Главная » 2018 » Февраль » 2 » Zinoga yaqinlashmanglar. Chunki bu buzuqlikdir!
21:11

Zinoga yaqinlashmanglar. Chunki bu buzuqlikdir!


Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda bir videotasvir tarqadi. Unda huquq-tartibot organlari o‘tkazgan tadbirda jamiyat hamda sog‘lom avlodning kushandalari – fohishalarning qo‘lga olingani haqida so‘z borgan. Aniqlanishicha, ular ijtimoiy tarmoqlarga uya qurib, xususan, “telegram”ga o‘zlarining behayo suratlarini joylash orqali mijoz qidirgan va navbatdagi mijozni ovlamoqchi bo‘lgan chog‘da jinoyat ustida qo‘lga olingan.

Bunday hodisani eshitgan kishining uyalganidan yuzi qizarib ketadi. Ularning yuz terisi nimadan ekan, tavba qildik. O‘zi bu kabi sharmandalik qachondan boshlab jamiyatimizga suqilib kirdi? Axir millatimizning tiynati pokligidan odamlarimiz unday buzuqi narsalarni xayol ham qilmaydi-ku! Gunoh, razolat tufayli yurtdan baraka qochadi...

Ular o‘zlaricha yengil-elpi yo‘llar bilan pul topmoqchi bo‘lib, bu kabi harom ishlarni o‘zlariga kasb qilib olibdi. Axir dunyosi va oxirati haqida qayg‘urmaydimi? Bu dunyoda sharmanda-yu sharmisor bo‘lib, oxiratda esa, alamli azobga uchrashidan qo‘rqmaydimi? Ularning umri shu qadar uzunmi?.. Arzimagan pulni deb, dunyoyu oxiratini sotish misli ko‘rilmagan nodonlik, johillikdir. Ular bu ishlari bilan nafaqat o‘zlarining insonlik sha’nini oyoq osti qilyapti, balki o‘sib kelayotgan yosh avlodning tarbiyasiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Axir ijtimoiy tarmoqlarda hozir kim ko‘p? Yoshlar, albatta. Ular guldek pokiza yoshlarni yo‘ldan urib, o‘zlarining gunohlariga sherik qilishni niyat qilgan. Shuningdek, arzimagan pul uchun ota-ona, qarindoshlar, mahalla-ko‘yning sha’niga tahdid qilayotir. Vatanining porloq kelajagiga hissa qo‘shish o‘rniga oyog‘iga bolta urmoqchi. Darvoqe, nafsining quliga aylangan kimsalarda Vatanni sevish tuyg‘usi bo‘ladimi, o‘zi?

Shariatimizda zino, eng og‘ir gunoh va sharmandalik ishlardan hisoblanadi. Chunki bu jinoyatlarda insonning sha’nini toptash, sog‘lom jamiyat qurishga xavf solish bor. Zinoning natijasida nasl buziladi, kasalliklar ko‘payadi, yurtdan baraka qochadi, tashlab ketilgan nogiron bolalar paydo bo‘ladi. Shuning uchun ham Islom dini zinokorlarga eng og‘ir jazolarni belgilab qo‘ygan.

Islom dini besh narsani qattiq muhofaza qiladi: aql, nasl, jon, din, mol. Shuning uchun Alloh taolo ana shu besh narsaga tajovuz qilganlarga dunyoyu oxiratda qattiq jazo borligi haqida ham ogohlantirib: «Zinoga yaqinlashmanglar. Chunki bu buzuqlik va eng yomon yo‘ldir»(Isro surasi, 32- oyat), deb buyuradi.

Nur surasida esa: «Zinokor ayol va zinokor erkak – ulardan har biriga yuz darradan uringlar...» - deb, ularning bu qilmishlariga beriladigan jazo naqadar og‘irligini aytadi.

Oyati karimaning davomida esa: «Zinokor erkak faqat zinokor yoki mushrika ayolga nikohlanur. Zinokor ayolga faqat zinokor yoki mushrik erkak nikohlanur. Bu mo‘minlarga harom qilinmishdir», deb ularni sog‘lom kishilardan ajratadi. Oyatdan ayon bo‘ladiki, zino kabi razil ishlarni qilib yurgan inson hech qachon pokdomon ayolga uylana olmaydi. U ishlarni qilib yurgan ayol esa, hech qachon pokiza bo‘lgan erga tega olmaydi. «Men pokdomonidan topaman» deb xomxayol qilishi mumkin. Biroq kim kimni topishini Alloh taoloning O‘zi hal qiladi.

Ato rahimahulloh jahannam haqidagi: «Uning yettita darvozasi bo‘lur» (Hijr, 44), oyatining tafsirida: «Bu darvozalarning eng g‘am-tashvishli, qayg‘uli, eng issig‘i va eng badbo‘yi – bilaturib zino qilgan zinokorlar kiradigan darvozadir», deydi.

Milliy qonunchiligimizda fohishalik qat’iyan taqiqlangan. O‘tgan yili qayta-qayta reyd tadbirlari o‘tkazilgani, bu yomon yo‘ldan yengiltaklarning qaytargani kimlargadir kamlik qilgan chog‘i. Bunday nobakorlarga barchamiz, butun jamiyat birga kurashmog‘i lozim. Axir, ularning qilmishi sabab, bolalar uylarida yildan yilga bolalar soni ko‘paymoqda. Nasl aralashib ketish xavfi tobora ortib bormoqda. Bu esa ertaga sog‘lom farzand dunyoga keltirish, sog‘lom avlod tarbiya qilishdek olijanob vazifaga xavf soladi. Axir o‘sha pulni to‘g‘ri yurib, to‘g‘ri ishlab, mehnat qilib topsa ham bo‘ladi-ku. Nega endi aynan shu yo‘l bilan topish kerak?!

Bu yo‘lda barchamiz birdek kurashar ekanmiz, inshoalloh Alloh taolo ajr-mukofotlarni ziyoda qilib beradi. Zero, ona yurtni, dunyoni isloh qilish ulug‘ bo‘lgan xayrli ishlardandir. Mo‘min-musulmon inson, hech qachon atrof-muhitga befarq bo‘lmaydi. Doimo sergak, ogoh bo‘ladi. Yomon ishni ko‘rsa, uni qaytarishga urinadi.

Huquq-tartibot organlaridan esa ijtimoiy tarmoqlarda hozirgi kunda keng tarqagan behayo guruh va kanallarni nazoratga olishlarini so‘rab, ularni yo‘q qilishlarida Alloh taolo g‘ayrat-shijoat berishini duo qilib so‘raymiz.

Alloh taolo butun dunyoni, xossatan, ona zaminimizni bu kabi behayoliklardan o‘z panohida asrasin. Adashib qolganlarning to‘g‘ri yo‘lga qaytishlariga O‘zi tavfiq bersin!

 

Baxtiyor Najmiddinov,

Toshkent Islom instituti
talabasi


Manba: "kun.uz"
Категория: Ibratli hikoyalar | | Теги: Zino | Рейтинг: 0.0/0

MAVZUGA OID MA'LUMOTLAR

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя