Главная » 2016 » Октябрь » 24 » Yulduzlar o‘rtasida bir libos mashmashasi yoxud kutilmagan vaziyatlardan qanday chiqasiz?
12:59

Yulduzlar o‘rtasida bir libos mashmashasi yoxud kutilmagan vaziyatlardan qanday chiqasiz?


Deylik, biror tadbirga otlanayapsiz. Aksiga olib, dizayner mo‘ljallagan libosingizni ko‘nglingizdagidek tayyorlamagan. Tantana boshlanishiga esa atigi 1 soatgina vaqt qolgan. Xo‘sh, qanday yo‘l tutasiz?  

Ushbu savolga san’atkor ayollarimizdan javob olib, ularning kutilmagan vaziyatlarda qanday yo‘l tutishlarini ruhshunos Shahnoza XALILOVA bilan tahlil qilamiz. 

«Do‘konga chopaman»
Dildora NIYoZOVA, xonanda: — Albatta, oyog‘imni qo‘lga olib, eng yaqin liboslar do‘koniga chopaman. Shu yo‘l bilan vaziyatdan chiqib ketishga harakat qilaman. Aytilgan joyga bormaslik mening odatlarimga to‘g‘ri kelmaydi, axir.

Ruhshunos fikri: — Og‘ir, vazmin xushovoz xonandamizning tanlovi ortiqcha his-hajonga berilmasligidan dalolat beradi. O‘z tamoyillariga sodiq kishilar toifasidan bo‘lib, biroz tavakkalchiligi ham bor. Chunki 1 soat ichida istalgan libosni topmasligining ehtimoli borligini bilsa-da, ushbu chorani qo‘llab ko‘radi. 

«Injiqlik qilmayman»
DILSO‘Z, xonanda: — Shu ham muammomi? Bor libosimni kiyib ketaveraman. O‘tgan gal ham shu ko‘ylakda borgandim deb, injiqlik qilmayman. 

Ruhshunos fikri: — Dilso‘zni haqiqiy optimistlar safiga bemalol qo‘shish mumkin. U chumolidan fil yasamaydiganlardan. Va boshqalarning fikri bilan hisoblashib, o‘z imkoniyatlarini qo‘ldan chiqarmaydigan ayoldir. Bu kareera qilaman degan kishi uchun juda muhim xislat. 

«Zaxiram bor!»
Madina MUMTOZ, aktrisa: — Biroz asabiylashaman. Biroq chora topish uchun «Madina, tinchlan, hammasi yaxshi bo‘ladi, libos topiladi», deb o‘zimga takrorlayman. Bunaqa holatga tushaverib, tajribam oshib qolgani uchun zaxiramda doim ko‘ylaklar bo‘ladi. Agar ular ham to‘g‘ri kelmasa, biror do‘konga otlanishim mumkin. Mayli, 5-10 daqiqa kechiksam ham, o‘zimga yoqqan libosda tantanaga borishni afzal ko‘raman. 

Ruhshunos fikri: — Biroz ta’sirchan va kutilmagan vaziyatlardan xavfsiraydiganlar hammasini oldindan ko‘z ostiga olib qo‘yishadi. Ularning bir emas, bir necha yo‘llari bo‘ladi. Buning ustiga, Madina Mumtozdek yo‘l tutadiganlar o‘z istaklariga qarshi chiqishmaydi. Va istaganiga erishish uchun qayta-qayta urinib ko‘rishga erinishmaydi.  

«Taqdirga tan beraman, ammo...»
Sevara SOLIYEV, aktrisa: — Avvalo, shu dizayner bilan ikkinchi marta ishlamaslikka qaror qilaman. Ammo bir soatgina vaqtim bo‘lsa, nailoj, uning tikkan libosini kiyaman.

Ruhshunos fikri: — Sevara boshqalarga qaraganda ancha real va haqiqatni tan oladiganlar toifasiga kiradi. Va qat’iy qaror qabul qila oladi. Bir bor «og‘zini kuydirgan» kishilarga qayta murojaat qilmaydi. Taqdirga tan berib, vaziyatdan to‘g‘ri xulosa chiqarishni biladi. Ya’ni bir qilgan xatosiga ikkinchi bor yo‘l qo‘ymaydi. 

«O‘zim dizaynerga aylanaman!»
Shahlo AHMEDOVA, xonanda: —   Agar yangi libos sotib olishga ulgurmasam, demak, o‘zim dizaynerlik qilishim kerak. Ya’ni biror libosimni kiyaman-da, uni aksessuarlar bilan boyitib, yangidek qilib kiyib ketaveraman.

Ruhshunos fikri: — Yosh xonandamizni juda tadbirkor optimist deya ta’riflasak, mubolag‘a bo‘lmas. Chunki u vaqt va imkoniyatlarini to‘g‘ri baholay oladi. Shu bilan birga, yangilik yaratishga ham usta. Biror muammoga duch kelsa, uni hal qilish qo‘lidan kelishiga ishonadi. Agar siz ham eski libosingizni yangidek ko‘rinishga keltirish taraddudiga tushadiganlardan bo‘lsangiz, demak, jindek makr va mahorat bilan boshqalarni lol qoldirishga qodirsiz.

«Men uchun tadbir muhim!»
Muqaddas SA’DULLAYEVA, aktrisa: — Bu hol kayfiyatimga salbiy ta’sir o‘tkazmasdan qolmaydi. Ammo buni boshqalarga sezdirmaslikka harakat qilaman. Chunki ularning kayfiyatini ham tushirishni istamayman. Qolaversa, men uchun kiyim emas, tadbir muhim! Shu sababdan ham garderobimdagi o‘zimga juda yoqqan libosni kiyib, tantanaga yo‘l olaman. 

Ruhshunos fikri: — Muqaddasning o‘z kayfiyati boshqalarning ham tantanovar ruhiga ta’sir qilmasligini o‘ylashi yaxshi. Muammolardan avvaliga tushkunlikka tushib qoladi-yu, biroq o‘zida bor imkoniyatlar uchun shukr qilishni biladi.  

So‘rovnomamizda ishtirok etganlarning birortasi umuman tadbirga bormaslik yo‘lini tanlashmadi. Agar siz shu yo‘lni tanlasangiz, demak, pessimistsiz. Bahona topib, aybni kimgadir ag‘darib, kichik muammodan ham butun dunyo ko‘zingizga tor ko‘rinib, imkoniyatlarni qo‘ldan chiqarasiz. Yo‘q, bundaylar safini tark eting. Qarang, ijodkor ayollarimizning hammasi kutilmagan vaziyatlarda tushkunlikka tushmaydiganlardan. Ular nima qilib bo‘lsa ham, vaziyatdan chiqishga harakat etishadi. Omadlarining siri ham shu bo‘lsa, ajabmas!

MUXLISA tayyorladi.


Категория: Shou-biznes habarlari | | Теги: ilobs, bir libos, Yulduzlar o‘rtasida | Рейтинг: 0.0/0

MAVZUGA OID MA'LUMOTLAR

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя