Главная » 2020 » Март » 20 » Katta lotereya. Koronavirusga qarshi birinchi vaksinani kim topadi?
20:43

Katta lotereya. Koronavirusga qarshi birinchi vaksinani kim topadi?


Koronavirusning tarqalishi butun dunyoga odatiy hisoblangan turmush tarzini o‘zgartirdi. Mutaxassislar pandemiya tarqalishining qachon kamayishini va hatto qachon tugashini aniq ayta olmayapti. Yagona umid koronavirusga qarshi vaksina kashf etilishi bo‘lib turibdi.

Yangiliklarga ko‘ra, Amerikaning “Moderna” biotexnologiya firmasi bu borada katta yutuqlarga erishmoqda. AQSH milliy sog‘liqni saqlash instituti bilan birgalikda u mRNA-1273 deb nomlangan vaksinaning prototipini ishlab chiqdi. Vaksinaning odamlarda qo‘llash bo‘yicha sinovlar Vashington shtati, Siyetl shahridagi "Kaiser Permanente Washington Health Research" institutida boshlandi. Bundan tashqari, AP (Associated press) nashrining ma’lumotiga ko‘ra, "Inovio Pharmaceuticals" kompaniyasi hozirda yangi virusga qarshi o‘z dori vositasini ishlab chiqmoqda. Uning sinov jarayoni aprel oyida AQSH, Xitoy va Janubiy Koreyada boshlanishi kutilmoqda.

Vaksina uchun kurash

Yuqorida amerikalik ekspertlarning muvaffaqiyatga erishayotgani haqida aytib o‘tdik. Lekin ushbu yutuqlariga qaramay, "Die Welt" nashrining yozishicha, shu hafta boshida AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Germaniyaning “CureVac” kompaniyasiga vaksina sinovlari jarayonini sotib olish maqsadida katta pul taklif qildi.

O‘tgan hafta “CureVac” bosh direktori Daniel Menikella boshqa farmatsevtika kompaniyalari rahbarlari bilan Oq uyda bo‘lib qaytdi. Uchrashuv ishtirokchilari Tramp va vitse-prezident Maykl Pens bilan koronavirus vaksinasini muhokama qilishdi. Kompaniyaning ta’kidlashicha, Menikella AQSH rasmiylariga eksperimental dorilar yozning boshida tayyor bo‘lishini aytdi.

“Die Welt”ga ko‘ra, rasmiy Vashington “CureVac”ni o‘z tadqiqotlarini AQSHga o‘tkazishga va vaksinani faqatgina AQSHda ishlab chiqishga undagan. Amerika rasmiylarining kompaniyani o‘ziga og‘dirishga uringani haqidagi ma’lumot Germaniya Sog‘liqni saqlash vazirligida tasdiqlandi.

Bu yangilik nemis siyosatchilarining g‘azabini qo‘zg‘atdi, ular rasmiy Berlindan AQSH rejalariga xalaqit berish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishni talab qildilar. O‘z navbatida Amerikaning Germaniyadagi elchisi Richard Grenell Twitter`da “Die Welt” maqolasi “noto‘g‘ri” ekanligini yozdi AQSHning yana bir rasmiy vakili AFP (Agence France-Presse) nashriga, ma’lumot “juda bo‘rtirib yuborilganligini” aytdi. “CureVac” kompaniyasining o‘zi ham ularni “sotib olish” haqidagi har qanday “mish-mishlarni” rad etdi.

“Barcha harakatlar butun dunyo bo‘ylab odamlar va bemorlarga yordam berish va himoya qilish uchun koronavirusga qarshi vaksinani ishlab chiqishga qaratilgan”, deyiladi kompaniya bayonotida. Keyinchalik Yevropa Komissiyasi “CureVac” faoliyatini moliyalashtirishni ma'lum qildi.

Dunyo bo‘ylab harakatlar

Xitoylik mutaxassislar virusning genetik kodini aniqlashga muvaffaq bo‘lgandan so‘ng, dunyo mamlakatlari vaksina ustida ishlay boshladi. Yevropa Ittifoqi, AQSH, Avstraliya, Isroil, Xitoy, Yaponiya va Rossiyadan kelgan tadqiqotchilar COVID-19 ga qarshi kurash usullarini topishga harakat qilmoqdalar. 35 taga yaqin kompaniya va ilmiy-tadqiqot muassasalari dori-darmonlarni yaratish ustida ishlamoqda. Ulardan to‘rttasi allaqachon hayvonlarda sinovlar o‘tkazishdi. Yaqinda Xitoyda klinik sinovlarga ruxsat berildi. Avvalroq bu mamlakatda yangi turdagi koronavirus uchun sakkizta vaksina ishlab chiqarilgani va ularning ba’zilari transgen sichqonlar va makakalarda muvaffaqiyatli sinovdan o‘tganligi haqida xabar berildi.

Vaksinani yaratish o‘zi murakkab va sekin jarayon. Vaksinani yaratish bir xil tarzda amalga oshiriladi. Birinchi navbatda, olimlar virusga o‘xshash patogen (mikroorganizm) yaratishga harakat qiladilar. Ular yaratgan patogen koronavirusga juda o‘xshash, lekin organizmga xavfsizroq bo‘ladi. Keyin u emlash orqali odam immunitetiga ta’sir qiladi. Normal holda, organizm patogenni eslab qoladi. Shundan so‘ng, virus inson organizmiga tushsa, immunitet infeksiyaning tarqalishi boshlanguncha unga qarshi reaksiyani boshlaydi.

Biroq, ba’zi mutaxassislar vaksinani tezda qo‘llash bu muvozanatni buzish xavfini keltirib chiqarishidan xavotirda. Ularning fikricha, bu kasallikning kuchayishiga olib keladi. “Reuters” xabariga ko‘ra, tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, koronavirusga qarshi dorilar “infeksiyaning antijismga bog‘liq sindromi” deb ataladigan xavfni tug‘diradi. Bu esa, agar emlashdan keyin kasallik “chekinmasa”, uning yanada kuchayish jarayoniga ishora qiladi.

Virusga qarshi vaksina haqida gapirishga hali juda erta ekanligi aytilmoqda. Virus bir necha oy ichida paydo bo‘lishi va yo‘q bo‘lib ketishi, shuningdek, tezda o‘zgarishi – mutatsiyaga uchrashi mumkin. Shuning uchun, turli mamlakatlarning bir vaqtning o‘zida vaksinani topishga urinishlarini kuzatib turib, bu jarayonni poygaga emas, balki lotereyaga qiyoslash to‘g‘ri bo‘ladi. Har bir jamoaning o‘ziga xos chiptasi bor va ularning g‘alaba qozonishi nafaqat tezlik yoki mahoratga, balki vaziyatning muvaffaqiyatli kombinatsiyasiga bog‘liq.

Vaksinani ishlab chiqish tadbirkorlik nuqtai nazaridan xavfli biznesdir. Oxir-oqibat, vaksina ishlab chiqaruvchilarning faqat bir nechtasi klinik sinovlargacha yetib borishi mumkin.

Vaksina qachon paydo bo‘ladi?

Agar vaksina hozirda paydo bo‘lsa ham, u oddiy iste’molchilarga taqdim etilishidan oldin kamida 1-1,5 yil sinovdan o‘tadi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) vaksina yaratish uchun kamida 18 oy talab qilishini aytib o‘tdi. Vaksina samarali deb topilsagina, ommaviy ishlab chiqarish kerak bo‘ladi.

Epidemik profilaktika uchun innovatsiyalar bo‘yicha global koalitsiya, SEPI (Coalition for Epidemic Preparedness Innovations - Epidemiyaga tayyorgarlik innovatsiyalari bo‘yicha koalitsiya) vaksina ishlab chiqaruvchi kompaniyalarni qo'llab quvvatlamoqchi. Ushbu xalqaro tashkilot vaksinalarni rivojlantirishga mablag‘ sarflashga va bir vaqtning o‘zida ishlab chiqarishni moliyalashtirishga tayyor. Yaqinda u virusga qarshi vaksina ishlab chiqarishga qaratilgan sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 2 milliard dollar kerakligini aytdi. SEPI ijrochi direktori Richard Xetchetning so‘zlariga ko‘ra, vaksinalarni ishlab chiqish dasturi pulsiz amalga oshirib bo‘lmaydi.

Biroq, vaksina ishlab chiqarishga bo‘lgan to‘siqlar shu yerda tugamaydi. Boshqa bir muammo bu – vaksinani barcha muhtojlarga yetkazishdir. Qoidaga ko‘ra, pandemiya, birinchi navbatda eng kambag‘al mamlakatlarga ta’sir qiladi. Sabab – samarali sog‘liqni saqlash tizimlarini shakllantirish uchun ularda pul yo‘q. Bu, shuningdek, vaksinalarni sotib olish imkoniyatlariga ta’sir qiladi. Masalan, 2009 yilda cho‘chqa grippi pandemiyasi (H1N1) davrida, eng boy mamlakatlar asosiy dori-darmonlarni sotib olib, kambag‘al davlatlarni ushbu vositalardan mahrum qilishdi.

Boshqa variant ham bor. Masalan, rivojlanayotgan mamlakatlar uchun asosiy vaksinalarni yetkazib beruvchisi bo‘lgan Hindiston, ishlab chiqarish vositalarini birinchi navbatda 1,3 milliard aholisini himoya qilish uchun ishlatishga qaror qiladi va shundan keyingina dori-darmonlarni eksport qiladi. Ushbu ssenariy AQSH rasmiylarining vaksinani birinchi bo‘lib har qanday yo‘l bilan bo‘lsa ham sotib olish istagini to‘liq ochib beradi. Chunki 1,3 milliard aholini emlashni kutish juda katta vaqtni talab qiladi.

Shu ma’noda, JSST hukumatlar, xayriya jamg‘armalar va vaksina ishlab chiqaruvchilarni global tarqatish bo‘yicha adolatli strategiyani kelishib olish uchun birlashtirishi mumkin. Ammo pandemiya boshqa mavzu va bu holatda hech qanday mamlakat biron bir xalqaro talablarga rioya qilishga o‘zini majbur deb hisoblamaydi.

Ko‘rib turganingizdek, vaksina yaqin vaqt ichida yaratilmaydi. Ammo vaksina paydo bo‘lishidan oldin kasallikni iloji boricha jilovlab turish kerak. Shuning uchun, olimlar laboratoriyalarda ishlayotganda, qolganlar uyda qolib, qo‘llarini yanada ko‘p marta yuvishi yaxshiroqdir.

Bizning tahririyat ham koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqarilgunga qadar aynan shu maslahatni beradi: Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor


Manba: "qalampir.uz"
Категория: Dunyo xabarlari | Просмотров: 2405 | Добавил: admin7007 | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar

Copyright © Tarona.net Media 2014-2020 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя