdek, ommaviy tadbirlar o‘tkazish bekor qilingan.

Bundan tashqari, ukrain hukumati chegaralardagi o‘tkazish punktlarining katta qismini yopgan, Italiya bilan aviaqatnovlar bekor qilingan.

Rossiyada yangi bemorlar va YeI bilan aviaqatnovlar cheklanishi

Rossiyada 13 mart kuni yana 11 kishida Covid-19 koronavirus infeksiyasidan zararlanish holati qayd etildi va bemorlarning jami soni 34 nafardan 45 nafarga yetdi.

Moskvada yana 5ta yangi holat, Peterburgda 3, Moskva va Leningrad oblastlarida, shuningdek, Perm o‘lkasida bittadan holat qayd etilgan.

Bemorlarning aksari so‘nggi kunlarda virus avj olgan mamlakatlardan - Italiya, Fransiya va Avstriyadan Rossiyaga kelishgan. Bir kishi virusni Rossiyaning o‘zida boshqa bemordan yuqtirgan. Bundan avvalgi holatlarning barchasi Xitoy va Italiya bilan bog‘liq edi.

«Bemorlar Rossiya Federatsiyasi hududida aloqada bo‘lgan odamlar guruhi aniqlandi. Ular tibbiy kuzatuv ostida bo‘lib turishibdi. Laboratoriya tekshiruvlari o‘tkaziladi», deyiladi maxsus shtab ma'lumotida.

12 mart kuni Rossiyada oltita yangi holat aniqlangandi - to‘rt holat Moskvada, Kaliningrad va Krasnodar o‘lkasida bittadan. Zararlanganlarning uch nafari Moskvaga Italiyadan kelgan. Endilikda poytaxt Moskvada virusdan zararlanganlar soni 24 nafarni tashkil qilmoqda.

Peterburgda yangi koronavirusdan zararlanishning 5 holati qayd etilgan. «Ulardan biri - o‘n yoshli bola. Ularning barchasi xorijdan kelishgan», - degan gubernator Aleksandr Beglov jurnalistlarga.

Juma kuni Beglov o‘z farmoni bilan Peterburgda «yuqori shaylik holati» e'lon qildi. Bunday rejim bir hafta muqaddam Moskvada joriy etilgandi, 12 mart kunidan esa Moskva viloyatida ham shunday rejim kuchga kirdi.

Hozirga qadar Rossiya hududida virus yuqtirgani qayd etilgan bemorlarning uch nafari sog‘ayib ketgan. Bularning ikki nafari Xitoy fuqarolari, ularga fevral oyidayoq javob berilgandi, yana bir moskvalik mart oyi boshida shifoxonadan chiqdi.

Moskvada ayni vaqtda xorijdan qaytgan 13 mingdan ortiq kishi bor, ular mer Sergey Sobyaninning qarori bilan joriy etilgan rejim bo‘yicha o‘z yashash joylarida ihotalangan holda yashashmoqda. Poytaxt shahar vitse-meri Anastasiya Rakovaning ma'lum qilishicha, 5 mingdan ortiq kishi kasallik ta'tili olish to‘g‘risida murojaat qilgan.

Rossiya 16 mart kunidan Yevropa Ittifoqi davlatlari, shuningdek, Shveytsariya va Norvegiya bilan aviaqatnovlarni cheklaydi. Faqat poytaxtga 4ta doimiy reyslar va charter reyslar saqlab qolinadi.

Charter reyslarda YeI hududiga faqat ushbu hududdagi davlatlar va boshqa davlatlar fuqarolari uchishi mumkin, Rossiyaga esa faqat rossiyaliklar qaytadi.

Qolgan barcha reyslar Moskvadagi Sheremetevo aeroportining F terminaliga o‘tkaziladi.

Rossiya bungacha faqat Italiya bilan aviaaloqani cheklagan, Rimga faqat «Aeroflot» samolyotlari uchadigan bo‘lgandi.

Qozog‘istondagi vaziyat

Bugun O‘zbekistonga qo‘shni Qozog‘istonga ham koronavirus kirib kelgani rasman e'lon qilindi.

«Afsuski, qayta tekshirilgan bugungi ma'lumot shundan dalolat bermoqdaki, koronavirus testi natijasi ijobiy bo‘lgan. Bu Germaniyadan kelgan bemorlarda topildi»,  dedi mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri Yeljan Birtanov. 

Keyinroq Italiyaning Milan shahridan qaytgan ayolda ham koronavirus borligi tasdiqlandi. Shuningdek, ayni vaqtda Germaniyada bo‘lib turgan qozog‘istonlik diplomatning otasida koronavirus aniqlangan.

Ayni vaqtda Germaniya va Italiyadan kelgan bemorlar bilan birga uchgan boshqa yo‘lovchilar ham tekshirilmoqda. Reyslardan birining yo‘lovchilari to‘liq karantinga joylashtirilgan.

Qozog‘iston hududida koronavirusga chalingan shaxslar bilan aloqada bo‘lganlarni qidirib topish chora-tadbirlari ko‘rilmoqda.

Vazir koronavirus infeksiyasi tarqalishi haqidagi ma'lumotni yashirgan shaxslar uchun jinoiy javobgarlik ko‘zda tutilganini eslatib o‘tgan.

«Biz barchamiz to‘g‘ri tushunishimiz kerak: bu yuqadigan kasallik, hayot uchun xavfli. Afsuski, juda tez tarqaladi. Ammo bu barchani o‘ldiradigan kasallik emas! Oddiy infeksion kasallik. Shuning uchun uyga yashirinib olib, qo‘rqib o‘tirishga hojat yo‘q. Xavfsizlik choralarini ko‘rish, gigiyenaga amal qilish kerak. Bizda uy holatida karantin qoidalarni buzganlik uchun jarimalar bor - 5 EKIH, bu 13 ming tengedan ko‘proq», degan Birtanov. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, karantin qoidalarini buzgan va koronavirus haqidagi ma'lumotlarni  yashirgan qozog‘istonliklarni jinoiy javobgarlik va qamoq kutadi. 

«Vakolatli organlar xodimlariga qarshilik ko‘rsatgan holda karantin qoidalarini buzganlarga qo‘shimcha ma'muriy choralar ko‘riladi. Hibsga olish ham mumkin. Agar boshqa odamlarga virus yuqtirgan bemor o‘z kasalligini yashirgan bo‘lsa, qonunchilikka ko‘ra jinoiy ish qo‘zg‘atiladi, jinoiy javobgarlik kelib chiqadi», - degan vazir.

Britaniyada yangi choralar

Buyuk Britaniya hukumati koronavirusga qarshi yangi choralar kuchga kirdi. Mamlakat bosh vaziri Boris Jonson Britaniyada kasallikka qarshi kurash keyingi bosqichga o‘tgani haqida ma'lum qildi.

Virusni ushlab turish bosqichi yakunlangan, ekspertlar virus keng tarqalib, aholining katta qismini qamrab olishi ehtimolini tan olishgan.

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, Britaniyada kasallikni yuqtirib olishning 798 holati qayd etilgan, 10 kishi virus qurboni bo‘lgan. Mamlakatda 30 mingdan ortiq kishi koronavirusni aniqlash bo‘yicha test topshirgan.

Mutaxassislar va hukumat a'zolari rasmiy raqamlar - aysbergning uchigina bo‘lishi mumkinligini tasdiqlashmoqda. Boshqa davlatlarda bo‘lgani kabi, bemorlarning ko‘pchiligi yengil simptomlarni boshdan kechirayotgani tufayli shifoxonaga bormasdan, virusni oyoqda yurib o‘tkazayotgan bo‘lishlari mumkin. Ammo ular infeksiya tashuvchi bo‘lishmoqda.

Shu tufayli, Britaniyada virusdan zararlanganlarning haqiqiy soni 5-10 ming atrofida bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda. Ekspertlarning qayd etishicha, ayni vaqtda mamlakatdagi holat Italiyadagi to‘rt hafta oldingi holat kabidir (Apennin yarimorolida virusdan halok bo‘lganlar soni mingdan oshib ketdi).

«Bu bizning avlodimizning sog‘liqni saqlash sohasidagi eng og‘ir damlaridir», - dedi Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson yaqin oylar ichida virus dunyoda va Britaniyada tarqalishda davom etishini qayd etib.

«Bu epidemiya yakunlangunicha ko‘plab oilalar o‘zlarining sevimli insonlaridan ayriladilar», - deya qo‘shimcha qilgan hukumat rahbari.

Kasallikning yengil belgilari kuzatilayotgan fuqarolarga ham kamida 7 kun davomida ihotalanish tavsiya etilmoqda. Yoshi katta odamlarga yaqin haftalar mobaynida ko‘chaga chiqmaslik tavsiya etilgan.

Maktablar hozircha yopilmagan, ammo vaziyatga qarab bunday chora ham ko‘rilishi mumkin. Maktablar uchun xorijlarga safarlar uyushtirish taqiqlangan. Surunkali kasalligi bor fuqarolardan ham safarlarga chiqmaslik so‘ralmoqda.

Italiyadagi vaziyat
Italiyada koronavirus 1016 kishini hayotdan olib ketdi - so‘nggi bir kun ichida 188 kishi virus tufayli olamdan o‘tgan. Virus tarqalishni boshlaganidan buyon mamlakatda jami 15 113 kishida virus qayd etilgan.

Mamlakat Tashqi ishlar vaziri Luidji Di Mayo Italiya epidemiyani yengib o‘tadigan Yevropadagi ilk davlat bo‘lishiga umid bildirgan. 

«Italiya virus keng tarqalgan Yevropadagi ilk davlat bo‘ldi. Ammo men umid qilamanki, bu Italiya virusni birinchi bo‘lib yengishini ham anglatadi», degan u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qo‘llangan choralar, xususan, «qizil hududlar»ni belgilab olish va virus ilk bor tarqalgan shaharlarni yopib qo‘yish natija bergan.

Mamlakat shimolida favqulodda holat joriy etilganidan ikki hafta muddat o‘tib, bu yerlarda yangi holatlar qayd etilmayapti.

Ayni vaqtda bu davlatga xitoylik mutaxassislar guruhi ham yordamga yetib kelgan.


Manba: "kun.uz"
Категория: Dunyo xabarlari | | Рейтинг: 0.0/0

MAVZUGA OID MA'LUMOTLAR

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя