Главная » 2020 » Январь » 8 » “Bepushtlik: Erkak farzand ko‘rolmasligida faqat ayolni ayblashi noto‘g‘ri, chunki...”
22:42

“Bepushtlik: Erkak farzand ko‘rolmasligida faqat ayolni ayblashi noto‘g‘ri, chunki...”


Farzand oila baxti, uning tayanchi. U erkak va ayolni bir-biriga jisplashtiruvchi, ular o‘rtasida ota-onalik ko‘prigini bunyod etuvchi omildir. Oilada farzand bo‘lmasligi esa har qanday oilani ham parokanda qilishi, erkakni ayoldan yoki aksincha, ayolni erkakdan ajratib yuborishi ham mumkin. Bepushtlik ham mana shunday asorati ayanchli kasalliklardan biridir. 
Xo‘sh, bepushtlik o‘zi nima? Uni davolash mumkinmi? Qanday qilib ota-onalik baxtiga erishish mumkin? Buning umuman imkoni bormi? Bu savollarga javob izlagan Xabardor.uz nashri oliy toifali shifokor, urolog Ulug‘bek Muzrabekovga

Bepushtlik nima?

Jinsiy hayot kechiruvchi juftliklarning bir yil davomida farzand ko‘rmaslik holati tibbiyotda bepushtlik deb ataladi. Yanada soddaroq qilib aytadigan bo‘lsak, bepushtlik – bu erkakning ayolni urug‘lantira olmaslik holatidir. Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkilotining statistik ma’lumotlariga ko‘ra, butun dunyoda erkaklarning taxminan 15 foizi bepushtlikdan aziyat chekadi. O‘zbekistonda esa bu ko‘rsatkich 7-15 foizni tashkil etadi. Xususan, ekologiyasi yomon hududlarda bu kasallik ko‘proq uchraydi.

Bepushtlik irsiy kasallikmi yoki orttirilgan?
Umuman olganda, bepushtlikning uch turi tafovut qilinadi. Birinchi turi sekretor bepushtlik erkaklik tuxumida urug‘ning butunlay yoki kam miqdorda ishlab chiqarilishi bilan izohlanadi. Bu ko‘pincha klaynfelter sindromi, tizimli qizil yugurik kabi avloddan-avlodga o‘tish xususiyatiga ega irsiy kasalliklar sabab paydo bo‘ladi. Yoki bo‘lmasa, bola tuxumining tug‘ma rivojlanmay qolishi kabi tug‘ma nuqsonlar ham kasallikning bu turiga sababchi bo‘lishi mumkin. 
Bepushtlikning ikkinchi turi erkak organizmida ishlab chiqarilgan sperma (urug‘) urug‘ yo‘llaridan o‘ta olmay qolib ketishi sabab yuzaga keladi. Bunda urug‘ yo‘llarining qaysidir qismidagi tug‘ma nuqson yoki avvalroq boshdan o‘tkazilgan o‘tkir virusli kasalliklar (tepki)ning asorati sabab kuzatiladi. 
Immunologik bepushtlik ya’ni xastalikning uchinchi turida erkakning o‘z immun tizimi o‘zining spermasini “o‘ldirishi” sabab yuzaga keladi. Bu holat irsiy yoki orttirilgan kasalliklar asorati sifatida maydonga chiqishi mumkin.
Shuningdek, erkaklik tuxumida vena qon-tomirlarining kengayib ketish kasalligi – varikotsele, endokrinologik, moddalar almashinuvi kasalliklari (semizlik), prostata bezining yallig‘lanishi, jinsiy aloqaga kirisholmaslik kabi kasalliklarning asorati sabab bepushtlikning orttirilishi kuzatiladi. Qolaversa, zamonaviy aloqa vositalarining ham erkakning jinsiy a’zolariga salbiy ta’sir qilishi aniqlangan. Hattoki oddiy saunaning ham bepushtlikka aloqasi bo‘lishi mumkin. Saunaning bunga qanday aloqasi bor, dersiz? Buni oddiygina tushuntirib berish mumkin. Erkak tuxumida ma’lum optimal harorat mavjud. Tuxumning haddan ortiq qizishi esa uch oygacha urug‘ga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Chunki spermaning hosil bo‘lish jarayoni uch oy davom etadigan jarayon hisoblanadi. 

Xalq orasida zax yerda o‘tirma, befarzand o‘tib ketasan, degan fikrlar bor. Aytingchi, tanadan sovuq o‘tishi bepushtlikka olib kelishi mumkinmi?
Umuman olganda, sovuq organizmga ikki usulda ta’sir qiladi. Sovuqning vaqtinchalik qisqa ta’siri (masalan, sovuqqa bir chiqib kelish yoki boshdan bir chelak sovuq suv quyib yuborish kabi) organizmning immun tizimi kuchayishiga va tanadagi kasalliklarni yengishiga sabab bo‘ladi. Bu, albatta, sovuqning ijobiy ta’siri hisoblanadi.
Ammo uzoq muddatli sovuq ta’siri organizmni holdan toydiradi. Bu holatda tanadagi immunitet bor kuchni isitishga sarflaydi. Immun tizimining nazoratni yo‘qotishi sabab organizmdagi mavjud mikroblar paytdan foydalanib ko‘payadi. Natijada, turli kasalliklar yuzaga kela boshlaydi. Ammo uzoq vaqt sovuqda yurish bepushtlikka olib keluvchi asosiy omil emas!

Kasallikning davosi bor(mi?)
Kasallikning davosi uni to‘g‘ri tekshirib, to‘g‘ri tashxis qo‘yishdan iborat. Tekshirish usullari qanchalik takomillashsa, shunga qarab tashxislash ham rivojlanib boradi. To‘g‘ri qo‘yilgan tashxis kasallikning 50 foiz davosi demakdir.
Umuman olganda, kasallik urug‘ning soni va sifatiga qarab davo turi tanlanadi. Urug‘lar soni kam bo‘ladigan bo‘lsa, sonini ko‘taruvchi, sifati past bo‘ladigan bo‘lsa, tuxumdonni quvvatlovchi davo turi qo‘llaniladi. 
Shuningdek, hozirda EKO va IKSI deb atalmish zamonaviy davo turlari amaliyotga tadbiq etilmoqda. Ulardan foydalanish juftliklarning ota-onalik baxtiga erishishiga yordam beradi.

EKO va IKSI farzandli bo‘lishga yordam beradi
EKO O‘zbekistonda sekin-asta qo‘llanila boshladi. Bir-ikki klinikalarimiz bu amaliyot bilan shug‘ullanishmoqda. Ko‘pchilik ko‘p eshitgan EKO amaliyoti bu sun’iy urug‘lantirish amaliyotidir. Amaliyot erkak urug‘idan eng kuchlisini tanlab olib, ayolning tuxum hujayrasiga joylashtirishdan iborat. Probirkada urug‘lantirilgan tuxum hujayra ayol bachadoniga joylashtiriladi. Bu amaliyot 50 foizgacha ijobiy natija berishi mumkin. 
IKSI amaliyoti ham erkakning eng sifatli urug‘ining ayol bachadon bo‘shlig‘iga quyishdan iborat. Bu holatda ham ayolning homilador bo‘lish holati ortadi.

Va nihoyat, profilaktika
•  Eng avvalo, o‘g‘il bola dunyoga kelishi bilan uni pediatr shifokorlar, mutaxassislar sinchkovlik bilan ko‘rikdan o‘tkazishi, tekshirishi zarur. Bolada tug‘ma nuqson yoki kasallik bo‘lsa, darrov chora ko‘rish, ota-onasiga yaxshilab tushuntirish kerak. 
•  O‘g‘il bolani hech bo‘lmaganda, yilda bir marta urolog ko‘rigidan o‘tkazib turish kerak. Chunki urologiyada bola yoshiga taaluqli bo‘lgan jinsiy a’zolar o‘lchamlaridan iborat maxsus jadval mavjud. Jinsiy a’zolarning ushbu jadvaldagi ko‘rsatkichlarga butunlay yoki qisman to‘g‘ri kelmayotganini vaqtida aniqlash ham kelajakda kuzatilishi mumkin bo‘lgan kasalliklarning oldini olishga xizmat qiladi. 
•  Sog‘lom turmush tarziga amal qilish, infeksion kasalliklar bilan og‘rimaslikka harakat qilish lozim. So‘nggi vaqtlarda, o‘g‘il bolalarning mushak tizimini o‘stiruvchi turli gormonal vositalarni qabul qilayotgani ko‘p kuzatilmoqda. Bunday qilish umuman noto‘g‘ri! Bu kelajakda farzand ko‘ra olmaslikka olib kelishi mumkin. Shuningdek, sport zallarda bilib-bilmay og‘ir yuk ko‘tarish ham varikosele kabi bepushtlikka yetaklashi mumkin bo‘lgan kasalliklarga sababchi bo‘lish ehtimoli mavjud.

Shifokor-urolog tavsiya etadi... 
Ayrim juftliklar bir yil davomida farzand ko‘rmasa, darrov ayolini ayblab uni ginekologma-ginekolog “sudrab” yurishadi. Bu noto‘g‘ri! Bepushtlik 54 foiz holatlarda ayollarda, 46 foizi esa erkaklarda kuzatiladi. 46 foiz kichik ko‘rsatkich emas. Shuning uchun, farzand ko‘rolmayapgan erkak aybni faqat turmush o‘rtog‘idan emas, o‘zidan ham qidirishi kerak. 
Andisha yoki qo‘rquv sabab urolog ko‘rigidan qochish yaxshi ish emas!


Manba: "xabardor.uz"
Категория: Dunyo xabarlari | Просмотров: 227 | Добавил: admin7007 | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar

Copyright © Tarona.net Media 2014-2020 | Все права защищены | Реклама | Мы не несём ответственности за содержание. | Бесплатные произведения предназначены исключительно для предварительного ознакомительного прослушивания. Использование материалов сайта возможно только с письменного разрешения Администрации. |