Главная » 2020 » Январь » 8 » Tramp bayonot berdi: Eron chekindi, AQSh bosimni davom ettiradi
22:57

Tramp bayonot berdi: Eron chekindi, AQSh bosimni davom ettiradi


AQSh prezidenti Donald Tramp Eronning raketa zarbasiga javob qaytardi va uning boshqaruvi davrida bu davlat hech qachon yadroviy derjava bo‘la olmasligini va'da qildi. Uning aytishicha, 8 yanvarga o‘tar kechasi Eron tomonidan AQShning Iroq hududidagi bazalariga uchirilgan raketalar biror amerikalikka shikast yetkaza olmagan, shuningdek, bazalardagi obektlarga jiddiy shikast yetmagan.

AQSh prezidenti Donald Tramp maxsus konferensiya orqali Yaqin Sharqdagi so‘nggi voqealar yuzasidan millatga murojaat qildi.

«Men prezident ekanman, Eron hech qachon yadroviy derjava bo‘la olmaydi. 

Aftidan, Eron chekinishga qaror qildi, bu esa butun dunyo uchun yaxshi», deya so‘zini boshladi Tramp.

Trampning so‘zlariga ko‘ra, ogohlantirish tizimi faoliyati evaziga qurbonlar berilmagan.

U Vashington Tehronga qarshi yangi iqtisodiy sanksiyalar qo‘llashini ma'lum qildi. Biroq gap aynan qanday sanksiyalar haqida borayotganiga aniqlik kiritilmadi.

Bundan tashqari, Amerika prezidenti Eron terrorchilarni qo‘llab-quvvatlab kelayotganini ta'kidladi.

U Buyuk Britaniya, Xitoy, Germaniya, Fransiya va Rossiyani Eron bilan yangi yadroviy kelishuv tuzish bo‘yicha hamkorlik qilishga chaqirdi.

Donald Tramp, shuningdek, NATOni Yaqin Sharqda faolroq bo‘lishga chaqirdi.

«Bugun NATOdan Yaqin Sharq jarayoniga chuqurroq yondashuvni ta'minlashini so‘rayman», - dedi u.

U Eron rahbariyati va eronliklarga yuzlandi.

«Eron xalqi va rahbariyatiga murojaat qilmoqdaman. Biz sizlar munosib bo‘lgan buyuk kelajakka ega bo‘lishingizni: mamlakatingiz gullab-yashnashi va dunyoning barcha mamlakatlari bilan uyg‘un munosabatlar bo‘lishini istaymiz. Qo‘shma Shtatlar tinchlikka intiluvchi barcha bilan tinchlik o‘rnatishga tayyor», dedi Tramp.

Yaqin Sharqdagi vaziyat

Yaqin Sharqdagi vaziyat 2019 yilning dekabr oyi oxirida amerikalik harbiylar Iroqdagi shialarning «Kataib Hizbulloh» guruhi obektlariga aviazarba bergach keskinlasha boshladi. 31 dekabr kuni ushbu hujum qurbonlarning dafn marosimidan keyin minglab namoyishchilar AQShning Bag‘doddagi elchixonasini qamal qildi.

3 yanvar kuni AQSh harbiylari ushbu hujumni tashkillashtirishda ayblab, Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi generali Qosim Sulaymoniyni Bag‘doddagi aeroport hududida o‘ldirdi va inqirozli holat yanada chuqurlashdi.

7 yanvardan 8 yanvarga o‘tar kechasi Eron qurolli kuchlari AQShning Iroqdagi bazalari tomon raketa zarbalari yo‘lladi. 

AQSh Markaziy qo‘mondonligi ma'lumotlariga ko‘ra, jami 15ta raketa uchirilgan. Ulardan 10tasi Ayn al-Asad aviabazasiga, bittasi Iroq shimolida joylashgan Arbildagi bazaga kelib tushgan, to‘rtta raketa esa nishongacha yetib bormagan. Iroq rasmiy Eron tomondan 30dan ortiq raketa uchirilganini ma'lum qildi.

Keyinroq Eron davlat televideniyesi ushbu hujum oqibatida AQSh harbiy xizmatchilaridan 80 nafari o‘ldirilgani haqida xabar tarqatgandi.

Donald Tramp «hammasi joyidaligi»ni aytdi va bu hujum yuzasidan «keyinroq» bayonot berishni va'da qildi.

«Hammasi yaxshi! Raketalar Erondan Iroqda joylashgan ikkita harbiy baza tomon uchirilgan. Hammasi ko‘ngildagidek ketmoqda! Bugungi kunda bizda jahondagi eng qudratli va eng yaxshi ta'minlangan harbiylar bor! Men (Amerika vaqti bilan) tongda bayonot beraman», deb yozdi Tramp tvitterdagi sahifasida.

Shundan keyingi 16 soat davomida Tramp sukut saqladi va birorta tvit yozmadi. Uning matbuot kotibi, prezident milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchilari bilan maslahatlashuvlar olib borayotganini ma'lum qildi.


Manba: "kun.uz"
Категория: Dunyo xabarlari | Просмотров: 439 | Добавил: admin7007 | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar

Copyright © Tarona.net Media 2014-2020 | Все права защищены | Реклама | Мы не несём ответственности за содержание. | Бесплатные произведения предназначены исключительно для предварительного ознакомительного прослушивания. Использование материалов сайта возможно только с письменного разрешения Администрации. |