Главная » 2020 » Декабрь » 19 » Taniqli jurnalist Abdukarim Mirzayev Turkiyada qamoqqa olindi
09:22

Taniqli jurnalist Abdukarim Mirzayev Turkiyada qamoqqa olindi


Taniqli jurnalist, Turkiyaning Kastamonu universiteti Kommunikasiyalar fakulteti jurnalistika bo‘limi magistranti Abdukarim Mirzayev 11 dekabr kuni turk polisiyasi tomonidan qo‘lga olindi. Bu haqda «Gazeta.uz»ning Turkiyada bo‘lib turgan muxbiri Sanjar Rustamov xabar qildi.

Jurnalistni huquqiy jihatdan himoya qilish uchun yollangan advokat vaziyatni o‘rgangach, kimdir Abdukarim Mirzayevga tegishli raqam orqali shubhali shaxslar bilan muloqotda bo‘lgani haqida xabar bergani, ushbu ma’lumot ortidan jurnalist kuzatilib, so‘ngra qo‘lga olinganini aniqladi.

Abdukarim Mirzayevning turmush o‘rtog‘i bu holatga izoh berar ekan, oxirgi vaqtlar, ayniqsa so‘nggi ikki-uch oyda ko‘rsatuvlari internetda katta qiziqish bilan kuzatilayotgan jurnalistga nafaqat O‘zbekiston, balki dunyoning ko‘pgina davlatlaridan muxlislari qo‘ng‘iroq qilib, xurmatini bildirgani, ayrimlari oilaviy muammolarini aytib, undan maslahat so‘raganini ta’kidladi. Bunday vaziyatda qo‘ng‘iroq qiluvchi shaxsning kimligi, maqsadlarini aniqlash, umuman, vaziyatni nazorat qilish mutlaqo imkonsiz ekanini aytdi.

Shuningdek, jurnalist hibsga olinishidan 10 kuncha oldin, aniqrog‘i 28 noyabr kuni kunduzgi 12:20—13:30 lar oralig‘ida oilaviy xordiq chiqarish va videolavha tasvirga olish maqsadida Istanbulning Marmara dengizi yoqasidagi Floria sohiliga chiqqanida zamonaviy kiyingan (shimda) to‘rt ayol (ikki nafari 35−40, ikki nafari 16−17 yoshlarda) ulardan telefon qilib olishni so‘ragani, shundan keyin Abdukarim Mirzayevning telefoniga turli raqamlardan erkaklar qo‘ng‘iroq qilgani, SMS xabarlari yozganini ta’kidladi. Ushbu voqeadan keyin yangi olingan mobil telefoni sekin ishlashni, qotib qolishni ham boshlagan.

10 dekabrdan 11 dekabrga o‘tar kechasi yarim oqshomda zirhli avtomobillarda kelgan qurollangan va harbiy libosdagi to‘rt kishi, shuningdek, fuqaro kiyimidagi shaxslar Abdukarim Mirzayevning uyiga kelib, tintuv o‘tkazishgan. Ular uydan hech qanday shubhali narsa topa olmagan va qo‘shnilar guvohligida hujjatlarni rasmiylashtirib, jurnalistni olib ketishgan.

Keyingi kuni yollangan advokat u bilan uchrashgan, polisiyaga jurnalistning shubhali shaxslar bilan hech qanday aloqasi yo‘qligini isbotlovli dalil va hujjatlarni taqdim etgan. Shubha va gumonlar o‘z tasdig‘ini topmaganidan so‘ng uni mamlakatdan deportasiya qilish to‘g‘risida qaror chiqarib, Migrasiya idorasining chet elliklarni saqlash markaziga yuborishgan. Ayni vaqtda deportasiya to‘g‘risidagi qarorni bekor qilish, kuzatuvni to‘xtatish to‘g‘risidagi da’vo tayyorlanmoqda.

Sanjar Rustamov (u ham Kastamonu universiteti magistranti) jurnalistning na diniy va na siyosiy ambisiyalari yo‘qligini, bor-yo‘g‘i ibratli hikoyalar, rivoyat va asotirlarni so‘zlab berib, videolarini ijtimoiy tarmoqlarga joylab borishini ta’kidladi.

«Buning zamirida birinchi navbatda internetning o‘zbek sigmentini sifatli va mazmunli videokontent bilan to‘ldirish, axloqiy, ma’naviy-ma’rifiy hikoyalar orqali xalqimiz, ayniqsa internet davrida ulg‘ayotgan yosh avlodning ongu tafakkurini yuksaltirish maqsadi yotibdi. Qolaversa, pandemiya davrida tushumlar ozaygan bir vaqtda ushbu videoroliklarni YouTube-kanalga joylashtirish orqali pul ishlash maqsadi ham yo‘q emas edi. Bundan boshqa hech qanday manfaat, maqsad yoki g‘oyalar yo‘q. Ha, darvoqe, hikoya va rivoyatlarning diniy mazmun va ruhda ekani Abdukarim Mirzayevning oddiy bir ziyoli musulmon sifatidagi tanlovi, xolos», — dedi u.


Manba: "aniq.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: Turkiyada, Abdukarim Mirzayev, jurnalist, qamoqqa olindi, Taniqli | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar

Copyright © Tarona.net Media 2014-2021 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя