Главная » 2018 » Апрель » 30 » «Yo bizni, yo eringni tanla». Qiz ota-onaning so‘zini ikki qilishi mumkinmi?
20:08

«Yo bizni, yo eringni tanla». Qiz ota-onaning so‘zini ikki qilishi mumkinmi?


— Ota yoki ona qiziga «Yo bizni, yo eringni tanla» deyapti. Ayol oilasini saqlab qolish uchun ota-onaning gapiga kirmasligi mumkinmi?

— Bizning shariatda har inson yaxshilikka buyurilgan. Begonalar u yoqda tursin, buyuruvchi kishi ota-ona yoxud ustoz bo‘lsa ham, modomiki yomonlikka chorlasa, quloq solmaslikka, noshar’iy ishlarni buyurishsa, bajarmaslikka haqli. Aytiladiki, Xoliqqa, ya’ni Allohga ma’siyat (gunoh) bo‘ladigan ishda maxluqqa (yaratilmish kimsalarga, odamlarga) itoat yo‘qdir.

Bizda hamisha oila muqaddas sanalgan, qanday qilib bo‘lmasin, uni mustahkamlashga, buzilish xavfi bo‘lganda saqlab qolishga targ‘ib qilingan. Yuqoridagi holatda, qanchalik achchiq bo‘lmasin, ota yoki ona farzandni gunoh ishga chorlayapti va bu talabni bajarmaslikda gunoh yo‘q.

Keling, shu o‘rinda men xalqimizga xos odatlardan birini aytib o‘tay.

Ayrim oilalarda kelinni o‘g‘il uchun emas, qaynona va qaynota uchun olishadi. Kelinmisan, bizning barcha xizmatimizni qilishing shart, degan bema’ni talab qo‘yiladi. «Biz» deganda qaynona bilan qaynota nazarda tutilsa, koshkiydi! Kuyov bo‘lmishning barcha qarindosh-urug‘i o‘sha kelinga xizmatini qildirish payida. Vaholanki, kelin hech qachon majburlanmasligi kerak. Hatto, farzand kutayotgan, jismoniy va ruhiy jihatdan toliqqan, ming bir azobni boshidan kechirayotgan kelinlarga ham og‘ir ish buyuradiganlar bor.

Ko‘p kelinlarning qo‘lidan supurgi tushmaydi, hatto, kuyovi bilan tuzukroq salomlasholmaydi. Holbuki, shariatimizda ayol kishi erining ishdan kelishidan bir soat oldin yaxshilab pardoz-andoz qilishga chaqiriladi.

Xayriyatki, yoshlarni tushunadigan, ilmli, insofli ota-onalarimiz, qaynota-qaynonalarimiz ham juda ko‘p. Shunday insonlar borligi tufayli ham xalqimizda qiz bolaga: «Borgan joyingda eringni, uning ota-onasini, aka-uka, opa-singillarini hurmat qil» deya tarbiya beriladi. Hurmat-ehtirom ko‘rsatish juda yaxshi, kelinlar o‘zlari tushgan xonadon xizmatini qilishlari ham yaxshi, savobli ish, faqat bunda ham me’yor, mezonlar borligini unutmasligimiz joiz.

 

Savolga O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining o‘rinbosari, shayx Abdulaziz Mansur javob berdi.

 


Категория: Ibratli hikoyalar | | Теги: so‘zini, mumkinmi, Ota-ona, Qiz, yo eringni tanla, «Yo bizni, ikki qilishi | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя