Главная » 2017 » Январь » 12 » Yigitga sovchi keldi...
17:36

Yigitga sovchi keldi...


Kecha uydagilar narigi “do‘m”da turuvchi Manzuralarnikiga sovchilikka borishdi. Noz qilib, sovchilarimni qaytaribdi. Nima emish, chet ellik yigitga tegarmish. O‘rgildim nozingizdan.  Aytishlaricha, Hindistonda bo‘lajak kuyovning uyiga sovchi kelarkan. G‘alati-ya! Tasavvur qiling, bizda ham shu an’ana urfga kirsa. Yigit o‘qishga ketgan. Ota-onasi uyda o‘tirishibdi. Bir payt eshik qo‘ng‘irog‘i jiringlaydi. Ochishsa, qo‘lida tog‘ora ushlagan erkaklar.

— Kelinglar, mehmonlar, xush kelibsiz.

— Xush vaqt bo‘ling, oka.

Mehmonlarni mehmonxonaga uyning xo‘jayini boshlab kiradi. Mehmonlar o‘tirgach, ularga choy uzatiladi. U yoqdan-bu yoqdan gap bo‘ladi, futbol haqida gaplashishadi, keyin sovchi bo‘lmishlar gap boshlashadi:

— Shoqosim aka, uyingizga bir yumush bilan keldik.

— Xo‘sh, — Shoqosim aka garchi hamma gapni sezib turgan bo‘lsa-da, an’anaga sodiq qoladi.

— Shu desangiz, ostonangizga qulchilikka keldik.

— Yo‘g‘-ey, qul kerakmas, hamma ishni xotinimning o‘zi uddalayapti.

— Oka, siz bizni tushunmadingiz, uyingizda bir bulbul bor ekan, bizda esa g‘uncha. Keling, bulbulingizni g‘unchamizga qo‘ndiraylik.

Shoqosim aka o‘g‘liga birinchi bor sovchi kelgani bois “sovsem” tushunmaydi:

— «Mazgi»ga o‘ynamang, mehmon, kim aytdi menda bulbul borligini, ikkita bedanam bor, xolos. Lekin unga gul ham, g‘uncha ham, tikan ham kerakmas. Hamma narsani muhayyo qilib qo‘yganman.

Sovchilar:

— «Karoche», gap bundoq, oka, institutda o‘qiydigan Mamarayim degan o‘g‘lingiz bor ekan, qizimiz Sayyoraning ko‘ngli shunga tushib qolibdi. Agar rozi bo‘lsangiz, shu o‘g‘lingizni qizimizga so‘rab kelgandik.

Shoqosim aka:

— Ha, qog‘ozga o‘ramay “pryamoy” aytmaysizmi? Rahmat kelganlaringiz uchun, lekin o‘g‘limiz hali yosh, endigina o‘ttizga kirdi. Uning ustiga o‘g‘lim nima derkan?

Shu payt Mamarayim ham o‘qishdan qaytadi. Onasini ko‘rib, “Ena, kim keldi, nima sasiyapti, ha, tuflilarmi, kimning tuflilari bu?” deydi aftini bujmaytirib.

Onasi:

— Senga sovchi kelibdi.

Mamarayim uyalib yerga qaraydi.

Onasi:

— Tovuq fermada ishlaydigan Sayyora senga sovchi yuboribdi.

— Ey, qo‘ying-ey.

— Ertaga uchrashuvga chiqasan, seni “Spark”ida kelib olib ketar ekan.

— Chiqmayman, boring-ey.

— Nima deysan, rozimisan?

— Mayli, sizlar nima desalaring shu.

G‘alati bo‘larkan-a? Qizlarim noz qilsa ham, o‘zimizning urf-odatlardan qo‘ymasin. Men ham ko‘chada qolmasman, tengim chiqib qolar.

Sunnatillo


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Ibratli hikoyalar | | Теги: keldi, Sovchi, Yigit | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя