Главная » 2016 » Декабрь » 17 » «Oyi, dada, urishmanglar!» yoxud ota-ona janjalining bolalarga ta’siri haqida
18:25

«Oyi, dada, urishmanglar!» yoxud ota-ona janjalining bolalarga ta’siri haqida


«Go‘shtsiz uy bo‘lsa bordirki, urishsiz uy yo‘q». Xalqimizning bu hikmati asossiz emas. Ammo oilaviy mojarolar ham turlicha bo‘ladi: kimlardir darrov yarashib ketadi, boshqalar esa haftalab arazlashib, bir-birining nohaqligini isbotlash yo‘lida hamma narsani, hatto farzandlarining shodligu xotirjamligini ham qurbon qilib yuboradi. Shundaylar haqida gaplashamiz.

OILAVIY MOJAROMI Yo MOJAROLI OILA?

Oilada barqarorlikni, osoyishtalikni yaratish va saqlab qolish oson ish emas. Ba’zilar kunda urishsa ham, uzoq yillar yonma-yon yashab yuraverishadi. Boshqalar esa tinchgina yashayotgandek tuyulsa-da, bir kun ajrashib ketishadi. Nega? Chunki oilada janjallar emas, balki undan keyin chiqariladigan xulosalar va bajariladigan amallar muhimroqdir. Agar tomonlar bir-birini sevsa, tushunsa va yo‘qotib qo‘yishdan qo‘rqsa, munosabatlarni tezroq izga tushirib yuborishga harakat qiladi (xatolarni tushunish, uzr so‘rash, murosa qilish).

Oilada ziddiyatlar yuzaga kelganda, eng ko‘p jabr ko‘radigan tomon – farzandlar. Ayni o‘rinda uch xil holat kuzatiladi:

Bola oilaviy janjallarning jimgina guvohi bo‘ladi.

Bola har ikki tomon alamini oladigan ob’ektga aylanadi.

Kichkintoy kattalarning qo‘lida muammoni yechish uchun «ko‘zir qarta» vazifasini bajaradi.

MISKIN GUVOH

Bolakay ma’lum yoshga yetguncha ota-onasiga psixologik jihatdan bevosita bog‘liq bo‘ladi. Tinch oilada o‘sgan bola ruhan xotirjam, o‘ziga ishongan shaxsga aylanadi. Aks holda esa, mojarolar, janjallar undagi ruhiy xotirjamlikni izdan chiqaradi, aybdorlik, vahima, o‘ziga ishonmaslik tuyg‘ularining avj olishiga olib keladi. Natijada, kichkintoy janjal vaqti umuman o‘zining borligini sezdirmasa-da, asosiy zarba unga tushadi.

ALAMDAN ChIQISh VOSITASI

Er-xotinning o‘zaro alamlari, jahli, va hatto, dushmanligi ham bolaning boshiga yog‘iladi. Otasining biron qilig‘i yoki gapini eslatib yuborgan o‘g‘il ona tomonidan zug‘umlarga duch kelishi yoki onasining aytganini qilgani uchun otaning qahriga uchrashi mumkin. Ota-ona farzandlarining xulq-atvorini real baholay olmay qolishadi. Arzimas xatoga qattiq jazo yoki ochiqdan-ochiq «zotingga tortmay…» deb boshlanuvchi mag‘zavaday haqoratlar kutilmaganda kichkintoyning  ustidan ag‘dariladi. Kattalar bolaga nisbatan serjahl, sabrsiz va toqatsiz bo‘lib qoladilar. Bu esa shundoq ham o‘zini baxtsiz sezayotgan go‘dak uchun ortiqcha yuk, yanayam to‘g‘riroq aytganda, haqiqiy zulmdir. Natijada, bola o‘ziga nisbatan ishonchini yo‘qotadi, odamlardan qo‘rqadigan, hayiqadigan va ularni yomon ko‘radigan alamzada shaxsga aylanadi.

OQIBATINI KO‘RING, ChORASINI HAM...

Ba’zida ota-ona bir-biridan noroziligini bola tarbiyalash jarayoniga bevosita ko‘chiradi. Bola o‘z xolicha xotirjam, o‘z shaxsi va individualligi bilan murosada yashashi mumkin, lekin u ota-onasining bir-birini rad etuvchi talablarini bajarishga majbur. Ona: «Men quloqsiz bolalarni yomon ko‘raman!», desa, ota: «Bo‘lajak erkak o‘z fikriga ega bo‘lishi kerak, hadeb onasining aytganini qilavermay», deydi. Har ikki holatda ham boladan norozilik, uning shaxsini qabul qilmaslik ko‘rinib turibdi, lekin «yaxshi bola» bo‘lish uchun talablar tamoman bir-biriga zid. Bola ota-onasining o‘ziga nisbatan muomalasiga o‘zicha munosabat bildirishi (gap qaytarishi, yig‘lashi, isyon qilishi) mumkin, ammo ota-onasi o‘rtasidagi ziddiyatga umuman ta’sir o‘tkazolmaydi. Natijada, murg‘ak joni bilan doimo shu ziddiyatning markazida qolaveradi. Bu ssenariy keyinchalik uning o‘z oilaviy hayotiga va atrofdagilar bilan munosabatlariga ko‘chadi: u na shaxsiy hayotini, na-da karerasini yo‘lga qo‘ya olmaydigan noshud, janjalkash shaxsga aylanadi.

Ota-onalar! Janjallar o‘tkinchi, ammo ulardan bolangiz ongida qoladigan iz bir umrlikdir!  Kimdir o‘zi uchun, yana birov bolasini deb oilasini saqlab qoladi. Lekin shu saqlab qolingan oilada kichkintoyga xotirjamlik, shodlik, baxt bera olsangizgina siz keltirayotgan qurbonliklardan ma’ni bo‘ladi. Shunday emasmi?!

Ruhshunos Shahnoza XALILOVA tavsiyalari asosida Shahnoza TO‘RAXO‘JAYEVA tayyorladi.


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Ibratli hikoyalar | | Теги: bola tarbiyasi, Ota-ona | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя