Главная » 2020 » Январь » 2 » «Dada, men sizni Oygacha yaxshi ko‘raman» - Avstraliyadagi o‘rmon yong‘inida halok bo‘lgan ko‘ngillining ordenini o‘g‘li qabul qildi
19:18

«Dada, men sizni Oygacha yaxshi ko‘raman» - Avstraliyadagi o‘rmon yong‘inida halok bo‘lgan ko‘ngillining ordenini o‘g‘li qabul qildi


Avstraliyaliklar oxirgi vaqtlarda yana o‘rmon yong‘inlari sabab qiyinchiliklarni boshdan kechirmoqda. Mamlakat janubiy-sharqiy qismida odamlar o‘rmon yong‘inlari sabab dengiz qirg‘oqlarida jon saqlashga majbur bo‘lmoqda. Yong‘inlarni o‘chirish vaqtida 12 kishi, jumladan 3 nafar ko‘ngilli o‘t o‘chiruvchi halok bo‘ldi.

Bugun, 2 yanvar kuni Viktoriya va Yangi Janubiy Uels shtatlarida halok bo‘lganlarni dafn etish marosimi bo`lib o`tdi. Unda Avstraliya o‘t o‘chirish xizmati askarlaridan iborat faxriy qorovul saf tortib halok bo‘lganlar xotirasiga hurmat bajo keltirdi. Dafn marosimida bir ta'sirli voqea sodir bo‘ldi.

O‘rmon yong‘inlarini o‘chirishda ko‘ngilli sifatida qatnashgan 32 yoshli Jyeffri Kiton ham boshqa qurbonlar kabi yong‘inni bartaraf etish chog‘ida vafot etgandi. Jyeffri o‘limidan so‘ng jasorati uchun maxsus orden bilan mukofotlandi. Dafn marosimi chog‘ida uning mukofotini 19 oylik o‘g‘li Xarvi qabul qilib oldi...

Reuters bu marosimdan tayyorlagan reportajida og‘zida so‘rg‘ichi bor bolakay Xarvi otasining jasorati uchun berilgan mukofotni qabul qilayotgani tasvirlangan suratni e'lon qildi. Bu surat ijtimoiy tarmoqlarda ko‘pchilikning e'tiborini tortdi. Xarvining otasi Jyeffri Kiton «tornado olovi» degan o‘ziga xos nom olgan yong‘inni o‘chirish vaqtida halok bo‘lgan.

Jyeffrining tobuti chekkasida bir dona stakanni ham ko‘rish mumkin. Unda «Dada, men sizni Oygacha yaxshi ko‘raman» (Daddy, I love you till moon and back) deb yozilgan. Bu ingliz tilidagi o‘ziga xos ibora bo‘lib kimdir yaqin insoniga «I love you till moon and back» desa, bu «Senga bo‘lgan muhabbatim shunchalik kuchliki, uni cho‘zishning imkoni bo‘lsa, Oygacha borib, qaytib kelishga ham yetadi», degan ma'noni bildiradi. Bundan tashqari bu iboraning «Men sen uchun Oyga borib qaytib kelishga ham tayyorman», degan ma'nosi ham bor.

Murg‘ak Xarviga mukofotni topshirish vaqtida Yangi Janubiy Uels shtati o‘t o‘chirish xizmati rahbari Kreyg Fitzimons ko‘z yoshlarini tiya olmadi. Tashkilotning tvitterdagi akkaunti Xarvining suratini joylab «Yaqinlarimizdan birini yo‘qotdik», deb yozdi.


Manba: "kun.uz"
Категория: Dunyo xabarlari | Просмотров: 76 | Добавил: admin7007 | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar

Copyright © Tarona.net Media 2014-2020 | Все права защищены | Реклама | Мы не несём ответственности за содержание. | Бесплатные произведения предназначены исключительно для предварительного ознакомительного прослушивания. Использование материалов сайта возможно только с письменного разрешения Администрации. |