Главная » 2016 » Декабрь » 1 » Bolani himoya qilish kerakmi yo yo‘q?
20:22

Bolani himoya qilish kerakmi yo yo‘q?


Ko‘chadan, maktabdan yig‘lab kelgan, bog‘chadagi qitmirdan nuqul shikoyat qiladigan farzandiga achinib nimalardir qilgisi kelgan, dunyoda adolat o‘rnatishga bel bog‘lagan onlar har bir onada ham bo‘lgan. Shu lahzalarda qanday qaror qabul to‘g‘ri: bolani himoya qilish kerakmi yoki muammolarini o‘zi hal qilishga o‘rgatishmi?

«O‘qituvchi o‘g‘limni haqoratlabdi…»

— Ikkinchi sinfda o‘qiydigan o‘g‘lim maktabga borgisi kelmay qoldi. Ming tayyorlansa ham, o‘qituvchisi past baho qo‘yadi. Yetmaganiga hammaning oldida «Esing pastmi?» debdi. O‘g‘lim yig‘lab keldi. Borib o‘sha «esi bor» o‘qituvchining adabini berib kelay desam, keyin alamini bolamdan olishidan qo‘rqaman. Jim ketay desam, bu hech qachon tugamaydigandek.

Mashhura

Maslahat: Bunday vaziyatda o‘qituvchi bilan gaplashmay iloji yo‘q. Bolani ko‘pchilikning oldida izza qilish pedagogikaga zid. Shu sababli u bilan gaplashing, muammo nimadaligini biling. Darsiga kirib o‘tirish, boshqa bolalarga munosabatini kuzatishga ham haqqingiz bor. Juda bo‘lmasa, boshqa sinfga o‘tkazib yuborishni maktab direktoridan iltimos qilishingiz mumkin. Lekin farzandingiz xulqi, atrofdagilar bilan muloqotiga ham xolis qarang. Bu hol faqat shu o‘qituvchi bilan bo‘layaptimi yo boshqalar bilan ham shundaymi? Bolangiz biror muammoga duch kelganida birinchi bo‘lib o‘zi hal qilishga urinib ko‘radimi yoki darrov arz qilishga tushadimi? Agar bu faqat shu o‘qituvchi bilan bog‘liq bo‘lsa, albatta, bolaning yonini olish kerak. Chunki kichkintoy hali kattalar oldida o‘zini himoya qilolmaydi, ko‘nglidagilarni bildira olmaydi, fikrini to‘liq ifodalashda ham ojiz jihatlari ko‘p. Shu sababli farzandingizning o‘ziga xosligini o‘qituvchiga tushuntirish, o‘qituvchining ham o‘g‘lingizdan nima istayotganini bilish lozim. Tajribalardan ma’lum bo‘lishicha, o‘qituvchi qaysi o‘quvchisining ota-onasi bilan ko‘p muloqotda bo‘lsa, o‘sha bolaning o‘zlashtirishida yuksalish kuzatiladi. Demak, o‘qituvchi bilan aloqalarni tiklang. Bordiyu farzandingizning atrofdagilar bilan munosabatida muammo chiqsa, doim oldingizga arz qilib keladigan bo‘lsa, demak, uning o‘zi bilan shug‘ullanish, bolada mustaqillik, jur’at va irodani tarbiyalash kerak.

Bola maktabda kaltak yesa…

— 1-sinfda o‘qiydigan o‘g‘limni maktabda nuqul bolalar urayapti. Albatta, o‘lasi qilib kaltaklashayapti deyolmayman, ammo baribir bu odamning dilini xira qiladi. Bugun darsdan qochib keldi, ko‘zi to‘la yosh, maktabga boshqa bormayman, deyapti. O‘qituvchisi bilan o‘tgan hafta xabarlashdim, o‘g‘limni xafa qilayotganlar bilan gaplashib qo‘yishga va’da berdi. Ammo ahvol o‘zgarmadi. Dadasi «Bu bo‘lajak erkak, o‘zi hal qilsin, aralashma», deyapti. Savol: ota-onalar maktabga borib boshqa bolalardan farzandlarini himoya qilishlari kerakmi yo bolalarning o‘zlariga qo‘yib bergan ma’qulmi?

Malika

Maslahat: «Bolalar urishayapti»ni turlicha talqin qilish mumkin. Ba’zida o‘quvchilar tanaffusda yo‘lakda o‘ynay turib bexosdan turtishib ketishadi, bu o‘yin jarayonidagi holat va kichik ziddiyatlarga tug‘ma moyilligi bor o‘g‘il bolalarning sho‘xligi bo‘lishi mumkin. Buni ayrim bolalar o‘zlariga nisbatan tajovuz deb qabul qilishadi. Ammo ayrim hollarda bola chindan ham tengdoshlari tomonidan bosim ostida qolishi mumkin. Buning sababini bilish uchun avvalo maktab o‘qituvchisini jalb qilgan holda sinfdagi ahvolni, o‘g‘lingizning tengdoshlari orasidagi mavqei va o‘rnini aniqlang. Balki ayrim o‘rinlarda uning faolroq bo‘lgani ma’quldir. Bolangizning o‘ziga nisbatan bahosi va ishonchini oshiring. Uni sport to‘garaklariga bering. Bu nafaqat uning o‘zini himoya qilishi, balki o‘ziga nisbatan ishonchining ortishi uchun ham zarur. Ammo maktablarda shunaqangi tarbiyasi buzuq bolalar bo‘ladiki, bu kichkina «zolim»lar atrofdagi tengdoshlarini o‘zlariga bo‘ysundirishni istashadi. Qilmishlari jazosiz qolishini bilganlari uchun hadlaridan oshaveradilar. O‘qituvchilar bu vaziyatga e’tibor bermaydilar yoki o‘zlariga muammo orttirishni istamaganlari uchun shunchaki o‘zlarini ko‘rmaganga olishadilar. Maktab rahbariyatining esa go‘yoki bundan muhim muammolari tiqilib yotibdi. Agar shunday vaziyatga duch kelsangiz, kimdir farzandingizni muntazam tahqirlab, ta’qib etayotganini sezsangiz, o‘zlari hal qilishadi deb o‘tirmang. Chunki doimiy bosim bolangizning o‘qishga ko‘nglini sovutish bilan birga ruhiyatiga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. O‘qituvchi, maktab direktorini muammoga jalb qiling, kutilgan natijaga erishmasangiz, yaqin atrofdagi boshqa maktabga farzandingizni o‘tkazing. Xullas, bu holni shunday qoldirmang.

«Erim juda qattiqqo‘l»

— Erimni juda hurmat qilaman, oilamizda u bosh. Har doim odamlar oldida ham, yolg‘iz qolganimizda ham hurmatini joyiga qo‘yaman. U — yaxshi ota, farzandlarimiz uchun jonini fido qilishga tayyor, tarbiyasi bilan shug‘ullanadi, to‘garaklarga olib boradi, darslariga qiziqadi. Ammo bir masalada hech yakdil emasmiz: erim bolalarni jazolaganiga chidab turolmayman. Tunov kuni o‘g‘lim shkafning tortmasini sindirib qo‘yibdi. Otasi urmoqchi edi, qo‘ymadim, bolamning yonini olib qattiq gapirdim. Bolaning oldida mening obro‘yimni to‘kding, deb xafa bo‘ldi. Nima qilay, bolamning kaltaklanishiga chiday olmayman-da.  

Farida

Maslahat: Yosh bolani jismoniy jazolash o‘zini oqlaydigan usul emas. Bolaga tushuntirish, ibrat ko‘rsatish orqali ta’sir o‘tkazish mumkin. Buni turmush o‘rtog‘ingizga tushuntirishingiz kerak. Faqat alohida qolganingizda. Bolaning oldida hech qachon er-xotin ikki lagerga bo‘linib ketmasligi kerak. Ota-ona tarbiyada yakdil bo‘lmasa, bundan bola foydalanadi. U otasini hurmat qilmay qo‘yishi, sizga undan arz qilishi, o‘ziga qulay paytda bu ziddiyatni ishga solib, murodini hosil qilishga urinishi mumkin. Yana bir gap, dadasining vajohatidan qo‘rqqan farzandingizni yanada qo‘rqitishga urinmang. Masalan, «Ko‘rdingmi, yana shunaqa ish qilsang, otang ayab o‘tirmaydi», demang. Yaxshisi, «Bugun dadang charchagan, aslida u sizlarni juda yaxshi ko‘radi», deng. Yuqorida o‘zingiz ham buni ta’kidlagansiz. Turmush o‘rtog‘ingiz bilan ikkingizning ham kayfiyatingiz chog‘ligida suhbatlashing. Bolalar tarbiyasida kuch qo‘llash hech qaysi qolipga sig‘masligini, jismoniy jazo o‘rniga bolani biror narsadan mahrum etish (deylik, kompyuterda o‘ynashiga, televizor ko‘rishni ta’qiqlash, o‘rtoqlari bilan aylangani ko‘chaga chiqarmaslik) yaxshiroq samara berishini tushuntiring. Bolaning biror yomon qilig‘i uchun  agar u shunday jazolarni qo‘llasa, ularning bajarilishini o‘zingiz nazoratga olishingizni ayting.

 

Onalar fikri

— 7 yashar bola hali o‘zini himoya qila olmaydi, shu sababli bolalar o‘zlari hal qilib olishadi, degan pozisiyani yoqlamayman. Kattalar bolalarning bog‘cha-maktabdagi muammolariga, albatta, aralashishi kerak.

Nazira

— Bola o‘zi tengilar bilan munosabatda o‘zini himoya qila olishi kerak. Bo‘lmasa, butun umr uni panohingizga olib yurishingizga to‘g‘ri keladi. Kattaroq yoshdagi bola ursa yoki bosim o‘tkazsa, aralashish mumkin deb hisoblayman.

Elmira

— Bolalariimzga o‘zini xafa qildirib qo‘ymaslikni o‘rgatishimiz kerak. Har qanday tajovuzga munosib javob bersin. Sport seksiyasiga berasizmi, uyda bokschilar uradigan charm qop osib qo‘yasizmi — xullas, bolada doim jasorat bo‘lishi kerak.

Tursunoy

— Men hech qachon bolamni xafa qildirib qo‘ymayman. Borib o‘sha o‘qituvchisiga ham, farzandimni xafa qilgan yaramasning ota-onasiga ham kimligimni ko‘rsatib qo‘yaman. Maktabda hamma mendan qo‘rqadi...

Tamara

— Yo‘q, aralashmaslik kerak. O‘zini himoya qilishni o‘rganmaguncha bola shaxs bo‘lib shakllana olmaydi. Albatta, mushtga musht bilan javob berishi shart emas-ku! Murosa, diplomatiyani ishga solsin, ziddiyatlarni mustaqil bartaraf etishni o‘rgansin.

Lola

Shahnoza SOATOVA


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Fikr Mulohaza | | Теги: tarbiya, Bola, ona, Bolani himoya qilish | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя