Главная » 2019 » Июнь » 28 » Gulisan deb kuylagan Yulduz Usmonova Gulnoradan zug‘um ko‘rganini aytib chiqdi
10:15

Gulisan deb kuylagan Yulduz Usmonova Gulnoradan zug‘um ko‘rganini aytib chiqdi


Avvalroq, o‘zbekistonlik taniqli xonandalar O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi, sobiq Fond Forum vasiylik kengashi raisi Gulnora Karimovaning himoyasiga otlangani, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasiga uning suratini joylashtirib, uni sog‘inganini yozib qoldirayotgani haqida xabar bergan edik. Bir vaqtlar “saroy xonandasi” nomini olgan va Gulnora Karimova bilan o‘ta yaqin bo‘lgan O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova Karimovani qo‘llab-quvvatlayotgan xonandalarga qarshi chiqib, uni o‘g‘rilikda aybladi. Ushbu video ayni damda ijtimoiy tarmoqlar orqali yashin tezligida tarqalmoqda.

“San’atkorlarimiz haddidan oshib, Gulnora Karimovani sog‘inib, yuraklari ezilib ketibdi. Biz sog‘indik, qachon chiqasiz, deb... Chiqadi boshilarga balo bo‘lgani, gap yo‘q.

Mendan so‘rasalaring bo‘ladi, yonlarida xizmatlarini qilib, meni chaqirsa ertalabgacha uxlamay, pulimni ololmay o‘tirgan kunlarim bo‘lgan. Qachon ko‘zingiz ochiladi, musulmonlar? Sizlar bugun mikrofon ushlab ashula aytyapsiz, ertaga hech kim emassan. Nimaga xalqning boshini aylantiryapsizlar?

Gulnora Karimovaning davlat bilgan, tanigan 1 milliardi tashqarida. 1 milliard dollarni gapiryapmiz. Men 1 milliard so‘mni gapirayotganim yo‘q. Davlatning bir tiyini ham xalqniki. Tushundilaringmi? Hali bilmaganlar qancha... Kim nima desa orqasidan ergashib, bo‘ldi qilinglar endi. Oldin siyosatchilar bizga tegardi. Bugun sizlar nimaga tegyapsizlar? Bu pulni kim qaytaradi? Bu xalqni puli, seniki yo meniki emas. Bu xalqning puli, bu davlatning puli. Bu sen bilganing, bilmaganing qancha”, deydi stol urib Yulduz Usmonova.

Xonanda Gulnora Karimova haqidagi fikrlarini bayon etarkan, o‘ta hissiyotga berilib, uni o‘g‘rilikda ayblaydi.

“Shuncha beva-bechoraga uylar berildi, boshqa qilindi, qiynalganga yordam berilyapti. Qachon shunaqa bo‘lgan? Nima uchun bu pulni so‘ramasligimiz kerak. So‘raymiz! Men o‘sha pulning qaytib kelishi tarafdoriman. Xalqning puli xalqqa qaytsin. U pulga bilasizlarmi nima qilsa bo‘lardi? Bog‘chalar, oilasini zo‘rg‘a tebratayotganlar bor, orzu-havasda yurganlar bor, oylikdan-oylikgacha zo‘rg‘a yashaydiganlar bor, ota-onasi ishga ketib o‘lib ketganlar qancha... o‘shalarga pul kerak, yetim-esirga kerak, bog‘cha kerak, maktab kerak, bilim kerak, kitob kerak. Bular qaerdan keladi, aytinglar? Siz o‘g‘rilab qochsangiz.... Men qaysi o‘g‘rini sog‘inishim kerak. A u o‘g‘ri-ku. Men qaysi o‘g‘rini sog‘inishim kerak, yig‘ishtiringlar, bunday hom-hatala gaplaringni”.

Yulduz Usmonova O‘zbekistondagi eng qimmatbaho san’atkorlardan sanaladi. Uning bitta to‘yga 20 daqiqaga borish narxi 2 ming AQSh dollariga teng. U so‘zida davom etib, bu ishlarga aralashguncha, qo‘shiq aytishni o‘rganishi kerakligini qo‘shimcha qildi.

“Ijod qilinglar, mikrofonni tuzukroq olib, ashula aytishni o‘rganinglar. Bugun sizlarning kamchiliklaringizni aytmayotgan bo‘lsak, bu haddilaringdan oshishlaring kerak degani emas. Siyosatchilar bizga tegardi, xafa bo‘lib intervyu bergandik. Bugun tegmayapti siyosatchilar, nega sizlar siyosatchilarga tegyapsizlar? Mening shunga achchig‘im kelyapti.

Boshidan suv tommagan odam bilmaydi nima ekanini. Men sizlarga aytay: chaqirsa bormasang, “zapret”edi. Bormasang-ku kaltak yeysan, borsang, pulingni ololmay qaytasan. Men yaxshi bilaman bu kunlarni. Hozir ishlayapmiz-ku, o‘rtoqlar. Men hozir sizlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri savol beryapman, sizlarga ham javob bo‘lsin: nima bo‘lyapsizlar? Ismlaringni bitta-bitta aytaman, sog‘inayotganlar, Jahongir akaning qo‘lidan chiqqan san’atkorlar (Jahongir Poziljonov, Ziyoda Qobilova, Umidaxon), so‘ranglarchi Jahongir aka, shahar hokimi ham sog‘inayotganmikin? Hech kim sog‘inib, o‘layotgani yo‘q. Chunki uning (tahr.: Jahongir Ortiqxo‘jaev) boshiga qor tushganda o‘zi kuradi va kimdan qor yoqqanini ham yaxshi biladi. Sizlar bilib-bilmasdan hammayoqqa burninglarni tiqaverasizlarmi? Bu yoshlarga qachon aql kiradi? Men hozir bitta-bitta ismingni aytadigan bo‘lsam, xalq bitta-bitta tupursa, la’natning ichida qolib ketasizlar. Uyqularing tinch, birov kechasi... Soat 2-3 da turg‘izib qo‘yib, “nochnushka”da turib ashula aytmagansizlar-ku. Men aytganman, bilaman. Nima qilasizlar bilib-bilmay burningizni tiqib?”

O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovaning videomurojaatda aytganlarini ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbekistonlik ko‘plab kuzatuvchilar maddohlik sifatida baholayapti. Boisi Yulduz Usmonova Gulnora Karimova eng “gullagan” davrida uning eng yaqin dugonasi sifatida ko‘rilgan. Gulnora Karimova Yulduz Usmonova konsertlarining doimiy mehmoni bo‘lgan. Xususan, Yulduz Usmonovaning 2006 yilda “Xalqlar do‘stligi” saroyida bo‘lib o‘tgan konsert dasturiga Gulnora Karimova ham tashrif buyurib, uni guldasta bilan qutlagan edi.

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov rahbarligining dastlabki 15 yilligida Yulduz Usmonova juda katta mavqega ega san’atkor bo‘lgan. Hatto, Oliy Majlis deputatligiga ham saylangan. 2006 yilda u juda katta siyosiy masalalarga aralashib qolishi oqibatida mamlakatda tele va radiolarda qo‘shiqlari yangrashi to‘xtatib qo‘yildi. 2007 yilda xonanda eng so‘nggi konsertini taqdim etdi. To Shavkat Mirziyoev Prezident bo‘lguniga qadar “zapret”da bo‘ldi va faoliyatini Turkiyada davom ettirdi.

Ushbu davr oralig‘ida Gulnora Karimova Yulduz Usmonovani bir necha bor “zapret”dan chiqarishga harakat qildi. Biroq bu ishlar samara bermadi. 2013 yilda Gulnora Karimova tomonidan o‘tkazilgan “Asrlar sadosi” festivalida Yulduz Usmonovaning chiqish qilishi haqidagi xabarlar katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Yulduz Usmonova “Asrlar sadosi” festivali o‘tkazilayotgan maydon sahnasiga qadar bordi. Uning qo‘shig‘i endigina sahnada yangray boshlaganda qo‘shiqqa taqiq qo‘yildi va Yulduz Usmonova sahnaga chiqarilmadi. Holbuki, Gulnora Karimova uning chiqishini juda xohlagan edi.

Ma’lumotlarga qaraganda, Yulduz Usmonovaga bo‘lgan cheklovni hatto, Gulnora Karimova ham olib tashlolmagan. O‘sha davrlarda Yulduz Usmonova “zapret”dan chiqish uchun bir necha bor Vatanni, Prezident Karimov siyosatini madh etib qo‘shiqlar kuyladi. Bu qo‘shiqlardan yana biri to‘g‘ridan-to‘g‘ri Gulnora Karimovaga qaratildi. Unda xonanda Gulisan deya, Gulnora Karimovani barcha ko‘ngillarga yaxshilik, iliqlik va quvonch ulashuvchi farishta sifatida madh etadi.


VIDEONI KO'RISH

Manba: "qalampir.uz"
Категория: Shou-biznes habarlari | | Теги: Yulduz Usmonova, Gulisan, Gulnora Karimova | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя