Главная » 2021 » Октябрь » 6 » Kimyo bo‘yicha 2021-yilgi Nobel mukofoti sovrindorlari e’lon qilindi
17:16

Kimyo bo‘yicha 2021-yilgi Nobel mukofoti sovrindorlari e’lon qilindi


Kimyo bo‘yicha 2021-yilgi Nobel mukofoti germaniyalik Benjamin List va amerikalik Devid Makmillanga “assimetrik organokatalizni rivojlantirgani uchun” beriladi. G‘oliblarni e’lon qilish marosimini translyatsiya qiluvchi Nobel qo‘mitasi veb-saytida olimlarning tadqiqotlari haqidagi press-reliz ham chop etilgan.

10 million shved kronasi (1,14 million dollardan ortiq) miqdoridagi mukofot ikki laureat o‘rtasida teng taqsimlanadi.

Katalizatorlarning faqat ikkita turi bor deb hisoblanardi: metallar va fermentlar. List va Makmillan bir-biridan mustaqil ravishda molekulalarni yaratishning yangi usulini — kichik organik molekulalarga asoslangan assimetrik organokatalizni ishlab chiqdi. Nobel qo‘mitasi press-relizida aytilishicha, u yangi farmatsevtika mahsulotlarini tadqiq qilish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi, bundan tashqari, kimyoning yanada barqaror bo‘lishiga yordam beradi.

“Organokataliz aqlbovar qilmas darajada tez rivojlanmoqda. Bunday reaksiyalar yordamida tadqiqotchilar endi yangi farmatsevtika vositalaridan tortib quyosh panellarida nurni yuta oladigan molekulalarga qadar hamma narsani yanada samarali tarzda yaratishi mumkin”, — deyiladi xabarda.

List 1968-yilda Germaniyaning Frankfurt-Mayn shahrida tug‘ilgan va doktorlik darajasini 1997- yilda Frankfurtdagi Gyote universitetida olgan. Hozirda u Germaniyaning Myulxaym-na-Rur shahridagi Maks Plank nomli ilmiy tadqiqotlar jamiyati tadqiqot institutlaridan birining rahbari.

Makmillan 1968-yilda Shotlandiyaning Bellzxill shahrida tug‘ilgan. Keyinchalik u AQShga ko‘chib o‘tgan. 1996-yilda Irvayn shahridagi Kaliforniya universitetida doktorlik dissertatsiyasini olgan. Hozir u Prinston universiteti professori.

2020-yilda kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti genomni tahrirlash usullarini ishlab chiqqani uchun Emmanuel Sharpantye va Jennifer Dudnega topshirilgandi.

4-oktabr kuni Stokgolmda Nobel haftaligi boshlandi. Birinchi bo‘lib an’anaviy tarzda tibbiyot va fiziologiya bo‘yicha mukofot laureatlari e’lon qilindi. Bu yil ushbu yo‘nalishda mukofot AQShda faoliyat olib boradigan olimlar — Devid Julius hamda Ardem Pataputyanga harorat va sensorli retseptorlar ustidan tadqiqotlar uchun berildi.

5-oktabr kuni fizika bo‘yicha Nobel mukofotiga uch nafar olim sazovor bo‘ldi. Mukofotning bir qismi amerikalik iqlimshunos Syukuro Manabe va germaniyalik olim Klaus Xasselmanga Yer iqlimini fizik modellashtirish va global isishning ishonchli tahlili uchun, ikkinchi qismi esa italiyalik fizik Jorjo Pariziga atomlardan sayyoralargacha bo‘lgan fizik tizimlarda tartib va ​​tebranishlarning o‘zaro ta’sirini kashf qilgani uchun beriladi.

Mukofotni topshirish marosimi 10-dekabrda, Alfred Nobel vafot etgan kunda bo‘lib o‘tadi. Odatda Nobel mukofoti sovrindorlarini Shvetsiya qiroli Stokgolmda shaxsan tabriklardi (Osloda taqdirlanadigan Tinchlik mukofoti sovrindorlari bundan mustasno). Biroq koronavirus pandemiyasi tufayli 2021-yilda xuddi o‘tgan yilgi kabi tantanali marosim va ziyofat bo‘lmaydi. G‘oliblar onlayn tarzda taqdirlanadi.


Manba: "daryo.uz"
Категория: Dunyo xabarlari | | Теги: Nobel, kimyo, mukofoti | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar

Copyright © Tarona.net Media 2014-2021 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя