Главная » 2017 » Январь » 17 » Baxt kaliti qaerda? Yoxud baxti ochilmayotgan qizlar tasnifi
16:16

Baxt kaliti qaerda? Yoxud baxti ochilmayotgan qizlar tasnifi


Go‘zal, oqila, ishda, ilmda katta muvaffaqiyatlarga erishgan, fe’li ham ajoyib, ammo… yolg‘iz! Sizning tanishlaringiz orasida ham shunday qizlar bordir? Xo‘sh, u nega shu paytgacha yolg‘iz, nega baxti hech ochilmaydi? Siz kelin qilish umidida qiz qidirganlarga uning manzilini berasiz, yaxshi yigitlar bilan tanishtirib qo‘yasiz, biroq bari befoyda. U negadir nomzodlarni o‘zidan nari itarayotgandek yoki nimasi bilandir cho‘chitayotgandek. Xo‘sh, muammo nimada? Ruhshunoslar fikricha, bunday qizlar bir necha toifaga bo‘linar ekan.

1-toifa: QIROLIChA

Shohsanam bir qarashda kishida yaxshi taassurot qoldiradi. Chiroyli, ochiqko‘ngil, kirishimli, quvnoq va bama’ni qiz. Bundan tashqari, havas qilsa arzigulik kelin bo‘lishi mumkin: mashinasi, kvartirasi bor, oliy ma’lumotli, yaxshi ishda ishlaydi, ziyoli oilada tarbiya topgan. Shunga qaramay, yoshi 28 ga chiqsa hamki hamon oila qurmagan. Hatto shu paytgacha birovdan sevgi izhori ham eshitmagan ekan. Umuman olganda, Shohsanamning o‘zi uncha-muncha yigitni nazariga ilmasligi hech kimga sir emas. U bo‘lajak turmush o‘rtog‘iga qo‘yadigan shartlarni eshitib, nega yigitlar bu qizdan bir chaqirim narida yurishlarini tushunsa bo‘ladi. Ya’ni bo‘lajak kuyov ichmasin, chekmasin, yaxshi pul topsin, uni qattiq sevsin va Shohsanamdan har tomonlama «bir kalla baland bo‘lsin» emish. Bordiyu talabgor yigit bu talablardan birontasiga ozgina bo‘lsa-da javob bermaslikka jur’at etsa, mag‘rur qirolichamiz qoshlarini chimirib, sho‘rlikni «brak»ka chiqaradilar. Qiziq, unga bunday «shahzoda»ni qaerdan topamiz? Ular faqat kinolarda bo‘ladi axir!

Aslida bunday qizlarga erning keragi yo‘q, deyishga shoshilmang. Biz bilamiz, Shohsanam ham hamma qizlar qatori oila qurishni, farzandli bo‘lishni orzu qiladi. Ammo bu orzusi tomon bir qadam ham tashlagisi, o‘ziga xayolan yaratib olgan idealidan oz bo‘lsa-da voz kechgisi yo‘q.

Siz shunday toifaga kirasiz, agar mana bunday bo‘lsangiz:

hammani bo‘lar-bo‘lmasga tanqid qilaverasiz;

murosa qilishni bilmaysiz;

mulohazalaringiz qat’iy va keskin;

o‘zingizni doimo haq deb bilasiz;

ko‘pincha siz bilan yaxshi muloqot boshlagan insonlarning vaqt o‘tgani sayin sizdan o‘zlarini olib qochishlarini sezasiz;

hazilni ko‘tara olmaysiz.

Nima qilmoq kerak?

Birinchi navbatda g‘ururni bir chetga surib qo‘yib, dugonalaringiz, yaqinlaringizdan sizni yaxshilab tanqid qilishlarini so‘rang. So‘ng ularga diqqat bilan quloq soling, gaplarini bo‘lmang va bahslashmang. Tanqidlarni inobatga olishga harakat qiling. Yigit bilan uchrashganda uning kamchiliklariga emas, fazilatlariga e’tibor qarating. Ko‘proq tinglashni va bo‘lar-bo‘lmasga bahslashavermaslikni o‘rganing. Atrofingizdagilar haqida yomon gapirmang. Qisqasi, tojingizni yechib turing, qirolicham!

2-toifa: NAZORATChI

«Azizim, bugun konsertga boramiz-a, unutmadingizmi? Soat nechadaligini esdan chiqarmagandirsiz? Konsert zali qaerda joylashganini bilasizmi? Iltimos, kech qolmang, uydan vaqtliroq chiqing. Qani, hammasini bir boshdan takrorlang-chi: qachon, qaerda, soat nechada uchrashamiz? Baqirmang, men nima qildim sizga?!» Sevara besh yashar bola yoki shaharga yangi kelgan muhojir bilan konsertga tushmoqchi, deb o‘yladingizmi? Yo‘q, aslo. Uning sobiq (!) qallig‘i kap-katta yigit, shaharning yarmini mashina moylari bilan ta’minlaydigan firma boshlig‘i edi. Ammo, afsuski, to‘y bo‘lmadi. Chunki uni yosh bola deb hisoblayotgan, ishonmayotgan, suyanmayotgan, aksincha o‘zini nazoratchi onadek tutayotgan qizga uylanishni kim ham istardi?! Sevaraning hamma narsani nazorat qilaverish odati yoshligidan unga pand berib keladi, ammo qiz tushmagur buni tan olishni istamaydi. Tarki odat — amri mahol, deganlari shu bo‘lsa kerak. Fotiha buzilgach, qiz sho‘rlik «bevafo», «yaxshilikni bilmaydigan» yigitni qarg‘ab, rosa ko‘z yosh to‘kdi. Ammo endi bari befoyda edi.

Siz shunday toifaga kirasiz, agar mana bunday bo‘lsangiz:

hamma narsani nazorat qilaverasiz;

«buni mendan boshqa hech kim qila olmaydi», deb o‘ylaysiz;

uchrashuv vaqti va joyini kunda bir necha bor aniqlashtirishdan charchamaysiz;

uchrashuvga yigitning kech qolishini kechirib bo‘lmas gunoh hisoblaysiz;

erkaklarni yosh bola deb o‘ylaysiz.

Nima qilmoq kerak?

«Bor-ey!» deb hammasini o‘z holiga tashlab qo‘ying. Yigitingiz konsertga chipta topa olmasligiga 100 foiz ishonsangiz ham, unga imkon bering. Balki sizni lol qoldirib, oldingi qatorga chipta olib kelar! Xo‘p, siz nazorat qilmasangiz, hech bir ish hal bo‘lmaydi. Xo‘sh, nima qilibdi? Shuning uchun sevimli insoningiz bilan munosabatlaringizni qurbon qilish aqldanmi? Bir martagina bo‘lsa-da mas’uliyatni yigitning zimmasiga yuklang. Kim biladi, bu keyin o‘zingizga ham yoqib qolar.

3-toifa: «ERSIZ QOLMASAM BO‘LDI!»

Dilnoza qizaloqligidanoq kelin bo‘lishni orzu qilardi. Boshqa qizlarga o‘xshab «shifokorlik kasbini tanlayman» yoki «katta o‘qishda o‘qiyman» demasdi, faqat «kelin bo‘laman» derdi. Chiroyli liboslarda erini kutib olishini, unga shirin taomlar pishirib, bir etak bola tug‘ib berishini o‘ylab katta bo‘ldi. Aksiga olib, baxt kutganingda kelmaydi. Dugonalari o‘qishni bitirib, turmushga chiqib ketishdi. U esa yoshi 25 ga chiqdi hamki, orzu qilgani — oq ko‘ylak va Limuzin unga yaqin kelay demayapti. Kaddi-basti kelishgan, yuzlari oyday, bir xonadonni guldek yashnatadigan qiz hamon boshqalarning to‘yida kelinlarga havas va hatto hasad bilan qarashdan nariga o‘ta olmayapti. Shu paytgacha chiqqan uchrashuvlariyu ko‘rgan yigitlarining sanab, adog‘iga yetib bo‘lmaydi. Yigitlarga ortiqcha talab ham qo‘ymaydi. Shunchaki, uyim-joyim deydigan bo‘lsa, kifoya. Ammo yigitlar negadir uni tanlashmayapti. Aynib ketgan sovchilardan birining orqavarotdan aytishicha, Dilnoza ikkinchi uchrashuvdayoq o‘zini yigitning xotinidek tuta boshlabdi. Uchrashuvning ertasiga yigitga qo‘ng‘iroq qilib, dorilarini ichgan-ichmaganini so‘rabdi, istasa, yigit bilan birga bozorga tushib, unga kiyim tanlashda yordamlashishi mumkinligini ham aytibdi. Hozirdanoq qizning o‘zini bekadek tutayotganidan cho‘chigan yigit orqasiga qaramay qochvoribdi.

Siz shunday toifaga kirasiz, agar mana bunday bo‘lsangiz:

har bir yigitga bo‘lajak turmush o‘rtog‘ingiz sifatida qaraysiz;

yigit nimadan gap ochmasin, mavzuni to‘y va ro‘zg‘or tashvishlariga burasiz;

o‘zingizning ajoyib beka bo‘lishingizni bo‘lar-bo‘lmasga ko‘z-ko‘z etaverasiz;

uning pullarini tejamoqchi bo‘lasiz.

Nima qilmoq kerak?

Avvalo, kelajakka doir aniq rejalar tuzib, har bir yigitga bo‘lajak erdek qarashni bas qiling. Qiziqishlaringiz doirasini kengaytiring, biror foydali mashg‘ulot bilan shug‘ullaning, kasb o‘rganing, xullas, «nima bo‘lsa ham erga tegish» fikridan biroz chalg‘ing. Tanishgan yigitingizning shaxsiy hayotiga darhol aralashib, unda tartib o‘rnatishga kirishib ketmang. Siz hozircha uning hayotida shunchaki bir mehmonsiz. Yigit sizni shunchaki ko‘rmoqchi, sinamoqchi, aslida qanday ekanligingizni bilmoqchi. Hech qachon to‘y, ro‘zg‘or, birgalikdagi hayot mavzulariga sha’ma ham qilmang. Aksincha, o‘zingizni erkin tuting, xuddi oila qurish sizga emas, unga kerakdek.

4-toifa: OG‘ZI KUYGAN QATIQNI HAM PUFLAB IChAR

Karima yigitlarga ishonmay qo‘ygandi. Chunki talabalik davrida tanishib, sevishgan yigiti Ravshan to‘rt yil uning qo‘ynini puch yong‘oqqa to‘ldirib yurib, oxiri boshqaga uylanib ketdi. Keyin qizni sovchilar orqali bir yigitga unashtirishgandi, bo‘lajak kuyovning giyohvandligi ma’lum bo‘lib, to‘y buzildi. Shundan so‘ng Karima o‘z qobig‘iga o‘ralib olib, hech bir yigitni yaqiniga yo‘latmaydigan bo‘lib qoldi. Oradan ma’lum fursat o‘tgach, yaralar o‘rni bitib, qiz yana oila qurish, farzandli bo‘lish haqida o‘ylay boshladi. Ammo endi har bir yigit uning ko‘ziga aldoqchi, giyohvand, ichkilikboz bo‘lib ko‘rinardi.

Siz shunday toifaga kirasiz, agar mana bunday bo‘lsangiz:

oilangizda muammolar ko‘p;

yaxshi yigitlar ham borligiga ishonmaysiz;

ertami-kech sizni baribir aldab ketishlariga aminsiz;

imkon bo‘lishi bilan yigitingizning cho‘ntagi, telefoni va hatto elektron pochtasini ham tekshirmoqchi bo‘lasiz.

Nima qilmoq kerak?

Avvalo, yaxshi narsalardan ibrat olishga intiling. Tanish-bilishlaringiz orasida baxtli oila qurganlar yo‘qmi? Bo‘lsa kerak, faqat yaxshilab qarang. Ularga baxt kulib boqibdimi, demak, sizga ham kulishi tayin. O‘zingizning bu qadar badgumonligingiz sababini anglashga harakat qiling. Insonlarga, xususan, yigitlarga ozgina bo‘lsa-da, ishonishni o‘rganing. Unutmang, insonga ishonmasangiz, u ko‘nglingizning taqa-taq yopiq eshigini chertaverib, oxiri charchashi va bir kuni sizning eng yomon shubhalaringizni tasdiqlay boshlashi mumkin.

Shahnoza SOATOVA


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Fikr Mulohaza | | Теги: Turmush, Oila, Qiz, Baxt | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя