Главная » 2020 » Октябрь » 29 » Yodgor Sa’diyev yangi lavozimga tayinlandi
15:58

Yodgor Sa’diyev yangi lavozimga tayinlandi


O‘zbekiston xalq artisti Yodgor Sa’diyev O‘zbek milliy akademik drama teatri direktori etib tayinlandi. Bu haqda QALAMPIR.UZ manbasi xabar bermoqda. 

Ayni vaqtda teatr jamoasi bilan yig‘ilish o‘tkazilmoqda. Unda ishtirok etayotgan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri – O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov Yodgor Sa’diyevni O‘zbek Milliy akademik drama teatri direktori lavozimiga tayinlanganini e’lon qilgan. 

Eslatib o‘tamiz, 2015 yildan buyon teatr direktori lavozimida ishlab kelayotgan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Fathulla Ma’sudov joriy yilning 30 avgust kuni koronavirus sabab vafot etgan edi. 

Ma’lumot o‘rnida, Yodgor Sa’diyev 1946 yilda Toshkentda tavallud topgan. 

1971 yilda sobiq Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutini tugatgan. 1968 yildan hozirgi O‘zbek Milliy akademik drama teatri, shuningdek, 1998 yildan “Qalqon” studiyasining badiiy rahbari bo‘lib ishlab kelayotgan edi. 

Sa’diyev ijodi ijtimoiy, falsafiy va g‘oyaviy mazmun ila yo‘g‘rilgan bo‘lib, qahramonlar xususiyatini, ijtimoiy muhit bilan munosabatlarini, ichki dunyosi va kechinmalarini psixologik o‘tkir tarzda talqin etishi bilan ajralib turadi. Qahramonga dramatik xatti-harakat, ohang, imo-ishora topa olishi, uning ichki va tashqi tomonini uyg‘unlashtira olishi bilan diqqatga sazovor. 

“Mirzo Ulug‘bek” spektaklidagi Fransiya elchisi sahnadagi ilk obrazidir. Karl Morr (“Qaroqchilar”), Kochkarev (“Uylanish”), ertakchi (“Qor malikasi”), G‘ofur (“Boy ila xizmatchi”), Prometey (“Olovni tashlama, Prometey”), Kichik o‘g‘il (“G‘ariblar”), Bobur (“Yulduzli tunlar”),  Klimkov (“Ro‘yxatlarda yo‘q”),  Arslon (“Oyna”), Abdurahmon (“Mehrobdan chayon”), Filipp (“Ro‘yo”), Abror Hidoyatov (“Tomosha davom etadi”) kabi rollari bilan mashhur. 

Sa’diyev kinoda “Dilbarim”da Abdusalom, “O‘n uch terak ko‘chasi”da Olimjon, “Armon”da Dadabo‘ri, “Yengilmas”da Shayx Ja’far, 20 qismli “Shaytanat”da Asadbek roli bilan shuxrat qozongan. 

“Shaytanat”ning 7-dan 20-qismigacha Sa’diyev rejissyorlik ham qilgan. 


Manba: "qalampir.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: tayinlandi, Yodgor Sa’diyev, Yangi, lavozimga | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя