Главная » 2020 » Декабрь » 1 » O‘zbekiston tovar-xom ashyo birjasida Ai-80 benzini narxi oshdi
12:08

O‘zbekiston tovar-xom ashyo birjasida Ai-80 benzini narxi oshdi


O‘zbekiston tovar-xom ashyo birjasida o‘tgan hafta davomida savdoga chiqarilgan Ai-80 markali benzinning narxi 4,4 foizgacha oshdi, deya xabar bermoqda birja matbuot xizmati.

O‘tgan haftada Ai-80 markali avtomobil benzinining o‘rtacha kunlik narxi bir tonna uchun 5 million 325 ming 100 so‘mdan 5 million 557 ming 100 so‘mgacha yoki 4,4 foizga ko‘tarilgan.

Qayd etilishicha, ko‘rib chiqilayotgan davrda bir tonna Ai-80 rusumli avtomobil benzinining o‘rtacha haftalik kotirovkasi 5 million 476 ming 800 so‘mni, Ai-91 — 6 million 203 ming 900 so‘mni tashkil etdi.

Shuningdek, o‘tgan hafta davomida birja savdolariga 24 338 tonna Ai-80 markali avtomobil benzini qo‘yildi va ulardan 20 273,3 tonnasi, ya’ni 83,3 foizi sotilgan. O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 52 nafar xaridor ishtirok etgan.

Ma’lumot uchun, avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarida Ai-80 rusumli benzin bir oy avval 4100 so‘mdan 4500 so‘mgacha narxda sotilayotgan edi. Keyinchalik uning narxi 4500 so‘mdan 4800 so‘mgacha ko‘tarildi. Hozirda Toshkentdagi avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalarida Ai-80 benzinining bir litri o‘rtacha 4600 so‘mdan 5000 so‘mgacha sotilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yil 1-maydan boshlab Ai-80 markali avtomobil benzini va dizel yoqilg‘isi (shu jumladan, EKO markali dizel yoqilg‘isi) chakana narxlarini davlat tomonidan tartibga solish bekor qilindi. Shundan so‘ng, 1-maydan dizel yoqilg‘isi narxi 500 so‘mga pasayib, 6500 so‘m qilib belgilangan. 3-maydan boshlab esa Ai-80 benzinining narxi 500 so‘mga pasayib, bir litri 4000 so‘mdan sotila boshlagan.

Bundan tashqari, “O‘zbekneftgaz” kompaniyasining UNG brendi ostidagi avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalarida 13-apreldan boshlab Ai-91 markasidagi benzinning bir litri narxi 5800 so‘mdan 5600 so‘mgacha pasaytirilgan. Shuningdek, dizel narxi 1-martdan boshlab 7500 so‘mdan 7300 so‘mga pasaytirilgan, 3-apreldan boshlab esa dizel narxi yana 300 so‘mga arzonlashtirilgan holda sotuvga chiqarilgandi.


Manba: "daryo.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: benzini, birjasida, O‘zbekiston, AI-80, narxi oshdi, tovar-xom ashyo | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя