Главная » 2020 » Март » 21 » Farg‘onada koronavirusga chalingan 19 yashar bemor aniqlangani rostmi?
08:25

Farg‘onada koronavirusga chalingan 19 yashar bemor aniqlangani rostmi?


Joriy yilning 20 mart kuni ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona shahridagi 5-oilaviy poliklinikada koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor aniqlangani haqida mish-mishlar tarqaldi. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu gap-so‘zlarga munosabat bildirdi. 

Qayd etilishicha, shu kuni mazkur poliklinikaga 2001 yilda tug‘ilgan Farg‘ona shahridagi go‘zallik salonlarining birida faoliyat ko‘rsatuvchi xodim X.D. tana haroratining oshishi, tamoq og‘rishi shikoyati bilan murojaat qilgan. Tibbiyot xodimlari tomonidan u belgilangan tartibda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan. Ammo bemor vrachga o‘z shikoyatlarini bayon qila turib, yaqinda  Rossiyada bo‘lib qaytgan fuqaro bilan muloqotda bo‘lganini aytib, atrofdagilarni vahimaga solgan. Bu esa ko‘pchilik o‘rtasida asossiz mish-mish tarqalishiga ham sabab bo‘lgan. 

Shundan so‘ng belgilangan tartibda poliklinika ma’sul xodimlari tomonidan viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi shtabiga xabar berilgan. 

“Ko‘rilgan tezkor tadbirlar va ehtiyot choralari natijasida bemorga zudlik bilan maslahat guruhi yuborilib, epidemiologik anamnezi to‘liq o‘rganilib, profilaktik nuqtai nazardan yuqumli kasalliklar shifoxonasi izolyatoriga yotqizilgan. Koronavirusni aniqlash uchun PZR usulida tekshirish uchun surtma olindi. Shu bilan birga, uning oila a’zolari ham qat’iy tibbiy kuzatuvga olingan”, deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Odiljon Umarov.

So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, bemordan shu yilning 20 mart kuni viloyat SEO virusologiya bo‘limi xodimlari tomonidan PZR usulidagi №197 sonli olingan tahlil xulosasiga ko‘ra, unda koronavirus infeksiyasi aniqlanmagan. 

Ma’lumot o‘rnida, aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan materiallarni tayyorlash yoki ularni tarqatish maqsadida saqlash 44 mln 600 ming so‘mdan 89 mln 200 ming so‘mgacha miqdorda jarima yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan ma’lumotlar va materiallarni har qanday shaklda tarqatish 66 mln 900 ming so‘mdan 89 mln 200 ming so‘mgacha miqdorda jarima yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Eslatib o'tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtda ushbu virusni yuqtirib olganlar 33 nafarga yetdi.

Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor


Manba: "qalampir.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | Просмотров: 4437 | Добавил: admin7007 | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar

Copyright © Tarona.net Media 2014-2020 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя