Главная » 2016 » Ноябрь » 8 » Jahlingiz sababi atrofdagilarmi yoki farzandingizning harakatlarimi?
14:56

Jahlingiz sababi atrofdagilarmi yoki farzandingizning harakatlarimi?


Bola g‘ingshiyveradi, ona esa undan berkinish uchun joy qidiradi. Kechagina entikib qo‘lingizga olgan farzandingiz bugun har bir harakati bilan asabingizga tegadi. Shunday paytlarda unga bir tarsaki tortasiz-u, birozdan so‘ng qilgan ishingizdan pushaymon bo‘lib, bolangizga qo‘shilib o‘zingiz ham yig‘lashga tushasiz. Bu tuyg‘ularni his qilmagan onaning o‘zi bo‘lmasa kerak. Ammo bir qancha vaqt o‘tgach, bu hodisa yana takrorlanadi... va yana o‘sha pushaymonlik hissi... Gap nimada o‘zi?

Nima uchun asabiylashamiz?
Bunday vaziyatda onalar bir iborani ko‘p ishlatishadi: «asabimga o‘ynama bola!» Onaning «asabi o‘ynashi»ga esa sabab ko‘p: bola o‘yinchoqlarini yig‘ishtirmadi, ovqat yemadi, uxlamadi, dars tayyorlamadi va hokazo... Ammo har doim ham ayb boladami? Balki biz kattalardadir hamma ayb? Keling, asabiylikka nimalar sabab bo‘lishi mumkinligini ko‘rib chiqamiz.

Charchoq
Bu holat asosan bolasi hali bir yoshga to‘lmagan onalarga xos. Ayniqsa, yosh onaga yordam beruvchi bo‘lmasa, u charchoqdan o‘ta asabiy bo‘lib qoladi. Va aksar hollarda alamini boladan oladi.

To‘rt devor ichida...
— Kun davomida o‘g‘lim bilan birgaman, ammo ba’zan undan shu qadar charchaymanki... Biror joyga chiqishga ham o‘zimni ko‘ndira olmayman, o‘zimni bolasini tashlab ketgan onadek his qilaman...

Nigora, Sirg‘ali tumani
Ayol ona bo‘lgach, o‘zining barcha qiziqishlarini bir chetga surib, vaqtini to‘laligicha bola parvarishiga bag‘ishlaydi. Dastlabki oylarda bu tabiiy instinkt ta’sirida sodir bo‘ladi. Ammo bola ko‘krakdan ajralib, o‘zi yurishni o‘rgana boshlagan davrda uning onaga bo‘lgan ehtiyoji kamayadi. Mana shu paytda ona ham o‘z qiziqishlarini sog‘inganini va boshqalar bilan munosabatlar tanqisligini his qila boshlaydi. Faqat aksar hollarda bolasini bobo-buvilarga tashlab, biror joyga borib, ko‘ngil ochishni bolasiga xiyonatdek qabul qiladi. Hayotiga o‘zgartirish kirita olmagani, tanqislikni to‘ldira olmagani sababli o‘zi sezmagan holda asabiylashib, alamini yana farzandidan oladi.

Jahlni hadeb ichga yutaverish oxir-oqibat «portlash»ga olib keladi. Ona farzandiga hamma narsani muloyimlik bilan tushuntiradi, asabiylashayotganini bildirmaydi. Ammo ba’zan bola ham onasining jahlini chiqarganini his qilishi tarbiyaviy ahamiyat kasb etadi. Bundan tashqari, jahlni faqat kimgadir baqirib emas, musiqa tinglab yoki sport bilan shug‘ullanib ham tushirish mumkin. 

Boladan ko‘p narsa kutish...
— Bir tanishim bolasiga nuqul baqiradi. Chunki 5 yashar o‘g‘li tayyorlov kurslarida berilgan darslarni mustaqil ravishda tayyorlay olmas ekan.

Malika, Mirobod tumani
Bunda ayb boladami? Yo‘q, onaning farzandidan ko‘p narsa kutganida. 5 yashar bola mustaqil ravishda dars tayyorlay olmaydi. Chunki unda hali o‘z-o‘zini nazorat qilish tizimi shakllanmagan. Farzandingizning imkoniyatlarini to‘g‘ri baholang.

O‘zingizga ishonchingiz bo‘lmasa...
— Qizimdagi o‘zgarishlarga qarab, o‘zimning yaxshi onaligimga shubha qilaman, ba’zan o‘tirib yig‘layman ham.

Hamida, Hamza tumani
Aro yo‘lda qolish hissi sizga ojizligingizni his qildiradi, va ona asabiylasha boshlaydi. «Men yaxshi ona emasman» degan ichki hissiyot tashqariga «U yaxshi bola emas» shaklida chiqadi. Toki ona o‘zini o‘zgartirmas ekan, bolaning axloqi ham o‘zgarmaydi. O‘zingizni ayblashdan to‘xtang va farzandingiz bilan til topishish yo‘lini qidiring. 

Shaxsiy muammolar
Oilaviy muammolar, o‘zingizga ishonchingiz pastligi bola tug‘ilishi bilan hech qayoqqa g‘oyib bo‘lmaydi. Yashirilgan gina-kudrat, yechimi topilmagan muammolar ta’sirida esa inson asabiylashadi va aksar hollarda bundan uning yaqinlari zarar ko‘radi. Ba’zi hollarda ayol eri yoki boshqa yaqinlariga jahl qiladi-yu, ularga gapira olmagani bois alamini bolasidan oladi.

 «Nimani o‘zgartiray?..»
•  Eng avvalo asabiylashayotganingiz sababini aniqlang.
•  O‘zingizga hech bo‘lmaganda yarim soat vaqt ajrating. Bu vaqtni qiziqqan mashg‘ulotingiz yoki dam olish bilan o‘tkazing. Eng avvalo bunday qilish uchun o‘zingizga ruhan ruxsat bering.
•  Charchaganda, nimadandir asabiylashganda, bola bilan tarbiyaviy ishlar olib bormang.
•  Bolaning biror bir harakatidan jahlingiz chiqsa, avvalo 10 gacha sanang va chuqur nafas oling. Bu jahlingizni biroz nazorat ostiga olishingizga yordam beradi.
•  Boladan jahlingiz chiqqanda o‘zingizni ayblamang, vaziyatdan chiqish yo‘lini qidiring. O‘zingizni ayblash esa sizni harakatdan to‘xtatib, umidsizlikka tushirib qo‘yadi.
•  Jahlingizni bolaga zarar keltirmaydigan ravishda ko‘rsatishni o‘rganing. Masalan, undan xafa ekanligingizni ko‘rsating yoki burchakka turg‘azing yoki uni shirinlikdan mahrum qiling.
•  Asosan qaysi paytlarda boladan jahlingiz chiqadi? Buni nazorat ostiga olsangiz, jahlingiz sababi atrofdagilarmi yoki farzandingizning harakatlaridami — bilib olasiz va shunga ko‘ra chora ko‘rasiz.

Odatda samolyotlarda styuardessa xavfli vaziyatlar borasida ko‘rsatma berar ekan, shunday deydi: «Agar farzandingiz bilan sayohatga chiqqan bo‘lsangiz, xavfli holatda avvalo o‘zingizga kislorod niqobini taqing va so‘ngra bolani kislorod niqobi bilan ta’minlang». Bir qarashda bu xudbinlik bo‘lib ko‘rinadi, ammo aslida esa to‘g‘ri. Chunki o‘zi haqida qayg‘ura olgan ona farzandini ham to‘g‘ri parvarish qiladi.


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Fikr Mulohaza | | Теги: atrofdagilar, harakatlarimi, Farzandingiz, Yoki, Jahlingiz sababi | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя