Главная » 2017 » Июнь » 27 » Ziyoda o‘g‘il farzand tarbiyalashning mas’uliyati haqida gapirdi
18:28

Ziyoda o‘g‘il farzand tarbiyalashning mas’uliyati haqida gapirdi


“Javob bering” loyihasining bu galgi mehmonlari O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Ulug‘bek Rahmatullaev va Ziyoda Qobilovalar. Yaqinda birgalikda “Meni sev” qo‘shig‘ini kuylagan ijodkorlar, o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan bir- birlariga murojaat etishdi.

Ulug‘bek Rahmatullaevning Ziyoda Qobilovaga savollari:

Oilangizda qizlar ko‘pligini bilaman. Bugun esa ikki o‘g‘il farzandning onasisiz. Aytingchi, o‘g‘il bolani tarbiyalashda qiynalmayapsizmi? Nimalarga ko‘proq ahamiyat beryapsiz?

Sizni Umida Mirhamidovaning shogirdi deyishadi, shu rostmi? Va qachon ular bilan duet kuylashni rejalatirgansiz?

Aytingchi, ayollarning hammasi ekstremal sport turlariga o‘ch bo‘lishadimi yoki faqat mening rafiqamda shundaymi? Doim parashyutdan sakraylik deyaveradi-da...

Shaxsan men, san’at va ish deb bolalarimning yonida ko‘p bo‘la olmayotganimdan achinaman. Sizda ham shundaymi?

Ayni paytda qaysi orzuingizni amalga oshirishni istayapsiz?

Ziyoda Qobilovaning javoblari:

Kenjamiz hali kichkina, lekin katta o‘g‘lim Komron doim o‘z aytganini qildirgisi keladi. Lekin u aytgan hamma narsani muhayyo qilish to‘g‘ri emasligini bilamiz va iloji boricha qattiqqo‘lroq bo‘lishga harakat qilamiz. Ammo u gap-so‘zlari bilan bizni “eritishni” biladi. Bola besh yoshgacha podshoh, deyishadi. Erkalik qilib tursin, keyin qat’iyroq bo‘lamiz.

Ha, Umida Mirhamidova ustozim, qo‘limdan tutib san’at yo‘liga boshlaganlar. Duetga kelsak, “Oq atir gullar”ni birgalikda “Mening yurtim” telekanalining loyihasida ijro etgan edik. Xabaringiz yo‘q, shekilli. Kelajakda yana hamkorlik qilish niyatimiz bor...

Boshqalarni bilmadim-u, lekin men balandlikdan sakrash, tez yuruvchi attraksionlardan qo‘rqaman. Nazarimda, bu odamning xarakteridan kelib chiqqadigan qiziqish bo‘lsa kerak.

Hamma ota-ona farzandi bolaligida ko‘proq yonida bo‘lgisi keladi. Lekin san’atkorning ishida tartib yo‘q. Bu aksariyat hamkasblarimizni qiynayotgan muammo. Ona sifatida bolalarimning yonida ko‘proq bo‘lishga harakat qilaman. Shu sabab farzandimiz bittaligida o‘zimiz bilan olib yurardik. Hozir ikkita bo‘lgani uchun birga olib yurishimiz qiyin. Lekin shunday bo‘lsa-da, ular bilan o‘ynashga, bo‘sh vaqtim bo‘lganda, dam olishga birga borishga harakat qilaman.

Shukr, orzularimga erishib kelyapman, qiz farzand ko‘rish istagim ham amalga oshadi deb niyat qilaman.

Ziyoda Qobilovaning Ulug‘bek Rahmatullaevga savollari:

"Meni sev" duetini kuylash haqida o‘zingiz taklif bildirgan bo‘lsangiz ham, unga klip suratga olishni uzoq o‘yladingiz. Nega?

Bundan bir necha yil ilgari kuylagan duetimiz juda ommalashgani esingizdami? "Meni sev" ham uning muvaffaqiyatini qaytaradi, deb o‘ylaysizmi?

Uchinchi farzandingizning dunyoga kelishi hayotingizda nimalarni o‘zgartirdi?

Tajribamdan bilaman qarindoshlar bilan ishlash oson emas. Sizning ham prodyuseringiz ukangiz... Birga ishlashda muammolar kelib chiqmaydimi?

O‘zingiz haqingizdagi qaysi tanqiddan xafa bo‘lgansiz?

Ulug‘bek Rahmatullaevning javoblari:

Klip suratga olish kerakmi yoki yo‘q degan ikkilanish bo‘lgani yo‘q. Lekin muxlislar ko‘proq “Qirmizi olma” qo‘shig‘imga qiziqishgani sabab birinchi unga klip suratga olgandim. Shuning uchun ishimiz biroz cho‘zildi. Lekin asosiysi, bugun qo‘shig‘imizning klipi bor. Muxlislarga ma’qul keldi, asosiysi ham shu.

Haqiqatdan ham birinchi hamkorligimiz kutilgandan ham yaxshi natija bergandi. U paytda musiqiy telekanallar kam bo‘lsa-da, uning tinglovchilari juda ko‘p edi. “Meni sev” haqida esa hozircha bir nima deyolmayman. Talab bor, tinglashyapti. Bu ham natija!

Juda bolajon insonman, farzandlarim ko‘p bo‘lishini istayman. Chaqaloq hidini ham tez-tez sog‘inib qoladigan odatim bor. Har bir farzandim tug‘ilgach, ayrim salbiy odatlarim yo‘qola boshlaydi. Farzandlarning tug‘ilishi, faqat yaxshilik olib keladi.

To‘g‘ri, yaqinlar bilan ishlash, juda mas’uliyatli. Doim qarindoshlik rishtalari ham borligini yodda tutish shart. Lekin jigarlarning o‘rni boshqa. Senga ular kabi jon kuyduruvchi inson bo‘lmaydi. Ukam Dilshod ish yurituvchim bo‘lgandan xursandman. Erishgan yutuqlarimda uning ham hissasi katta, deb o‘ylaman.

Tanqidlar doim bo‘lgan va bundan keyin ham yo‘qolmaydi. Ular orqasida ko‘ngilga tegadiganlari ham yo‘q emas. Lekin iloji boricha, har bir gapdan kerakli xulosa chiqarib, yashashga harakat qilaman.

Aliya SULAYMANOVA


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Shou-biznes habarlari | | Теги: o‘g‘il, tarbiyalash, Ziyoda, gapirdi, g mas’uliyat, haqida, Farzand | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя