Главная » 2017 » Июль » 5 » Feruza Sobitova Turmush o‘rtog‘ining sharti va chillaxonadagi duo
12:23

Feruza Sobitova Turmush o‘rtog‘ining sharti va chillaxonadagi duo


Bu aktrisani kichik va salbiy rollar bilan tanilganlar qatoriga bemalol qo‘shish mumkin. Hayotda esa Feruza Sobitova — samimiy, ochiqko‘ngil, mehribon inson.
 

— Bo‘sh vaqtingizni topish juda qiyin. Ketma-ket suratga tushayapsiz, shekilli?

— Ha, ish qizigandan qiziyapti. Ayni kunlarda detektiv janrida suratga olinayotgan “Oila sha’ni” nomli ko‘p qismli serialda suratga tushayapman. Serial bo‘lgan voqea asosida tasvirga olinayapti. Ijro etayotgan bosh qahramonim bilan bog‘liq psixologik sahnalar juda ko‘p. Aytmoqchimanki, ilk bor bunday xarakaterli obazga qo‘l urdim. Rejissyor Akmal Ibragimov bilan har bir kadr ustida izlanib, hamkorlik qilayapmiz.

— Bunday tig‘iz ish tartibi bilan san’atga qo‘ygan ilk qadamlaringizni eslamasangiz ham kerak...

— Bilasizmi, bugungi kunimni orzu qilardim. Har bir duo va niyatlarimda qobiliyatimni ko‘rsatish uchun yaxshi rollar uchrasin, men ham mashhur bo‘lay, derdim. Xalqqa tanilganimda, sevimli aktrisa sifatida mendan ham jurnalistlar intervyu so‘rab, holu jonimga qo‘yishmasin, deganman, hatto (kuladi). Lekin hech qachon va hech kimga g‘ururimdan kechib, menga rol beringlar, e’tibor qaratinglar, deb iltimos qilmaganman. Qalbimning tub tubida hali davrim keladi, degan sezgi bo‘lgan-da. Ming shukr, shu kunlarga yetkazdi. Shuning uchun o‘tgan kunimning ham, bugunimning ham qadriga yetadigan insonman.

— Klip orqali tanilgan aktrisa, degan ta’rifni tan olasizmi?

— Shohrux reperning «Bolalik» klipi orqali mashhur bo‘lganman. Ammo bu klipgacha uchta katta film: «Sohibqiron Amir Temur», «Suratdagi sir», «Qaydasan muhabbat?» kartinalarida qatnashgandim. O‘sha rollarim ham e’tiborsiz qolmagan. Lekin, nimagadir omad menga klip tufayli kulib boqqan.

— Salbiy qahramonlaringiz ham e’tiborga tushgan.

— Ko‘pgina hamkasblarim salbiy obrazlarni gavdalantirishdan biroz cho‘chib turgan bir paytda, men klipda zolim ona roli bo‘lib chiqqanman. Shunday keyin ketma-ket faqat ana shunday rollarga taklif etishdi. Bitta ampluaga tushib qolmaslik uchun orada biroz tanaffus qildim. Nafaqat salbiy, balki ijobiy qahramonlarni ham ijro eta olishimni isbotlagim kelgandi-da. Zamira Begimqulova va Zebo Navro‘zovalarning sharofati bilan yaxshi insonlarni ham ijro eta olishimni ko‘rsatib berdim. Bu rejissyorlar meni ayol sifatida to‘g‘ri tushunib, yuragimdagi dardni ko‘ra olishdi.

— Atrofdagilarning munosabati-chi, sizni cho‘chitmaydimi?

— San’atni chin ma’noda tushungan, aktyorlik kasbim shunday ekanini bilganlar ishimni a’lo darajada baholashadi. Lekin biroz soddaroq tamoshabinlar «Nega hadeb bunday rollarni ijro etaverasiz?» deb tanqid qilishadi. Men esa har qanday fikrni hurmat bilan qabul qilaman.

— Ayniqsa, «Opa-singillar» serialidagi ishtirokingiz ijodingiz hamda hayotingizda katta burilish yasadi, shundaymi?

— Haqsiz! Aynan mana shu rol hokisor, jabrdiyda, mushtipar ayol bo‘la olishimni ko‘rsatib beradi. Yana shuni alohida ta’kidlab o‘tishim kerakki, ilk ijobiy rolimdan keyin hayotimda ham ijobiy o‘zgarishlar bo‘lib o‘tdi. To‘qqiz yil befarzandlik alamini chekdim. Uzoq vaqt homilador bo‘lolmaganman. Esimda, «Opa-singillar»ning tug‘ruqxonada tasvirga olinadigan sahnasida Zamira opa «Feruza, bu yer chillaxona, yaxshi niyatlar qilavering. Xudo yetkazadi» deb ko‘p aytardi. Ana o‘sha yerda qo‘limga chaqaloqlarni olib, menga ham bir kuni o‘z bolamni bag‘rimga bosish nasib etsin, deb niyat qilardim. Ming bor shukr Alloh nolalarimni eshitib, menga o‘g‘il ato etdi.

— Mashhurlik kech berilganda qadri bo‘ladimi yoki yoshlikdagi shon-shuhratning gashti o‘zgachami? Nima deb o‘ylaysiz?

— Men yoshlikdagi mashhurlikning «maza»sini totimaganman. Ammo shuni aniq bilamanki, uzoq kutilgan mehnat samarasini his etishning hayajoni boshqacha ekan. Chunki yillar davomida kasbdagi muvoffaqiyatsizliklar, olgan zarbalarimning dardi og‘ir berib kelardi. Omad kulib boqqach mashhurlikni his etish esa kishiga, ayniqsa ijodkorga rohat bag‘ishlaydi.

— Yaratayotgan obrazlaringiz ustida qanday ishlaysiz?

— Avvalambor har bir rolga mas’uliyat bilan yondashishga odatlanganman. Berilgan ssenariyning har bir so‘zini o‘qib yodlab chiqaman. Keyin kecha-kunduz o‘sha rol bilan yashayman. O‘zbekchada biroz qiynalib gapirganim sahnada bilinmasligi uchun oila a’zolarim bilan monologlarimni mashq qilaman. Qahramonimga xarakter berishda esa hayotiy tajribamdan kelib chiqaman.

— O‘g‘lingiz ham siz suratga tushgan filmlarni tamosha qilib turadimi? Fikrlari bilan o‘rtoqlashsa kerak?

— Imronxon bilan so‘nggi marta «Oyqiz ertagi» filmini birga tomosha qildik. Bu kartinani ko‘rgan o‘g‘lim menga ikkita nom qo‘yib oldi. «Yaxshi» va «yomon» ona. Avval yaxshi ona bo‘lib ko‘rinib, keyin asl qiyofam namoyon bo‘lganida «Oyi, yomon ona ketib, yaxshisi kelsin» degandi.

— Intervyularingizda oilangiz haqida kam gapirasiz?

— Omma oldida turmush o‘rtog‘im haqida gapirmasligimning o‘ziga yarasha sababi bor. U kishi menga o‘ziga xos shart qo‘ygan. Ya’ni «Intervyularda men haqimda gapirmaysan» degan. Odamlarning e’tibor markazidagi shaxsga aylanitirib qo‘yishimni istamaydi. Bolamning tarbiyasida esa onam bilan ko‘p maslahatlashaman. Oilada besh farzandning to‘g‘ichi o‘zimman. Ikki yil avval ayrim sabablarga ko‘ra singlim olamdan ko‘z yumdi (sababini aytishni istamadi). Uchala ukam ham san’atdan yiroq odamlar.

— Farzandingiz bilan vaqtingizni qanday o‘tkazasiz?

— U mening to‘qqiz yil zorlanib, har kecha yig‘lab Allohdan tilab olgan baxtim. Hozir to‘rt yoshga to‘ldi. Bo‘sh vaqt topdim deguncha birgalikda u yoqtirgan mashg‘ulotlar bilan shug‘ulanishga harakat qilamiz. Ishdaligimda enagasi qaraydi. Onam bilan gaplashganimda doim «Buxoroga yubor. Ishda bo‘lganingda o‘zim qarayman» deydi. Ochig‘i, o‘g‘limdan uzoqlashs,am o‘zimni behuzur sezaman, shuning uchun ham bunga unamayapman. Ammo ayni kunlarda meni yana bir masala qiynayapti. Ish bilan bo‘lib unga vaqt ajrata olmayapman. Yangi bog‘chaga o‘tayotgandi. Borib bog‘cha mudiri bilan gaplashib kelishga, hatto, vaqt ajratolmayapman. Buning uchun undan uzr so‘rayman.


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Shou-biznes habarlari | | Теги: Feruza Sobitova | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя