Главная » 2016 » Ноябрь » 21 » «Yor-yor»lardan mosuvo qizlar taqdiri
10:25

«Yor-yor»lardan mosuvo qizlar taqdiri


Vazifam yuzasidan tahririyatga bo‘ladigan aksariyat qo‘ng‘iroqlarga men javob beraman. Murojaat qiluvchilar orasida yoshgina qizlar ham bor. Afsuski, ularning aksariyati oilali erkaklarni sevib qolgani, nikohsiz turmush qurgani, endi esa qaysi devorga boshini urishni bilmay o‘tirgani haqida hasrat qilib qolishadi. Ayrimlari esa o‘zini aldangan, adashgan qiz sanashadi. Bu gal shunday qizlarga dars bo‘lishi uchun surxondaryolik muxlisamizning murojaatini havola etmoqdamiz...

«Uyimiz ro‘parasida to‘yxona bor. «Yor-yor» sadolari eshitilib turadi. Har gal nikoh to‘yi boshlanganda derazadan mo‘ralab, baxtli kelin-kuyovlarni kuzataman. Beixtiyor ko‘zlarimga alam yoshlari quyiladi... Ichimda tug‘yon urayotgan tuyg‘ularning havasmi yoki hasadligini anglolmayman. Bilganim shuki, ular menga azob beradi...

Aslida hammasiga o‘zim aybdorman!.. O‘ylab qadam tashlaganimda, shu baxtli kelinchaklar qatorida men ham bo‘larmidim?.. Bema’ni istaklarimning qurboniga aylanmaganimda, oppoq kelinlik libosi menga ham nasib qilarmidi?.. Birovning baxtiga chang solmaganimda, bugun alam yuragimni nimta-nimta qilmasmidi?.. Afsuski, tuzatib bo‘lmas xatoga yo‘l qo‘yganimni endi anglayapman. Vaqtni ortga qaytarib bo‘lmaganidek, yo‘qotgan nomusimni, ota-onamning to‘kilgan obro‘-e’tiborini ham tiklolmayman…

O‘ziga to‘q oilada katta bo‘lganman. Otam katta bir tashkilotda hisobchi bo‘lib ishlardi. Onam ham bank xodimasi edi. Ota-onam juda qattiqqo‘l bo‘lib, ularga hech qachon yuragimizdagilarni to‘kib sololmasdik. Otam ishdan kelishi bilan xonalarimizga kirib ketardik. Katta, dabdabali hovlimiz bor, yeyish-ichishimiz ham yaxshi edi, ammo doim onamdan, opalarimdan qolgan eski-tuski kiyimlarni kiyib yurardik. Onamning o‘zi esa eng so‘nggi urfda kiyinardi. Balki ular bizni pulning, mehnatning qadriga yetsin deb shunday yo‘l tutishgandir. Bolaligimizga borib buni tushunmagandirmiz. Ammo bir gal bu menga juda qattiq alam qilgan. Sinfdoshlarimiz bilan betob yotgan o‘qituvchimizning holidan xabar olgani uyiga bordik. Hamma oyoq kiyimlarini yechib, o‘qituvchimiznikiga kirdi. Men atay orqada qoldim. Chunki etigimdan suv o‘tayotgandi. Shundoq etigimni yechib, qarasam, yirtilib ketib, ichi qorga to‘libdi. Oyog‘im jiqqa ho‘l. O‘qituvchimizning uyiga kirishni ham, kirmaslikni ham bilmay qoldim. «Maftuna, kir, uyalma», deb qistovga olishgach, noiloj qadam bosdim. Shunda hamma uyga kirmayotganimning sababini bilib qoldi. Uyalganimdan chekkada indamay o‘tirdim. Keyin uyga qaytguncha oyog‘imning muzlayotganidan emas, sinfdoshlarim oldida mulzam bo‘lganimdan yig‘lab keldim. Kela solib onamga achchiq qildim. «Shuncha pulimiz bo‘la turib, nega bizga yangi narsa olib bermaysizlar?» deb qattiq gapirdim. Onam «Biz pulni o‘ynab topayotganimiz yo‘q! Yangi narsa kiyib, kimga yoqmoqchisan?» deb urishib berdi. O‘shanda bitiruvchi sinfda o‘qirdim. Sinfdoshlarimiz bilan biror tadbirimiz bo‘lsa ham yo qatnasha olmasdim yoki ukalarim bilan birga borardim. Otam «O‘qishga kirishing kerak!» deb ko‘p narsaga ruxsat bermasdi. Shu yili omadim kelib, poytaxtga o‘qishga kirdim. Endi erkin qushga aylangandim. Istagan libosimni olib kiyishim, xohlagan joyimga borishim mumkin edi. To‘g‘risi, bu erkinlik qarshisida dovdirib ham qoldim. Ammo ota-onam pulni hisob-kitob bilan berishardi. Uchinchi bosqichda o‘qiyotganimda sinfdoshimiz tug‘ilgan kunini nishonladi. Akmal aka bilan o‘shanda tanishib qolgandim. Kelishgan, xushmuomala bu inson orzumdagi shahzoda edi go‘yo. Ziyofat davomida uning ham nigohlari bir zum mendan uzilmadi. Ha, o‘zining aytishicha, u bir ko‘rishdayoq meni sevib qolgandi. Haqiqiy oshiqqa aylangandi. Men uchun jonini ham, molini ham ayamasdi. Badavlat oilaning farzandi bo‘lgani va meni jonidan ortiq ko‘rgani uchun ham barcha istaklarimni so‘zsiz ado etardi. O‘zimni malikaga aylanib qolgandek sezardim. Uyida har doim siquv ostida yashagan, atrofidagi dugonalarining kiyinishiyu erkin yashashiga hasad bilan qaragan menday bir qiz uchun bu insonni uchratish katta omad edi. Biz muhabbatdan sarmast edik. Atrofimdagilarning «ko‘zingni och» degan gaplari qulog‘imga kirmasdi. Ko‘zlarim esa sevgidan ham ko‘proq, Akmal akaning menga yaratib berayotgan imkoniyatlaridan, qimmatbaho sovg‘alaridan ko‘r bo‘lgandi. Agar ular so‘qir bo‘lmaganida, bu insoning o‘z oilasi, bolalari borligini ko‘rardi…

Akmal aka mendan sakkiz yosh katta. Maktabni tugatgani zahoti ota-onasining xohishi bilan ular tanlagan qizga uylangan ekan. O‘shanda poytaxtda magistraturada o‘qirdi. Xotini qishloqda qaynota-qaynonasining xizmatini qilar, har zamonda bir poytaxtga kelib, yashab ketardi. Biz asli bir tumandan bo‘lsak-da, poytaxtda tanishgandik. Atrofimdagilar Akmal akani tinch qo‘yishimni, rafiqasi juda yaxshi ayol ekanligini ko‘p bor ta’kidlashdi. Ammo menga hech qanday maslahat kor qilmasdi. O‘zimcha «haqiqiy muhabbatimni topdim» deb yurardim. Bu dunyoda meni yaxshi ko‘radigan, men uchun hamma narsadan voz kechishga tayyor insonni uchratgandim. «Oilali bo‘lsa, nima qilibdi? Muhabbat — qalb amri, unga qarshi borolmaymiz. Akmal aka ayoli bilan ajrashsa-da, bolalari ko‘chada qolib ketmaydi. Har doim ularni ta’minlab tura oladi», deb o‘zimni ovutardim. O‘shanda ertani o‘ylamagan ekanman. Ko‘zlarimni kattaroq ochib, haqiqatga tik boqqanimda, hissiyotlarga berilmaganimda, bugun bu ko‘yga tushib o‘tirmasdim…

Eng yaqin dugonalarim ham mendan yuz o‘girdi. Keyin Akmal aka o‘zim uchun alohida ijara uy topib berdi. Homilador bo‘lib qolganimni bilgach esa farzandimdan voz kechishimni istadi. Men ham «Hali bola-chaqali bo‘lishga ulguramiz, o‘qishni tugatib olay...» dedim-u, homilamni oldirib tashladim. Shu tarzda gunohimizning mevasini yana bir gunoh bilan yashirmoqchi bo‘ldik. Talabaligimning so‘nggi ikki yili shu tarzda o‘tdi. O‘qishni tugatmasimdan oldinroq Akmal aka viloyatimizga qaytdi. Men ham diplomimni olib, hech nima bo‘lmagandek uyga qaytdim. Onam meni uzatish taraddudiga tushgandi. Sovchi qo‘ygan yigitlar bilan uchrashuvga chiqishga majburlashardi. Har gal goh uni, goh buni bahona qilib, kuyovlikka nomzodlarni rad etardim. Akmal aka esa tez orada xotini bilan ajrashib, menga uylanishni va’da berayotgandi. Ammo uning oilasi hamma gapdan xabar topgach, qiyomat qopdi. Onasi ishxonaga janjal qilib keldi. Ishda yangi xodimmasmanmi, hamma mendan bunday razillikni kutmagan emasmi, hayratda qolishdi. Onasi meni yer bilan bitta qilgach, «Sen qizga gap kor qilmaydi shekilli. Ota-onangga borib, hamma gapni aytib beraman. Qizlaringizni yig‘ishtirib olinglar, deyman! Kelinimni senga xor qildirib, yig‘latib qo‘ymayman!» deb, uyimizga borishini aytdi. Yuragim qinidan chiqib ketganday bo‘ldi. «Axir otam meni o‘ldirib qo‘yadi-ku» degan o‘ydan qo‘rqib, Akmal akaga qo‘ng‘iroq qildim. U kishi ham tang ahvolda qolgandi. Sir oshkor bo‘lsa, endigina joylashgan ishidan ayrilib qolishi mumkin. «Nima bo‘lsa bo‘lar» dedig-u o‘sha kuni Akmal akaning mashinasida qochib ketdik. Bir hafta o‘tib, qaytdik. Kelib, qishloqda duv-duv gap bo‘lganimizni, meni ishdan haydashganini, otam esa oq qilganini bildim. Shunda ham ko‘r ko‘zlarim ochilmadi. Go‘yoki muhabbatim uchun kurashayotgandik edim. «Axir biz bir-birimizni sevamiz! Muhimi shu!» deb o‘ylardim. Akmal aka mening gapimga kirib, xotinini ikki bolasi bilan ko‘chaga haydab soldi. Bechora ayol yig‘lagancha uyini tark etdi. Biz esa uyni sotdig-u, viloyat markazidan hovli olib, birga yashay boshladik. Uyga bir-ikki bor qo‘ng‘iroq qildim. Ammo ovozimni eshitishlari bilan go‘shakni qo‘yib qo‘yishardi. Yaqinda singlimni uzatishdi, meni to‘yga aytishmadi ham. Otam «Agar ostonamga qadam bossa, o‘ldiraman!» debdi. Bilaman, endi meni kechirishlari amri mahol. Shundagina bu «muhabbatim» nafaqat or-nomusimdan, balki yaqinlarimdan ham ayirganini tushunib etdim. Akmal akaning ota-onasi ham meni tan olishmagan. Xotini bilan qonunan ajrashishlariga ruxsat berishmayapti. Yaqinda o‘g‘il farzandli bo‘ldik. Homiladorligim ham, tug‘ruq jarayoni ham juda og‘ir kechdi. Ammo dardimga sherik bo‘ladigan, ahvolim bilan qiziqadigan hech kimim yo‘q. Bolamni bag‘rimga bosib, tug‘ruqxonadan ham so‘ppayib bir o‘zim chiqdim. Akmal akam esa kun bo‘yi ishda. Ko‘pincha ota-onasidan xabar olgani qishloqqa ketadi. Bilaman, farzandlarini ko‘rib keladi. Turmushim omonatga o‘xshaydi. Agar buni turmush deb bo‘lsa…

Bir kuni Akmal aka meni ham ko‘chaga haydab, xotini bilan yarashib oladigandek tuyuladi. Na biror dugonam bilan, na qarindoshim bilan gaplashaman. Hamma mendan yuz o‘girgan. To‘rt devor ichida gunohimning jabrini tortib o‘tiribman. Tengqurlarimning barchasi baxtli. Men esa baxt deb o‘ylaganimni birovga ko‘z-ko‘z ham qilolmayman… Oilaviy sharoitimiz bilan qiziqadigan qo‘shnilarimga nima deb javob berishni bilmay qolaman. Sezib turaman, ular hamma gapdan xabardor. Meni ko‘rsa, pichir-pichir qilishlari, nafrat ko‘zi bilan qarashlaridan bilaman buni. Eng qiyini esa endi ortga yo‘l yo‘q! O‘z hayotimni o‘zim barbod qilganman… Yigirma ikki yoshimda birovning oilasini barbod qilib, yuzi qora bo‘lganman...»

«Qiz bolaning o‘zi ham, ko‘ngli ham guldek nozik bo‘ladi», deyishadi. Gul qizlar, ostona hatlab ko‘chaga chiqayotganingizda egningizdagi libosingizu qoshu ko‘zingizga e’tibor berish bilan birga yelkangizda o‘zingizning, oilangizning, ota-onangizning obro‘-e’tiborini, nomusini ham olib chiqib ketayotgangizni unutmang! Aldamchi hissiyotlarga berilib, guldek umringizni kulga aylantirmang! Siz shahzodalarga munosibsiz! Ota-onangiz baxt qasrining bekasi bo‘lishingizni niyat qilib o‘stirayapti sizni! Birovning baxtiga sherik bo‘lish aslo yarashmaydi sizga! Chiroyli kelin bo‘lib, «Yor-yor» sadolari ostida ota-onangizning duosini olib, ota uyingizni tark etishingiz baxtli kelajagingiz kalitidir! Har biringizga shu baxt kalitlari nasib etsin!


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Mutoala sahifa | | Теги: Qizlar, qizlar taqdiri, mosuvo, Yor-Yor | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя