Главная » 2020 » Июнь » 20 » Yunusobod tumanida bir oilaning 6 nafar a'zosida koronavirus aniqlangan
19:28

Yunusobod tumanida bir oilaning 6 nafar a'zosida koronavirus aniqlangan


19 iyun kuni 29 nafar aholi orasida, jumladan, sotuvchi, ish yurituvchi, bemor va bir oila a'zolarida koronavirus qayd etilgan. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar bermoqda.

Bildirilishicha, 18 iyun sanasida koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan 85 nafar bemordan 28 nafari aholi orasida aniqlangan bo‘lsa, 19 iyun kuni esa 179 nafar bemordan 29 nafari aholi orasida tasdiqlandi. 

“Ko‘rib turganingizdek, ikki kunlik ma'lumotga ko‘ra, umumiy kasallanish ko‘rsatkichi ham, aholi orasida koronavirusga chalinish holati ham kundan kunga keskin oshgan”, - deyiladi ma'lumotda.

19 iyun kuni aholi orasida koronavirus aniqlanish holatlari hududlar kesimida ko‘rilsa, Toshkent shahrida 24 nafar, Namangan viloyatida 3 nafar, Toshkent viloyatida esa 2 nafarni tashkil etdi.

Jumladan, Chilonzor tumanidagi savdo do‘koni sotuvchisi bo‘lgan N.da (Sergeli tumanilik, shu yilning 18 iyunidan tana harorati ko‘tarilgach, shifokorga murojaat qilgan), Mirzo Ulug‘bek tumanida yashovchi A.da hamda uning o‘g‘li va qizida, poytaxtda bo‘lib turgan Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida yashovchi O.da (profilaktika maqsadida Toshkent shahar SEOM laboratoriyasiga namuna topshirgan), Uchtepa tumanida yashovchi 3 nafar nafaqada bo‘lgan fuqarolarda hamda Yunusobod tumanidagi bir oilaning 6 nafar a'zosida (tana harorati ko‘tarilgach, tumandagi 52-oilaviy poliklinikaga murojaat qilishgan) kasallik qayd etilgan.

Bundan tashqari, Namangan viloyati Pop tumani G‘urumsaroy MFYda yashovchi 3 nafar fuqaro (shu yilning 17-iyun kuni tana harorati ko‘tarilgach, vrachga murojaat qilgan)da, Toshkent viloyati Chirchiq shahar hokimligi sektori ish yurituvchisi G.da (profilaktika maqsadda namuna olingan) hamda O‘rta Chirchiq tuman tug‘ruq bo‘limidagi bemor Z.da ham koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan. Mazkur kasallik aniqlangan fuqarolarning aksariyati tana harorati ko‘tarilgach, shifoxonaga murojaat qilishgan va namuna topshirishgan. Ayni paytda ushbu holatlar yuzasidan epidemiologik surishtiruv ishlari olib borilmoqda. 

“Sog‘liqni saqlash vazirligi doimgidek aholini ogohlantirishda davom etadi. Avval ko‘p bor ta'kidlaganimizdek, aholini imkon qadar faol muloqotdan, turli tadbirlar o‘tkazishdan tiyilishlarini, va albatta, ijtimoiy masofani saqlash, qo‘l berib salomlashib, quchoq ochib ko‘rishishdan saqlanishlari, qo‘llarni yaxshilab qayta-qayta yuvish, ko‘chaga chiqqanda niqobni to‘g‘ri taqish kabi karantin va sanitariya qoidalariga qat'iy rioya etishlarini so‘rab qoladi”, - deyiladi SSV xabarida.


Manba: "kun.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: koronavirus aniqlangan, bir oilaning, Yunusobod tumanida | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя