Главная » 2017 » Январь » 8 » Muqaddas Sa’dullayeva: “yaxshilik qilish qo‘limizdan kelmasa, yomonlik qilmaylik”
19:42

Muqaddas Sa’dullayeva: “yaxshilik qilish qo‘limizdan kelmasa, yomonlik qilmaylik”


Aktrisa Muqaddas Sa’dullayeva o‘zining Instagram’dagi shaxsiy sahifasiga qizchasi Sa’diya va otasi Lutfulla Sa’dullaevning suratini joylashtirib,  otasi aytib bergan rivoyatlarni yaxshi ko‘rishini bildirdi va soqolli ot haqidagi chuqur ma’noga ega bo‘lgan hikoyani yozib qoldirdi.

“Rivoyat qilishlaricha, bir yigit har juma kunlari qabristonga borib, ko‘plab qabrlarni yonida tilovat qilar ekan. U qabrlar orasidagi aynan birining oldiga kelib, yig‘lar, uzundan-uzoq duo qilar, qabrni quchib, bag‘riga bosgancha soatlab qolib ketar ekan. Bu holatni bir necha bor kuzatgan go‘rkov yigitning nima uchun shunay qilishiga qiziqibdi.
 
Bir kuni go‘rkov yigitni to‘xtatib, buning sababini so‘rabdi. Yigit shunday javob qilibdi:
 
“Sizga bu holatning javobini aytish uchun bolaligimda bo‘lgan bir voqeani aytib beraman.
 
Bolaligimda ko‘chamizdagi badavlat bir kishi o‘g‘liga toychoq sovg‘a qildi. Boyning o‘g‘li uning ustiga duxoba solib, ko‘chaning u yonidan bu yonigacha toyni minib, hammaga rosa maqtandi. O‘shanda buni ko‘rib, hamma bolalar qatori mening ham boyning o‘g‘liga havasim kelgandi. Shunda undan bolalarcha beg‘uborlik bilan toyga bir marta o‘tirib, uni minib ko‘rishni so‘radim. Boy o‘g‘li esa ustimdan mazah qilib, mindirmadi. Yig‘lab uyga kirsam, bobom, “Nima bo‘ldi, bolajonim, nega yig‘layapsiz?”, deb so‘radilar.
 
Bor gapni bobomga yig‘lab aytib berdim va mening ham toychog‘im bo‘lishini judayam xohlashimni aytdim. Bobom “Shungayam xafa bo‘lasizmi, bolam, toy bo‘lsa toyda, men sizga oddiy toy emas, soqolli ot olib kelaman”, dedilarda, xonalariga kirib ketdilar.
 
Ertasi kuni bobomdan “Bobojon, menga soqolli ot olib kelaman degandingiz, qani u?”, deb so‘radim. Bobom esa “Voy bolam, yodimdan ko‘tarilibdi siz ayvonning chetiga borib turing, men hozir sizga soqolli otni olib chiqaman”, dedilar.
 
Ichkariga kirib ketgan bobom birozdan so‘ng, ustilariga kimhob yopinchiqni yopib, otlardek kishnab chiqdilar.
 
“Mana, bolam, ustimga mining, soqolli ot huzuringizda muhayyo”, deb meni ustilariga mindirib, ayvonning u boshidan bu boshigacha olib borib, rosa mazza qildirib o‘ynatdilar.
 
O‘sha kuni ko‘chaga chiqib, do‘stlarimga bobomning menga soqolli ot olib kelganlarini, uni rosa mazza qilib minganimni aytib maqtandim. Bolalarning  ham menga havasi keldi va mening soqolli otimni minib ko‘rishni iltimos qilishdi. Uyga yugurib kirib, bobomga do‘stlarimning  ham soqolli otni minishni istayotganliklarini aytdim.
 
Bobom esa soqolli otni minish istagidagi barcha bolalarni olib kirishimni aytdi. Do‘stlarimni boshlab kirdim va o‘sha kuni kechgacha bobom biz uchun soqolli ot bo‘lib, barcha bolalarning kayfiyatini ko‘tardi.
 
Otaxon, qabristondagi yuzlab qabrlar ichida men bag‘rimga bosib yig‘laydigan, tinimsiz tilovat qiladigan bu qabrda mehribon, dono, ko‘ngli bolalarnikidek beg‘ubor bobom yotibdilar. Shu sababli, har juma ularni xotirlash uchun shu yerga kelaman”, degan ekan.
 
“Qissadan hissa shuki, insonning qilgan yaxshi ishi, yaxshiligi u dunyoyu bu dunyo esdan chiqmaydi! Azizlar qo‘limizdan kelgancha, barchaga yaxshilik qilaylik. Yaxshilik qilish qo‘limizdan kelmasa, yomonlik qilmaylik”, deb yozadi aktrisa.
 
Shu bilan birga, u rivoyat so‘nggida otasi Lutfulla Sa’dullaevning suratini joylashtirib, aynan otasiga minnatdorchilik bildirgan.
 
“Fotoda dodajonimiz – soqolli ot va Sa’diya! Baxtimizga adajonimizning umrlari uzoq bo‘lsin”, deydi Sa’dullayeva.

 

Ma’lumot uchun, aktrisa 2014 yilda turmushga chiqqan. Uning Sa’diya ismli qizi bor. 

Umida Yakubova


Manba: "qalampir.uz"
Категория: Shou-biznes habarlari | | Теги: Muqaddas Sa’dullayeva | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя