Главная » 2021 » Март » 3 » Zohirshoh Jo‘rayev otasi Sherali Jo‘rayevning Turkiyada ekanligini rad etib, qanday kasallik bilan og‘riganini aytdi
19:11

Zohirshoh Jo‘rayev otasi Sherali Jo‘rayevning Turkiyada ekanligini rad etib, qanday kasallik bilan og‘riganini aytdi


Ijtimoiy tarmoqlarda 3-mart kuni 74 yoshli xonanda Sherali Jo‘rayevning og‘ir ahvolda ekani yoki vafot etgani to‘g‘risida turli mish-mishlar tarqaldi. Ozib ketgan Sherali Jo‘rayevning choy ichayotgani aks etgan video xonandaning og‘ir kasal ekanligi haqidagi mish-mishlarga sabab bo‘ldi.

“Daryo” muxbiri Mirolim Isajonov mish-mishlarga oydinlik kiritish maqsadida Zohirshoh Jo‘rayevning ma’muri G‘ayrat Shokirov bilan bog‘langanida, u Sherali Jo‘rayevning ahvoli yaxshi ekanligi, biroq hozirda ayrim sabablar tufayli Turkiyaning Istanbul shahrida ekanligini aytdi.

“Aslida Turkiyaga safarga ketgan. U yerda qizlari o‘qiydi. Magistraturani bitirish arafasida diplom olish jarayonlari bo‘larkan. Hozir qizlarining oldida. 7—8-mart kunlari Toshkentga qaytib keladi. Xudo xohlasa, 21-mart kuni davlat bayramida ko‘rinish beradi. Dasturga qo‘shiqlari kiritilgan, tayyorgarlik ketyapti”, — deydi G‘ayrat Shokirov.

Ushbu xabar chop etilganidan so‘ng Sherali Jo‘rayevning kenja o‘g‘li Zohirshoh “Daryo” muxbiri bilan bog‘lanib, ma’muri aytgan ma’lumot asossiz ekanligi hamda otasining ayni damda Toshkentda ekanligini ma’lum qildi.

“Dadam olti oycha muqaddam ko‘richak kasali bilan og‘rib qolgandilar. Hozir tarqalayotgan videolavhalar o‘sha vaqtda suratga olingan. Hozir dadamning ahvollari juda yaxshi. Ortiqcha vahima va xavotirlarga o‘rin yo‘q. Dadam hozir O‘zbekistondalar, ularning chet elda davolanayotganlari haqidagi ma’lumotlar ham asossiz. Ayni vaqtda davlat tadbiriga tayyorgarlik ko‘rmoqdalar”, — deydi Zohirshoh Jo‘rayev.

Shuningdek, Zohirshoh so‘zi isboti tariqasida otasi bilan bayram dasturlariga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida tushgan suratlarini ham taqdim etdi, biroq xonanda ushbu suratlarning qachon olinganiga aniqlik kiritmagan. Suratlarda Sherali Jo‘rayevning videodagi singari ozg‘in emasligini ko‘rish mumkin.

Eslatib o‘tamiz, 2017-yilda ham O‘zbekiston xalq artisti Sherali Jo‘rayevning vafot etgani haqida xabarlar tarqalgan edi.


Manba: "daryo.uz"
Категория: Shou-biznes habarlari | | Теги: otasi, Sherali Jo‘rayevning, Zohirshoh Jo‘rayev | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя