Главная » 2017 » Январь » 10 » Mashhurlar hayotlaridagi eng uz-u-u-u-un kun haqida so‘zlab berdilar
13:00

Mashhurlar hayotlaridagi eng uz-u-u-u-un kun haqida so‘zlab berdilar


Ba’zida vaqt to‘xtab qolgandek tuyuladi. Soat millari shunchalik imillaydiki, dunyolarga sig‘may ketasiz. Eslang, maktabda hech o‘zlashtira olmaydigan faningizdan nazorat ishi olishgan soatlarni? Yoki kimnidir orziqib kutayotganingizdagi hayajonni. Gohida esa aksincha, kunlar uchib o‘tgandek. Hech qachon tugamasligini istagan damlaringiz ko‘z-ochib yumguncha sizni tark etadi. Xo‘sh, mashhurlarimiz asrga tatigan kunlari haqida nima deyishadi?

«Kelinlik libosini kiygan kunim…»
Zuhra SOLIYEV, aktrisa: 
—  To‘yim kuni. Kelin bo‘lib, yer chizib o‘tirishdan juda zerikkandim. To‘ylarga borib, kelinsalomlar aytib yurganimda vaqt tez o‘tardi-da.


«G‘olib bo‘lganimda...»
Dilniyoz G‘AFFOROV, «Eldido» guruhi xonandasi: 
— Xursandchilik onlarini tez o‘tib ketadi, deyishadi. Menda esa aksincha. Masalan, hozir 2007 yil, 19 yoshimda yosh ijrochilar Respublika ko‘rik-tanlovida gran-pri sohibi bo‘lgan quvonchli onimni esladim. Kutish, muvaffaqiyatga erishish va boshingizning ko‘kka yetishi soniyalarni yillarga uzaytirgandek bo‘ladi. 

«Yuzimga tabassum qaytguncha...»
Ozod RAVShAN, radioboshlovchi: 
— Mening fikricha, quvonchli kunlar oqar suvdek, ularga to‘ymay qolasiz, qo‘msab yashaysiz... Og‘ir va alamli kunlarning bir soniyasi ham ortiqcha! Judayam hissiyotlarga beriluvchan insonman, ko‘ngilsizliklarni yuragimga yaqin olaman va ularning o‘tib ketishi uchun ba’zida  bir uxlab turishim ham kamlik qiladi. 
2014 yilning noyabr oyida jarrohlikni boshimdan o‘tkazdim, fikru xayolim uni tezroq o‘tishi va yana yuzimga tabassum qaytishida edi... Aynan operatsiyagacha bo‘lgan 1 soat ichida vaqt bir oy muddatga to‘xtab qolgandek edi go‘yo...


«Hamon kutayapman....»
Narimon SULTOXO‘JAEV, klipmeyker:
— Bu kunni qanchalik orziqib kutayotganimni bilsangiz edi. Zo‘r kino suratga olib, uning katta ekranlarda premerasini tomosha qilgan kunim men uchun ming yilga teng kun bo‘ladi. Ha!  

«Baxtli onlar...»
Muhiddin ALI, fotosuratchi: 
— Intizorlik bilan kutadigan kunlarim oldi doimo shunday holatga duch kelaman. Deylik, bolaligimda yozgi sog‘lomlashtirish oromgohiga jo‘nashdan avval har kun juda uzoq o‘tgandek tuyulardi. Maktab davrida esa 1 sentabr tunida vaqt to‘xtab qolardi go‘yo. Sababi ertasi kuni o‘qish boshlanadi-da. Baxt kunim hayotimdagi eng uzun va eng barakali kun bo‘lgan. Atrofimda barcha yaqinlarim, do‘stlarim, mehmonlar tashrifi, to‘y udumlari, tantanalar — bari bir kunlik uzoq vaqtni qamrab olgan voqea sifatida xotiramga muhrlangan. 

«Bunaqasi bo‘lmagan...»
Shahzoda MATChANOVA, aktrisa: 
— Yo‘q, shu paytgacha o‘tgan kunlarimning hech birida vaqt to‘xtab qolgandek tuyulmagan. Doim kunlarim yanada uzun bo‘lishini istaganman…  

«Fazoda o‘tgan damlarim...»
Odil AHMEDOV, futbolchi
— Boshqa davlatdan o‘z yurtimizga qaytayotganim kunim. To manzilga yetguncha bir yilim samolyotda o‘tgandek tuyuladi. Sog‘ingan onlaringiz yaqinlashganda, soat millari toshbaqadek harakatlanadi-da...

«Bolajonimni qo‘limga olgunimcha...»
Munojat ALIMBOYEVA, aktrisa
— Ilk bora ko‘zim yoriganda, to «narkoz»dan chiqib, bolajonimni bag‘rimga bosgunimcha bo‘lgan vaqt asrlarga cho‘zilgandek tuyulgan. O‘zim hushimga kelolmayapman-u, tezroq yuragimning bir parchasini qo‘limga olishni istab, ko‘zlarimni ochishga urinardim. Ilk murodimni qo‘llarimga berishganida uning jajji qo‘lchalaridan o‘pib, cheksiz baxtni his qilganman.

«Kutish bekati...»
Yigitali MAMAJONOV, aktyor:
— Hayotimizda bunday vaziyatlar ko‘p bo‘ladi. Ayniqsa, nimanidir yoki kimnidir chin dildan kutsak, qaysidir masala tezroq yechimini topishini istasak, sabrsizlanib, maqsadamizga tezroq erishishni xohlasak. Esimda, bir marta juda qattiq kasal bo‘lib uyda yotib qolgandim. O‘n kuncha ko‘chaga chiqish mumkinmas. Mening esa o‘ynab-kulib yurgan hayotimga oshiqaman. O‘shanda o‘ziyam o‘n kunim o‘n yildek cho‘zilgan.

MUXLISA tayyorladi.


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Shou-biznes habarlari | | Теги: Mashhurlar hayotlari, Kun, so‘zlab berdilar, eng uz-u-u-u-un, haqida | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя