Главная » 2018 » Апрель » 13 » Eshak go‘shti yeganlar nima qilsin, dinimizda bunga qanday qaraladi?
19:13

Eshak go‘shti yeganlar nima qilsin, dinimizda bunga qanday qaraladi?


Samarqand viloyatidagi “eshaklar qabristoni”, Farg‘onada eshak go‘shti bilan shug‘ullanuvchi “tadbirkor”ning kirdikorlari, “Sharshara” mojarosi va boshqa shunga o‘xshash noxush holatlar OAVda ko‘p bora muhokama bo‘ldi.

Ayrim xo‘randalar orasida esa mazkur munozara hamon davom etmoqda...

Muqaddas dinimizda eshak go‘shti haromligiga ochiq-oydin dalillar bor. Zamonaviy tibbiyot ham uning zararlarini isbotlagan.

Qur’oni karimda eshakning go‘shti-ku u yoqda tursin, hatto uning ovozi ham yoqimsiz ekani aytiladi: «(Yurganingda) o‘rtahol yurgin va ovozingni past qilgin! Chunki ovozlarning eng yoqimsizi eshaklar ovozidir» (Luqmon surasi, 19-oyat).

Hadisi shariflarda esa eshakning ovozini eshitganda, Allohdan panoh tilanglar. Chunki eshak shaytonni ko‘rganda hangraydi (Imom ibn Hibbon rivoyati), deyiladi.

Anas (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilingan hadis eshak go‘shti haromligiga ochiq-oydin dalildir. Xaybar fathi kuni qishloqdagi eshaklar qo‘lga kiritilib, ayrimlari so‘yib pishiriladi. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): «Ogoh bo‘linglar! Albatta, Alloh va Uning Rasuli sizlarni ulardan qaytarurlar! Albatta, ular iflosdirlar, shaytonning amalidirlar!» deb nido qildilar. Bas, eshak go‘shti qaynab turgan qozonlar ag‘darib tashlanadi» (Imom Buxoriy rivoyati).

Boshqa rivoyatlarda aytilishicha, odamlardan ba’zilari Payg‘ambar (sollallohu alayhi vasallam)ning huzurlariga kelib, eshaklar yeyilmoqda, deb ikki marta xabar bergan. Uchinchisida esa eshaklar bitirilmoqda, deb aytgan. Shunda Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) Abu Talha (roziyallohu anhu)ga odamlar orasida: «Ogoh bo‘linglar! Albatta, Alloh va Uning Rasuli sizlarni ulardan qaytarurlar! Albatta, ular iflosdirlar, shaytonning amalidirlar!», deb jar solishni buyurdilar.

Bu nidoni eshitgan kishilar eshak go‘shti qaynab turgan qozonlarni ag‘darib tashlashgan. Shu bilan masalaga chek qo‘yildi. Ammo keyinchalik, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) vafot etganlaridan so‘ng bu masala yana qo‘zg‘atilganda, mazkur amrni har kim har xil tushungan.

Ayrimlar Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) eshaklar ulov sifatida o‘sha paytda zarur bo‘lgani uchun ularning go‘shtini yeyishdan qaytardilar, deyishsa, boshqalar esa eshaklar iflos bo‘lgani uchun ularning go‘shtini yeyish man etildi, degan fikrga borishdi. Yana kimlardir Payg‘ambarimizning bu buyruqlari muayyan vaziyat uchun emas, balki doimiydir, deyishdi.

Oxiri, bu masala bo‘yicha hal qiluvchi so‘zni aytish uchun Sa’id ibn Jubayr (roziyallohu anhu)ga murojaat qilindi. U kishi Rasulullohning bu amrlari doimiydir, deb aytdi va ixtilof barham topdi.

Hadisi sharifda: «Ogoh bo‘linglar! Sizlarga xonaki eshaklar, barcha oziq tishli yirtqich hayvonlar halol emas” (Imom Termiziy rivoyati), deya ta’kidlangani ham barcha qarashlarga uzil-kesil chek qo‘ydi.

Tibbiy jihatdan ham, diniy jihatdan ham zararlari aytib o‘tilgan eshak go‘shtini bugungi ma’murchilik davrida, halol go‘sht (quyon, qo‘y, qoramol, ot, tuya va hokazo)lar qatorida ongli ravishda sotganlar gunohkorlardir.

Ibn Abbosdan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Albatta, Alloh mening ummatimdan xatoni, unutilgan va majbur qilingan narsani kechirgandir», dedilar». Demak, shu paytgacha eshak go‘shti qo‘llanilgan ayrim oshxonalarda taom tanovul qilgan kishilar bilmaganlari uchun ularga zarar yo‘q.

Xalq tilidagi: “Mehnati halol, o‘zi harom”, degan so‘z mavzumizga xulosa bo‘la oladi.

O‘z.A.


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Fikr Mulohaza | | Теги: Eshak go‘shti, yeganlar nima qilsin, dinimiz, bunga, qanday qaraladi | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя