Главная » 2017 » Май » 31 » To‘y yoki davlat tadbiri: Shahnoza Otaboyevaning lisenziyasi nega olib qo‘yildi?
17:17

To‘y yoki davlat tadbiri: Shahnoza Otaboyevaning lisenziyasi nega olib qo‘yildi?


Avval xabar berganimizdek, kecha xonanda, "Nihol" mukofoti sovrindori Shahnoza Otaboyevaning lisenziyasi olib qo‘yilgan edi. Ushbu xabar foydalanuvchilar o‘rtasida shov-shuvlarga sabab bo‘lmoqda. Ayrimlar “qo‘shiqchilarning soni kamayganidan xursand”ligini bildirsa, ba’zilar Shahnoza Otaboyevaning lisenziyasi olib qo‘yilganini adolatsizlik deb baholashdi.

Bu masalaga oydinlik kiritish maqsadida "O‘zbekkonsert" davlat muassasasi bilan bog‘landik. Muassasa xodimining so‘zlariga ko‘ra, xonanda lisenziya bitimida belgilangan majburiyatlarni bajarmagan. Matbuot xizmati vakiliga binoan qo‘shiqchi "Jizzaxda o‘tkazilayotgan davlat miqyosidagi "Barkamol avlod" tadbirlarida qatnashmadi. Repetisiyalarda ishtirok etdi, biroq ogohlantirishdan so‘ng ham moddiy manfaatlarini yurt manfaatidan ustun qo‘ygan holda to‘yga ketgan".

Shahnoza Otaboyevaning o‘zi bilan bog‘langanimizda hozir suratga olish jarayonida qatnashayotganini ma’lum qildi va mazkur holat yuzasidan izohini SMS-xabar orqali yuborishini bildirdi.

"Mazkur to‘y Surxondaryo viloyatida bo‘lishi kerak edi, to‘y xizmati esa bir oy avvaldan olib qo‘yilgandi. Davlat tadbiri borligini to‘y egalariga aytganimda, ular Jizzaxda yashayotgan "Diplomat" mehmonxonasining tagiga kelib olishdi. "Xalq sizni ko‘raman, deb niyat qilgan, ertaga olib kelish qo‘lingdan kelmabdi, degan gapni ko‘tara olmaymiz, bizni sharmanda qilmang, kerak bo‘lsa, portalga ham yozamiz, agar bormasangiz, o‘zimni osaman", deb mehmonxonaning oldida turib olishdi.

"O‘zbeknavo"dagi Odil akaga (Odil Abduqahhorov – Maxsus ruxsatnoma (lisenziya) beruvchi tashkiliy boshqarma boshlig‘i) "akajon, mayli men tadbirda qolishim uchun, biror variant qilib, o‘rnimga mashhurroq san’atkorni yuboraylik", deb iltimos qildim. Bo‘lmasa, "O‘zbeknavo"dagilarga bo‘layotgan vaziyat haqida uch kun oldin xabar berganman, barcha repetisiyalarga qatnashganman. 23 may kuni tadbirdan olib tashlashganida, to‘y egalariga telefon qilib, "bo‘ldi, siqilmanglar, tadbirdan olib tashlashdi, boraman", dedim. Ular "niyatimiz xolis ekan", deb xursand bo‘lishdi.

24 may kuni "Jannatmakon O‘zbekiston" deb nomlangan qo‘shig‘imni olib tashlab, "Vodiylarni yayov kezganda" deb nomlangan qo‘shig‘imni tadbirga qo‘shishdi. Bunday vaziyatda qanday qilib, to‘y egalariga "yana bora olmaydigan bo‘lib qoldim", deyman.

Ikki o‘t orasida qolib ketdim, na "O‘zbeknavo", na to‘y egalari ahvolimni tushunishdi.

To‘yga pul uchun bormadim, hech qachon tug‘ilib o‘sgan yurtimning, ya’ni Surxondaryo viloyatining to‘ylarida "mana buncha pul berasanlar", demaganman.

Ko‘p pul ham olmagandim, pul uchun tadbirni tashlab ketmadim. U yerda qarindoshlarim yashaydi, tug‘ilib o‘sgan yurtimga yana borishimni o‘ylashim kerak edi. Ertaga katta muammo bo‘lmasin deb, to‘yga ketishga majbur bo‘ldim.

Kecha "O‘zbekavo"ga borib, tushuntirish xatini yozdim. "Odil akaga aytganman" deyishimga qaramasdan, rasmiy bildirish chiqarib yuborishdi.

Pushaymonman, qiz bola boshim bilan bu masalaga yechim topa olmadim. Bir tomonga qarasam, xalq to‘yi, bir tomonda davlat tadbiri, xalq ko‘tarilib ketishidan, misqollab yig‘gan obro‘yim to‘kilishidan qo‘rqdim. Yuragim og‘rib qoldi, to‘yda xizmatdalik vaqtimda ham dori ichib, zo‘rg‘a, bir ammallab to‘yni o‘tkazdim", deb yozadi xonanda o‘z SMS-xabarida.

Xonandaning lisenziyasi bugun o‘z nihoyasiga yetadi, ya’ni 1 iyun kuniga qadar kuchga ega.

Ma’lumot uchun, qo‘shiqchi “Oh azizim”, “Farishtam onam”, “Oh desam” kabi xonishlari bilan tanilgan.

Noila Umarova


Manba: "qalampir.uz"
Категория: Shou-biznes habarlari | | Теги: lisenziya, davlat tadbiri, To‘y, olib qo‘yildi, NEGA, Shahnoza Otaboyeva | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя