Главная » 2020 » Январь » 4 » Namanganda bemorning qarindoshi shifokorning ko‘zini ko‘r qildi. Mushtumzo‘r ushlangan
23:32

Namanganda bemorning qarindoshi shifokorning ko‘zini ko‘r qildi. Mushtumzo‘r ushlangan


Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tuman shoshilinch tibbiy yordam bo‘limi jarrohi O.Q.ga bemorning tog‘asi tomonidan tajovuz qilinib, tiklanib bo‘lmas jarohat yetkazildi, deya xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.

2-yanvar kuni soat taxminan 18:30 da Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tuman shoshilinch tibbiy yordam bo‘limi bolalar bo‘limiga ambulator murojaat qilgan bemorga zudlik bilan yordam ko‘rsatilgan. Bemor bolaning tog‘asi, “Farovon” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi, 1990-yil tug‘ilgan B.T. muolaja xonasi oldida janjal ko‘tarib turgan paytda tuman shoshilinch tibbiy yordam bo‘limi bolalar bo‘limi navbatchi jarrohi, 1960-yil tug‘ilgan O.Q. uning oldiga borgan.

U B.T.ning qo‘lidan yetaklab, tinchlantirishga harakat qilib, zina oldidagi eshikka olib borgan va tashqariga chiqarib, eshikni yopgan. Vrach orqaga qaytayotgan paytda B.T. eshikni tepib, buzib ichkariga kirgan va navbatchi jarrohga qo‘qqisdan o‘ng ko‘zi sohasiga kuchli zarba bergan. Oqibatda O.Q.ning o‘ng ko‘z olmasini posttravmatik yorilishi kuzatilgan.

Ushbu voqea paytida terapiya bo‘limi navbatchi hamshiralari va xirurgiya post navbatchi hamshirasi o‘sha yerda bo‘lgan. Shundan so‘ng navbatchi vrachga tan jarohati yetkazgan B.T. voqea joyidan qochgan. Yolg‘iz qolgan jabrlanuvchiga terapiya bo‘limida davolanayotgan bemor D.I qonayotgan sohaga paxta qo‘yib yordam ko‘rsatgan. Bo‘lim navbatchi farroshi reanimatsiya bo‘limidagi navbatchi vrachlarni chaqirgan.

Jabrlanuvchi bog‘lov xonasiga olib kirilgan va shoshilinch ravishda okulist Z.Valiyev chaqirilgan hamda “102” navbatchilik qismiga xabar berilgan. Okulist tomonidan bemor ko‘rilgan va birlamchi tibbiy yordam berilib, tez yordam aviatsiyaga xabar berilgan. Bemor zudlik bilan Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Namangan filialiga yetkazilgan.

Bu yerda shifokorlar tomonidan zudlik bilan tekshiruvdan o‘tkazilib, “Yopiq kalla bosh miya jarohati. O‘ng ko‘z olmasining travmatik katta yorilishi, ko‘z gavharini chiqishi” dastlabki tashxisi bilan yotqizilgan. Shu kunning o‘zida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan viloyatga tajribali mutaxassislar yuborilgan.

3-yanvar kuni tong soat 5:00 da shoshilinch ravishda Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z kasalliklari shifoxonasi bo‘lim boshlig‘i Muhabbat Ibragimova va bo‘lim shifokori Asqar Husanov tomonidan bemordagi o‘ng ko‘z olmasi shakli buzilishi va yumshoq to‘qimalar shikastlanishiga birlamchi murakkab xirurgik ishlov berish operatsiyasi o‘tkazilgan.

“Ayni paytda tajribali shifokorlar tomonidan bemorga malakali tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. Biroq, jabrlanuvchi shifokorning ko‘zi qayta tiklanmaydigan darajada ko‘rish qobiliyatini yo‘qotgan”, — deya ma’lum qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot kotibi Furqat Sanayev.

IIV huzuridagi Tergov departamentidan ma`lum qilinishicha, ushbu holat yuzasidan Uchqo‘rg‘on tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi “b” bandi (o‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan shaxsning badaniga qasddan og‘ir shikast yetkazish) bilan B.T. gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilinib, protsessual tartibda ushlangan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.


Manba: "daryo.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | Просмотров: 127 | Добавил: admin7007 | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar

Copyright © Tarona.net Media 2014-2020 | Все права защищены | Реклама | Мы не несём ответственности за содержание. | Бесплатные произведения предназначены исключительно для предварительного ознакомительного прослушивания. Использование материалов сайта возможно только с письменного разрешения Администрации. |