Главная » 2016 » Ноябрь » 7 » Adiz Rajabov San’atkorning shaxsiy hududi bo‘lishi shart
17:10

Adiz Rajabov San’atkorning shaxsiy hududi bo‘lishi shart


So‘nggi paytlarda ko‘plab suratga olish ishlarida band aktyor Adiz Rajabov bugun “Qichqa va lo‘nda” loyihamiz mehmoni. Qisqa savollar orqali uning fe’l-atvorini bilishga harakat qildik...

Kutilayotgan yangilik.
Ayni kunlarda Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” asari ustida “Diydor” teatr studiyasida ishlayapmiz. Ustozimiz rejissyor Bahodir Yo‘ldoshev boshchiligida bir qator kino aktyor va aktrisalari o‘zimizni teatr sahnasida sinab ko‘ryapmiz. Ijodkor doim yangilikka o‘ch bo‘ladi. Bu spektakl ustida har kuni ishlashimiz ham o‘zimiz uchun juda maroqli bo‘lyapti. Spektakl noyabr oylarida premera bo‘lishi rejalashtirilgan. Shuningdek, “Mehmonxona”, “Saodat” kabi milliy seriallarimizda ham bandman. Tez kunlarda ishtirokimdagi ikkita yangi filmlar ham namoyish etiladi. Xullas, tinmasdan ishlayapman.

Tushkunlikka tushsam.
Depressiya barchada uchrashi mumkin bo‘lgan biroz noxush holatlardan biri deb bilaman. Bu ayniqsa ijod ahlida ko‘proq uchraydi. Tushkunlikka ko‘p tushaman deyolmaymanu, ammo vaqti-vaqti bilan o‘zim istamagan holda u meni jilovlab oladi. Bunday paytlarda birinchi o‘rinda shukr qilishga harakat qilaman. Shu kungacha erishganlarim ko‘z oldimdan o‘tadi. Bundan ham yomon bo‘lishi mumkin edi-ku, degan xayolda bo‘laman. Keyin esa yaqinlarim bilan ko‘proq muloqotda bo‘lib vaqtimni mazmunli narsalarga sarflashga harakat qilaman. Inson bunday paytlarda pozitiv insonlar bilan gaplashishga harakat qilsa, o‘zi ham ular safiga qo‘shilib qoladi. Yana bir gap — bunday paytlarda inson faqat o‘ziga o‘zi tabib bo‘lishi mumkin. 

Sport.
Bolaligimda sportning milliy kurash turi bilan professional shug‘ullanganman. Akam bilan boks mashg‘ulotlariga ham borardik. Sport bilan band bo‘lishni juda yaxshi ko‘rardim. Ammo katta bo‘lib, ishlar ko‘paygach, bunga vaqt ajratolmay qolganman. Hozir esa, ko‘pchilik qatori sport zallarida sog‘lom turmush tarzini olib borishga harakat qilaman. Tosh ko‘tarish, jismoniy mashqlar insonga ijobiy ta’sir qilishini o‘zimda sinovdan o‘tkazganman. 

Mo‘’jiza.
Men uchun hayotimizning o‘zi katta mo‘’jiza. Ertalab ko‘zimizni ochishimizning o‘zi ham bunga misol bo‘la oladi. Agar inson atrofidagi mo‘’jizalarni his eta olsa, menimcha, mehr-muhabbat ham o‘z-o‘zidan kuchayib boraveradi. Aynan shu tuyg‘ular orqali hayotni yorqin ranglarda ko‘rishga o‘rganadi.

Mish-mishlar.
Bilasizmi, shu kungacha o‘zim haqimda yomon mish-mishni eshitmaganman. Bu ham mening omadim bo‘lsa kerak. Chunki bugun nafaqat mashhurlar balki hammaning hayotiga doir mish-mish eshitishga o‘rganib qolganmiz. Shaxsan o‘zim ularga umuman befarq bo‘lishga harakat qilaman. Yolg‘on gaplarni eshitib kayfiyatimni buzishdan yiroqman.  

Yolg‘on.
To‘g‘ri, hamma ham yolg‘onni aniqlashga harakat qiladi. Ammo ming afsuski doim ham yolg‘on gapni oldindan sezib bo‘lmaydi. Shu o‘rinda o‘zim ham doim yolg‘onlarni bilib ololmayman. To‘g‘ri, aldanganman ham. Jahlim chiqishi ham tabiiy. Lekin menga yolg‘on gapirishga nimadir majbur qilgandir, deya o‘sha insonning vaziyatini tushunishga ham harakat qilaman. 

Xafa qilsam.
Agar bilib-bilmay kimnidir xafa qilsam, o‘sha zahoti undan uzr so‘rashga, vaziyatni yumshatishga harakat qilaman. Chunki kimningdir dilini og‘ritsam, o‘zim behuzur bo‘laman. 

Yomon ko‘rgan savolim...
Shaxsiy hayotim bilan bog‘liq savollar berishsa, yomon ko‘raman. Chunki oilam, hayotimga tegishli ma’lumotlar kimgadir foyda keltiradi yoki muxlislar uchun muhim narsa, deb o‘ylamayman. San’atkorning shaxsiy hududi bo‘lishi shart. 

Aliya SULAYMANOVA


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Shou-biznes habarlari | | Теги: bo‘lishi shart, san’atkor, Adiz Rajabov, shaxsiy hudud | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя