Главная » 2020 » Май » 19 » O‘zbekistonlik olimlar bemorlarning SARS-CoV-2 koronavirusi shtammlari genini aniqladi
11:38

O‘zbekistonlik olimlar bemorlarning SARS-CoV-2 koronavirusi shtammlari genini aniqladi


Mazkur tahlil va uning natijalari O‘zbekistonda koronavirus shtammlarining tarqalishi darajasi, mazkur shtammlarning kasallikka chalintirish va o‘lim holatiga olib kelish xususiyatlari va patogenligi to‘g‘risida ma'lumotlarni to‘plash imkonini beradi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazi olimlari O‘zbekistondagi bemorlarda aniqlangan SARS-CoV-2 koronavirusining bir nechta shtammlarining DNK ketma-ketligini aniqladilar. Bu haqda vazirlik xabarida aytilgan.

— Genotip tahlili (genotiplash) SARS-CoV-2 genomining asosiy qismidagi mutatsiyalarni aniqlash uchun muhim vositadir, — deydi Ilg‘or texnologiyalar markazi direktori o‘rinbosari Alisher Abdullayev. — Ma'lumki, koronavirus o‘zining tarkibiy oqsillarini kodlaydigan genlarga ega. Ushbu tarkibiy oqsillar kelajakda vaksinalarning potensial nishoniga aylanadi. Shuning tarkibiy oqsillarning o‘zgarishiga olib keladigan virusli RNK genlarining nukleotidlar ketma-ketligidagi har qanday o‘zgarishlarni vaksina ishlab chiqishdan avval aniqlab olish juda muhimdir.

Bundan tashqari, ma'lum bir turdagi mutatsiyaga uchragan shtamm ko‘proq tarqalgan ba'zi mamlakatlarda global vaksinaning samaradorligini bashorat qilish uchun genotiplash ma'lumotlaridan foydalanish mumkin. Shuning uchun ham Ilg‘or texnologiyalar markazi olimlari tomonidan tizimli genlarning tahlil qilinishi o‘ta muhim sanaladi.

—Birinchi bosqichda SARS-CoV-2 koronavirusining muhim tarkibiy geni bo‘lmish – N genning nukleotid ketma-ketligini aniqladik, — davom etadi A.Abdullayev. — Dastlabki tahlil shuni ko‘rsatdiki, nukleotidlar pozitsiyalaridagi genlar ketma-ketligi Uxanda aniqlangan koronavirus shtammining referent genomidan farq qiladi. Ma'lumotlarning qiyosiy tahlili esa SARS-CoV-2 koronavirusining ushbu turdagi mutatsiyaga ega shtammlari Yevropada ko‘proq uchrashini ko‘rsatdi.

Shifrlangan nukleotidlar ketma-ketligi to‘g‘risidagi ma'lumotlar xalqaro ma'lumotlar bazasi — Milliy biotexnologik axborot markaziga (NCBI) joylashtirilgan. Unda dunyoning turli mamlakatlaridagi turli organizmlar to‘g‘risidagi ma'lumotlar ilmiy jamoatchilik uchun ochiq tarzda saqlanadi. Kelgusida Ilg‘or texnologiyalar markazining olimlari virus yuqtirgan bemorlardan to‘plangan katta miqdordagi biologik materiallarni tahlil qilishni rejalashtirmoqdalar. Mazkur tahlil va uning natijalari O‘zbekistonda koronavirus shtammlarining tarqalishi darajasi, mazkur shtammlarning kasallikka chalintirish va o‘lim holatiga olib kelish xususiyatlari va patogenligi to‘g‘risida ma'lumotlarni to‘plash imkonini beradi.


Manba: "kun.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: aniqladi, o‘zbekistonlik, bemorlarning, genini, SARS-CoV-2, olimlar, koronavirusi, shtammlari | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя