Главная » 2022 » Август » 11 » Shveysariya Ukrainaning homiysi bo‘lishga rozilik berdi
13:19

Shveysariya Ukrainaning homiysi bo‘lishga rozilik berdi


Shveysariya, agar Moskva bunga rozi bo‘lsa, Ukraina iltimosiga ko‘ra, Rossiyada o‘zining diplomatik manfaatlarini himoya qilishga tayyor. Bu haqda kecha, 10 avgust kuni TASS agentligiga Shveysariya TIV rasmiy vakili Per Alen Elchinger maʼlum qildi.

Gap Shveysariyaning Rossiyada Ukrainaning diplomatik manfaatlarini himoya qilishi mumkinligini ko‘rsatuvchi “homiylik qiluvchi davlat mandati” haqida ketmoqda, chunki hozir Kiyev va Moskva o‘rtasida diplomatik aloqalar yo‘q. 

Elchingerning tushuntirishicha, “Shveysariya har ikki tomonga ham o‘zining xayrli xizmatlarini taklif qilgan”. Bularga, xususan, “muzokaralar va uchrashuvlar uchun mezbonlik roli”, shuningdek, “mumkin bo‘lgan muzokaralar” uchun yordam va ekspertiza kiradi.

“Ukraina Shveysariyaning Rossiyada homiylik vakolatini o‘z zimmasiga olishini xohladi. Tegishli muzokaralar yakunlandi. Homiy kuchning mandati kuchga kirishi uchun Rossiya ham o‘z roziligini berishi kerak”, deydi rasmiy.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb eʼlon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini taʼkidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YEI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini eʼlon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat eʼlon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik eʼlon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkrыtiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi aʼzoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.

Manba: "qalampir.uz"
Категория: Dunyo xabarlari | | Теги: rozilik, berdi, bo‘lishga, homiysi, Shveysariya, Ukrainaning | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя