Главная » 2017 » Январь » 22 » Zulfiqor Musoqovning triller janridagi "Dadam Betob" filmining ilk namoyishi bo‘lib o‘tdi
17:42

Zulfiqor Musoqovning triller janridagi "Dadam Betob" filmining ilk namoyishi bo‘lib o‘tdi


Alisher Navoiy nomidagi kinosaroyida "O‘zbekkino" milliy agentligi tomonidan suratga olingan "Dadam betob" badiiy filmining premerasi bo‘lib o‘tdi. 

Zulfiqor Musoqov rejissyorligida suratga olingan “Dadam betob” filmi tomoshabinlarda o‘zgacha taassurot qoldirdi.

Kartina 2016 yilning 9 oktabr kuni vafot etgan taniqli polyak rejissyori Anjey Vayda xotirasiga bag‘ishlandi. “Dadam betob” filmida bosh rollarni taniqli aktyorlar Farhod Abdullaev, Yulduz Rajabova,Feruza Saidova va Bahriddin Abdullaev mahorat bilan ijro etgan.

Kartina davomiyligi 1 soatu 30 daqiqani tashkil etadi. Filmni tomosha qilar ekansiz undagi kutilmagan sahnalar, voqealar rivoji sizni tamomila o‘ziga bog‘lab qo‘yadi. Aktyorlarning professional ijrosini alohida ta’kidlab o‘tish o‘rinli. Boshqa sohada faoliyat yuritishiga qaramasdan Bahriddin Abdullaevning filmdagi ijrosi o‘ta ta’sirli va ishonchli chiqqan.  Yulduz Rajabova esa mazkur kartinada ilk bor terrorchi, xavfli jinoyatchi obrazini gavdalantirgan. U to‘qqiz nafar insonni o‘ldirgani uchun qamalgan...

Farhod Abdullaev “Dadam betob”da halol va vijdonli tergovchi rolini ijro etgan. Uning “Men sen kabi jinoyatchilarga nima uchun qarshi kurashaman? O‘zbekistonim tinch bo‘lsin, hayotimiz forovon bo‘lsin, deb kurashaman” degan so‘zlari tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘ldi.

Filmdagi yana bir asosiy rolni aktrisa Feruza Saidova ijro etgan. U sodda, chapani, sofdil va mehnatkash qishloq ayoli Aziza obrazini gavdalantirgan. U insultni boshdan kechirgan turmush o‘rtog‘ining hayotini saqlab qolish uchun tinmay mehnat qiladi. Aziza pul topish uchun bir kun davomida taksichilik qiladi. Shu kuni u turli muammolar girdobidagi, turli dunyoqarashga ega insonlarga ro‘baro keladi...  Azizaning so‘nggi yo‘lovchi bilan tanishuv oqibati og‘ir kechadi…

Film triller va yo‘l kinoromani janrlarida suratga olingan. Unda ko‘plab yumor elementlari ham mavjud.

Kartinada Turg‘un Beknazarov, Xayrulla Sa’diev, Ra’no Shodiyev va Fathulla Mas’udov, kabi aktyorlar ham epizodik rollar ijro etgan.


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Kino Yangiliklari | | Теги: Dadam Betob, Zulfiqor Musoqov | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя