Главная » 2017 » Июль » 28 » Ichki ishlar xodimlarining “ichki ish”lari
18:35

Ichki ishlar xodimlarining “ichki ish”lari


Hayotda qanday yashash va qaysi yo‘ldan yurish insonning o‘ziga havola, lekin har bir xatti-harakatni amalga oshirishda burch va mas’uliyatni ham unutmaslik lozim. Donishmandlar uch narsani ortga qaytmaydi, deya ta’kidlashadi: og‘izdan chiqqan so‘z, o‘tgan vaqt va yo‘qotilgan ishonch!

Zimmalariga aholining tinchligi va xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish kabi asosiy xizmat vazifalari yuklatilgan bo‘lishiga qaramay, ayrim xodimlar mas’uliyat va burch tushunchalarini unutishib, qing‘ir ishlarga qo‘l urishdi.

“... xato qo‘lga ilinmas” deydilar, ammo...

Keksalarimiz “Balo ko‘zga ko‘rinmas, xato qo‘lga ilinmas” degan naqlni ko‘p qo‘llashadi. Ammo xatoni ko‘z bilan ko‘rib, qo‘l bilan qilsak-chi? Bu qilmishimizni nima bilan oqlash mumkin? Ayniqsa, yurt tinchligi, aholi farovon turmushini saqlashdek mas’ul lavozimga tayinlangan, oq-qorani tanigan, egniga maxsus kiyim kiygan rahbar hamda mas’ul xodimlarning o‘zlari jinoyatga qo‘l urishsa, buni kechirish mumkinmikan?! Yurt sharafi har birimiz uchun har doim aziz, ona vatan osoyishtaligini ta’minlash esa barchamizning muqaddas burchimizdir. Ammo egniga maxsus kiyim kiyib, xizmatni qasamyod bilan boshlagan huquq-tartibot idoralarining ayrim xodimlari o‘z nafsini burch va mas’uliyatidan ko‘ra ustun qo‘yishlari xalqning ularga bo‘lgan ishonchini yo‘qotmaydimi? Jinoyatga qarshi kurashish o‘rniga o‘zlari jinoyatga qo‘l urishsa-chi?! Masalan, poraxo‘rlikka ruju qo‘ysa. Buni biron bir sabab yoki bahona bilan oqlab bo‘larmikan?!

Qozonning qorasini yuqtirgan shovvozlar

O‘z mansabini suiis’temol qilib, pul evaziga noqonuniy ishlarga yo‘l qo‘ygan ichki ishlar xodimlarining jinoiy qilmishlari tafsilotiga to‘xtalamiz. Patrul post xizmati va jamoat tartibini saqlash boshqarmasi karantin vzvodi xodimi vazifasida ishlab kelgan QuvondiqBoltaev Hazorasp tumanidagi Toshsaqa blok postida xizmat vazifasini o‘tayotgan vaqtda yo‘lovchilarga nisbatan yangi qoidani qo‘llay boshlaydi. Ish va boshqa xizmatlar sababli biron bir manzilga otlangan, yuk bilan qaytayotgan mashina haydovchilari yoki egalaridan pul undirishni o‘ziga kasb qilib oladi. Mashina yoki yuk xatining bironta kamchiligi topilsa bo‘ldi, pul undirishga asos ham bor. Boltaevning bu qilmishi hamkasblariga ham ma’qul keladi. Har gal postga navbatchilikka tushishganida ana shu usul yordamida daromad topishga o‘rgangan shovvozlar bu tuzoq yordamida osonlikcha moddiy daromad topishni odat qilishadi. Ammo bu gal unday bo‘lmadi.

Qing‘ir ishning qiyig‘i...

Patrul post xizmati va jamoat tartibini saqlash boshqarmasi karantin vzvodi xodimi Doniyor Qalandarovning telefonda qilgan iltimosiga ko‘ra yuk ortilgan mashinaning hujjatlarini tekshirmasdan o‘tkazgan Boltaev haydovchidan yuz ming so‘m pulni olib qolishni ham, uni darrov ko‘zdan pana joyga bekitishni ham unutmaydi. Ammo uning bu noqonuniy harakati huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida fosh etildi. O‘tkazilgan tekshiruv paytida Boltaevning shaxsiy mashinasidan topilgan 600000 so‘m pul navbatchilik paytida haydovchilardan ta’magirlik yo‘li bilan undirilgan pullar ekanligi aniqlandi.

Yana bir holat: hojatbarorlik ortidagi ta’magirlik

Davlat maoshidan tashqari har kuni shunaqa tushum bo‘lsa, kim ham o‘zini yo‘qotmaydi. Ayniqsa, vakolating bo‘lsayu, tanish-bilishingni ishga solsang, uyam bo‘lmasa, pul evaziga boshqalarning hojatini chiqarsang. Bu ishimizni kim ham bilardi deb o‘ylagan xodimlar aslida qing‘ir ishning qiyig‘i qirq yildan keyin ham chiqishini unutishgandi. YHHB yo‘l patrul xizmati inspektori lavozimida ishlagan Shavkat Matnazarov navbatchilik paytida ta’magirlik qilishni kanda qilmadi. Kimningdir hojatini chiqarish kabi hojatbarorlik aslida oson daromad topishga mo‘ljallangan niqob edi. Yuk bilan o‘tayotgan haydovchilarning hujjatlarida kamchilik yoki boshqa sabablar aniqlansa, ularga tegishli tartibda chora qo‘llash o‘rniga cho‘ntagini qappaytirishga uringan Matnazarov bir kuni bu qilmishlari uchun qonun oldida javob berishini unutgandi. Tegishli hujjatlarga ega bo‘lmagan neft mahsulotini viloyat hududiga kiritish evaziga haydovchidan ma’lum miqdordagi pulni qo‘lga kiritgan Shavkat Matnazarov har gal postga navbatchilikka tushganida o‘rtacha 200 000 so‘m atrofidagi “daromad”ga ega bo‘lardi.

Bankdan o‘g‘irlangan pul: qo‘riqchi xodimning “ov”i fosh bo‘ldi

...oxir-oqibat insonni chohga qulatadi. 2016 yilning 30 martidan 31 martiga o‘tar kechasi “Mikrokreditbank” ATB ning Bog‘ot tuman bo‘limi binosida ro‘y bergan voqea ancha shov-shuvlarga sabab bo‘lgandi. Bankdan 16 million so‘m pul o‘g‘irlanganligi haqidagi xabar ko‘pchilikning diqqatini tortgan bo‘lsa, ko‘p o‘tmay o‘g‘ri aynan qo‘riqlash bo‘limi xodimi ekanligi hammani hayratga soldi. Bog‘ot tuman IIB huzuridagi tumanlararo qo‘riqlash bo‘limi xodimi vazifasida ishlab kelgan Qahramon Egamov kunduzi ishda bo‘lsa, kechasi “ov”ga chiqishni odat qilgandi. Ammo ov hamisha ham baroridan kelavermaydi. Bu tushunchani unutgan shovvoz qachonlardir siri fosh bo‘lishini, qo‘lga tushishi mumkinligini e’tiborga olmay, shu tarzda ketma-ket jinoyatga qo‘l uraverdi. Ichki ishlar xodimidan kim ham shubha qilardi, degan fikr Qahramon Egamovga har gal dalda berardi. Bir tomondan bu gapda jon bor, aynan binodagi osoyishtalik, tartib va boshqa holatlarga javobgar bo‘lgan xodim xizmat vazifasini o‘tayotgan joyida o‘g‘irlik qilishi mumkin emas! Buni yaxshi bilgan Qahramon Egamov bu ishga tug‘ishgan ukasi Dadaxon Egamovni ham jalb etadi. Bir kishidan ikki kishi bo‘lgani yaxshi-da. Har holda yordami tegadi. Hech bo‘lmaganda ko‘cha-kuyda hushyor turib, vaziyatdan xabardor qiladi. Dadaxon Egamov ham shu vazifani bajargan. O‘g‘irlikka ichkariga kirgan akasini ko‘chadagi vaziyatdan telefon orqali xabardor qilib turgan. “Ov”i baroridan kelgan paytlarda esa turli buyum va pullarni olib, juftakni rostlagan. Akasi esa yana ish joyiga qaytib borgan.

20 dan ortiq o‘g‘irlik qilgan aka-ukaga hukm o‘qildi

Shu tarzda 2015 yil hamda 2016 yilning birinchi choragida tumanning 20 dan ortiq joyida o‘g‘irlik jinoyatlarini sodir etgan aka-uka Egamovlar o‘zlarini qo‘lga tushmas, epchil deya yuqori baholashardi. Ammo kun kelib ko‘za ham sinishi ham bor gap. Jinoyat ishlari bo‘yicha Bog‘ot tuman sudida jinoyat ishi hujjatlari to‘liq o‘rganilib, jinoyat uchun jazo tayinlandi. Sud hukmiga ko‘ra, Qahramon Egamov 9 yil muddatga, Dadaxon Egamov 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

Xulosa o‘rnida...

Farzandi bo‘y cho‘zib, voyaga yetganini ko‘rgan ota-ona sevinadi, uni el koriga yaraydigan, yurt farovonligi uchun xizmat qiladigan er yigit bo‘lishini istaydi. Shu maqsadda yemay yediradi, kiymay kiydiradi. Ammo o‘g‘il kun kelib, qilmishlari bilan otaning qaddini buksa, onaning ko‘zini yoshga to‘ldirsa, tag‘in el-yurt, qo‘ni-qo‘shni, mahalla-ko‘y orasida isnodga qo‘ysa, bundan ham yomoni ishonchni yo‘qotsa, bu xiyonatni kechirish mumkinmi?! Yurt tinchligi, aholining osoyishta hayotini saqlash, qonun asosida ish yuritish bilan birga uning buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik kabi qat’iy qoidalarga amal qilish o‘rniga poraxo‘rlik, ta’magirlik, o‘g‘rilikni ikkinchi kasb qilib olgan mana bu xodimlar sababli xalqning ichki ishlar xodimlariga nisbatan ishonchi yo‘qolmasligiga kim kafolat bera oladi?

Bolalardan katta bo‘lganingda qaysi kasb egasi bo‘lmoqchisan, deb so‘rasangiz, ular ko‘pincha ichki ishlar xodimi degan javobni berishadi. Bu kasb egalariga ko‘pchilik havas qilishi tabiiy. Murg‘ak ko‘ngillarning havasi, xalqning ishonchi ayrim xodimlarning qilmishlari sababli yo‘qolmasligi lozim. Yo‘qotilgan ishonch esa qayta tiklanmaydi!

Xursand Xojaev,

Xorazm viloyat ma’muriy sud sudyasi

Erpo‘lat Berdiev,

jinoyat ishlari bo‘yicha Bog‘ot tuman sudi raisi.

Nargiza Bo‘ronova, jurnalist.


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: IIB, Ichki ishlar | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя