Главная » 2020 » Август » 2 » Karantin tugagandan so‘ng voyaga yetmaganlar masjidga kelishiga to‘sqinlik qilinmaydi — IIV
14:29

Karantin tugagandan so‘ng voyaga yetmaganlar masjidga kelishiga to‘sqinlik qilinmaydi — IIV


O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi vatandoshlarimizni va yurtimiz mehmonlarini muqaddas Qurbon hayiti bilan muborakbod etadi.

Ma’lumki, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda e’tiqod erkinligini ta’minlash masalasiga alohida e’tibor berilmoqda. Respublika Hukumatining diniy bag‘rikenglikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan sa’y-haraktlari mamlakatimizda tinchlik, konfessiyalararo totuvlik va millatlararo hamjihatlikni mustahkamlanishida muhim omil sifatida xizmat qilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan ham mo‘min-musulmonlar ibodatlarini ado etishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berilmoqda. Jumladan, respublikamiz hududidagi masjidlarda fuqarolar tomonidan jamoa namozlari o‘qilishi jarayonida xavfsizlikni ta’minlash, masjidlar yonida va ularga tutash avtoturargohlarda mashinalarning tartibli harakatlanishini tashkil etishda ichki ishlar organlari xodimlari o‘z vakolatlari doirasida xizmat qilib kelmoqdalar.

Albatta, dunyo miqyosida kuzatilayotgan koronavirus pandemiyasi sharoitida O‘zbekistonda ham boshqa davlatlardagi kabi namozlarni masjidlarda jamoa bilan o‘qishda cheklovlar joriy qilindi. Bu cheklovlarning barchasi vaqtincha o‘rnatilgan bo‘lib, mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi tarqalishining xavfi kamayishi bilan ularni bosqichma-bosqich yechish ko‘zda tutilgan.

Jumladan, karantin choralari bekor qilinganidan so‘ng O‘zbekistondagi barcha masjidlarda fuqarolarning hech qanday cheklovlarsiz namozlarini jamoa bilan ado etishlari uchun zarur shart-sharoitlar ta’minlanadi.

Shu o‘rinda, Ichki ishlar vazirligi masjidlarga voyaga yetmagan fuqarolar va bolalarning o‘z ota, aka-uka va yaqin qarindoshlari hamrohligida namoz o‘qish uchun erkin kelib-ketishlari mumkinligini eslatib, bunga qonunchiligimizda hech qanday taqiqlar mavjud emasligini alohida ta’kidlaydi.

Vazirlik vatandoshlarimizning din erkinligi sohasidagi huquqlarini himoya qilishda hamda ushbu yo‘nalishda biror bir qonunga zid to‘siqlar va sun’iy cheklovlar o‘rnatilishiga qarshi kurashishda davom etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi yana bir bor barcha yurtdoshlarimizni muborak Qurbon hayiti bilan tabriklab, xonadonlariga tinchlik, xotirjamlik va fayzu-baraka tilab qoladi.

IIV Axborot xizmati


Manba: "xabar.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: IIV, kelishiga, karantin, to‘sqinlik qilinmaydi, voyaga yetmaganlar, masjidga | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя