Главная » 2016 » Декабрь » 1 » Qo‘sha qarish baxti nasib etmaganlar
20:22

Qo‘sha qarish baxti nasib etmaganlar


Yaqinidan judo bo‘lish azobi aytishga oson. Qo‘sha qarib, baxtli bo‘lishni hamma ham birdek istaydi. Biroq bu dunyoga yolg‘iz kelib, juftlashib, jamoatlashib umr kechiriladi-yu, yolg‘iz ketiladi. Yana bir achchiq haqiqat ham bor: hayot kimningdir ketishi bilan tugab qolmaydi, davom etaveradi. Juftini yo‘qotgan inson esa musibatga aldanib qolmay, yana yangidan kuch, hayotga muhabbat topishi uchun unga tirgak va suyanch kerak bo‘ladi. Bugun beva erkaklarning uylanishi bilan bog‘liq ba’zi vaziyatlarga birgalikda yechim izlab ko‘ramiz.

«Uchinchi bor uylanishga… qo‘rqayapman»

— Hammaga ham bitta turmush buyursin ekan. 37 yoshimda umr yo‘ldoshim E’tiborxon og‘ir kasallikka chalinib, vafot etdi. Bir o‘g‘il, ikki qizimiz bor edi. Sevishib turmush qurganim, u ko‘nglimdagidek rafiqa bo‘lgani uchun anchagacha o‘zimga kelolmay yurdim. Ayniqsa, umrining so‘nggi oylarida shunchalik hazin tortib, ma’yuslashib qolgan ediki, haligacha ko‘z oldimdan ketmaydi. Vafotidan 3 oy o‘tgach, yotoqxona gilamining ostidan kichkina maktub topib oldim: «Dadasi, sizdan mingdan-ming roziman. Mendan keyin yolg‘iz qolmang, bolalarimizga ona kerak. Faqat… yangi turmushingizdan farzandli bo‘lsangiz, mehringiz bo‘linib qolmasin, iltimos». Avvaliga uylanmayman, topish-tutishim yaxshi, ro‘zg‘orga qarash uchun biror qo‘shni ayolni yollayman, deb qaror qildim. Lekin aytishga oson ekan, o‘zim uchun emas, yosh bolalarimga g‘amxo‘rlik qilish, uy-joyga qarash uchun ham yangi oila qurishga majbur bo‘ldim. O‘shanda katta o‘g‘lim 10, qizim 7, kenja qizim esa bor-yo‘g‘i 3 yoshda edi. Qarindoshlarim befarzandlik tufayli turmushidan ajralgan 27 yoshli Mamlakat ismli ayol bilan tanishtirishdi. Yosh bo‘lsa ham yuragi keng, ko‘ngli ochiq, bolajon bu ayolga qarab, «birinchi umr yo‘ldoshim nihoyatda ixlos bilan menga yaxshi ayol uchrashini so‘rab duo qilgan ekan-da», deb o‘ylab qolardim. Yotsirab, odamovi bo‘lib qolgan o‘g‘lim endigina uni «oyijon» deyishni boshlaganida tasodifan boshimizga yana bir ayriliq tushdi. Bir kuni Mamlakatxon ishxonamga qo‘ng‘iroq qilib, «O‘g‘limizning harorati ko‘tarilib, maktabdan erta qaytdi keldi. Dorixonaga chiqib ketayapman, pulni qaerga qo‘ygansiz?» deb so‘radi. Oradan yarim soat o‘tar-o‘tmas, qo‘shnim qo‘ng‘iroq qilib, darhol tez tibbiy yordam shifoxonasiga yetib kelishim kerakligini aytdi. O‘g‘limdan xavotirlanib, oyog‘imni qo‘limga olgancha yugurdim. Shifoxonada esa yo‘ldan shoshilib o‘tayotgan Mamlakatxon avtohalokatga uchrab, voqea joyida joni uzilganini aytishdi... «Farzandli bo‘lib qolarman», degan umidda bolalarimning xizmatini qilgan, 30 yoshga ham kirmay hayotdan ko‘z yumgan bu ayol oldida ham o‘zimni qarzdor deb bilaman. Har ikkala rafiqam ham bevaqt vafot etganida negadir mening aybim bor, deb o‘ylayveraman. Bu voqeaga ham 3 yil bo‘ldi. Hozir yoshim 43 da. Birodarlar, qarindoshlar «uylanishing kerak, o‘g‘ling katta bo‘layapti, hademay qizlaringning bo‘yi yetadi» deb, yana menga xotin qidirishga tushishgan. Keyingi ayol avvalgilaridek yaxshi bo‘larmikan, bolalarimga mehribonlik qilarmikan, ta’bimga yoqarmikan va… bunisi ham meni tashlab ketmasmikan?.. Xullas, erkak boshim bilan yana bir marta uylanishdan va tavakkal qilishdan qo‘rqayapman...

Bahodir, Toshkent shahri

Atrofimizda ko‘ngli yarim, «bir uyni gullataman, bolasini bolam deyman», degan ayollar bor. Bunday vaziyatda albatta, farzandlarning ruhiyatini ham hisobga olish kerak. Ular bilan dildan gaplashib, fikrlarini biling, bu uyga ayol nima uchun kerakligini yotig‘i bilan tushuntiring. Agar ko‘nglingizdagidek ayol uchrasa, bir qarorga kelishdan oldin bolalaringiz bilan uchrashtiring. Mana ko‘rasiz, yaxshi niyat qilsangiz, oilangiz o‘chog‘i yana bir bor ayol va ona mehri bilan alanga oladi.

Ruhshunos maslahati

— Har ikki ayolingizning erta vafot etishi — taqdiri azalning ishi. Kimning qancha yashashi faqat Yaratganga ayon. Shuning uchun o‘zingizni aybdor sanab, tushkunlikka tushmang, yuragingizni o‘rtab, qiynalib yurmang. Sog‘lig‘ingizga e’tiborli bo‘ling. Hali bolalaringizni oyoqqa turg‘izishingiz, ularning kamoli-rohatini ko‘rishingiz kerak. Yosh ekansiz, bu yoshda erkaklar hayotining yangi bosqichi boshlanadi. Endi ozmi-ko‘pmi hayotiy tajribaga egasiz, qiyinchiliklar, yaxshi-yomon kunlar qanday bo‘lishini bilasiz. Yaqinlaringiz to‘g‘ri aytishibdi, yana bir marta oila qurishning hech yomon tomoni yo‘q. Ikkala ayolingiz ham risoladagidek rafiqa bo‘lgan ekan, demak, bu safar ham adashmaysiz, o‘zingizga ishoning.

 

«Dadamni yugurtirayotgan ayol»

— Dadamiz onamizning vafotigacha shu qadar qattiqqo‘l va ziqna odam ediki, hozirgi holati bilan solishtirganda yer bilan osmoncha farq qiladi. Bundan 6 yil muqaddam astma kasalligiga chalingan onamiz bu dunyoni tark etdi. O‘shanda yangi kelinchak edim. Onamning joni uzilayotgan vaqtda tepasida turolmay g‘aflatda qoldim. Hozir 27 yoshdaman, mendan tashqari ikki akam ham bor. Ularning ikkisi ham oilali, dadam bilan bitta hovlida yashashadi. Bundan 6 oy oldin ammalarim bosh-qosh bo‘lib, 55 yoshga kirgan otamni 35 yoshli ayolga uylantirib qo‘yishdi. Taqdirni qarangki, bu ayol katta akam bilan sinfdosh. Akam «isnod bo‘ladi, dada, boshqa ayolni topa qolaylik» desa ham, dadam «shunga uylanaman», deb turib oldi. Ikki marta turmush qurib ham tinchimagan, 10 yashar o‘g‘li bor, chiroyli, biroq ustomon bu juvon shartta dadamga tegib oldi. Menga alam qiladigani shuki, bu ayolning talab-istagi ko‘p, dadamni hatto kechasi ham «kola ichgim kelayapti» deb, do‘konga yugurtiradigan darajaga yetgan. Dadamning kir-chiri, osh-ovqatiga kelinoyilarim qaraydi, yangi «ona»mizning esa uy-joy bilan ham ishi yo‘q. Bolalarim bilan mehmonga borsak ham e’tibor, fayz yo‘q, dadam butunlay yosh xotiniga berilib ketgan. Kelinoyilarim ham «dod» deydigan darajaga yetgan. U o‘zi bilan bolasining kirlarini kelinoyilarimga yuvishga berib, o‘zi esa bir marta bo‘lsin qo‘lini sovuq suvga urmas ekan. Egniga biror marta yangi ko‘ylak kiymagan, biror bir tansiq taom yemay, bolalarining rohatini ko‘rmay, butun umr mehnatdan boshi chiqmay chin dunyoga rixlat qilgan onamni o‘ylaganimda ko‘z yoshlarimni to‘xtata olmayman. Dadamning ichib kelib, onamga qo‘l qo‘tarishlarini, bo‘ralatib so‘kishlarini hali unutganim yo‘q. Shularni dadamga aytib tashlagim keladi-yu, zo‘rg‘a o‘zimni bosaman. Dadam mehr ko‘rmay o‘sgan o‘z bolalariga sal e’tiborliroq bo‘lishi mumkin-ku! Buni boshqalar uchun uddalayapti-ku!

Matluba, Samarqand viloyati

Akalaringiz va siz o‘z oilangizga bosh bo‘ladigan yoshdasizlar. Shuncha payt tizzasiga olib erkalatmagan otangizdan boshingizni silashini kutishingiz noto‘g‘ri. Ba’zilar muhabbatini oshkor etolmaydigan, bor mehrini ham yolg‘ondakam qahr-g‘azab ortiga berkitadigan bo‘lishadi. Undan ko‘ra, sizlar ham o‘sha ayoldek yo‘l tutib, otangizga shirin gapirib, sovg‘a-salom qilib, uning yuragiga yo‘l topishga urinib ko‘ringlar. Ayolga kelsak, u ham aslida yosh, vaqt o‘tgan sari o‘z yumushlarini bo‘yniga olib, ishga tushib ketadi.

Ruhshunos maslahati

— Matlubaxon, tushunib turibmiz, bir yoqda ona dog‘i bo‘lsa, ikkinchi tomonda otangizning mehri bo‘linmoqda, u kishini rashk qilayapsiz. Bunday vaqtda yurakni emas, aqlni ishlatib, ichingizdagi g‘alayonlarni bosishingiz kerak. Otangiz va shu ayol o‘zlarini baxtli his qilayotgan ekanmi, qo‘ying, ularning quvonchini nizolarga almashtirmang. Balki otangiz birinchi ayoliga, ya’ni onangizga nisbatan yaxshi e’tibor qilolmagani, mehr ko‘rsata olmagani uchun ich-ichidan pushaymon bo‘lgandir. Tasavvur qiling, ikkinchi ayolga ham onangizga qilgandek muomalada bo‘lganida, siz va jigarlaringiz xursand bo‘larmidilaringiz? Yo‘q, albatta! Otangizning tinchligi, salomatligi, shodligi — sizning ham halovatingiz, xotirjamlingiz va albatta, quvonchingiz bo‘lishi kerak. Ikkinchi ayol shirin so‘zi bilan yoki makr ishlatib, shu qattiqqo‘l otaning ko‘nglini topa olibdimi, bunga qarshilik va g‘ashlik qilishga hech kimning haqqi yo‘q. Yaxshimi-yomonmi otangiz, u kishining ra’yiga qarshi borib, dilini og‘ritmang.

 

«Bittagina qizim bo‘lganida edi…»

— 60 yoshdaman. Turmush qurganimizga 35 yil bo‘lganida umr yo‘ldoshim bu dunyoni tark etdi. Rahmatli hech qachon meni yolg‘iz qoldirmagani, hamisha bir-birimizni suyab-suyanib yashaganimiz uchunmi, usiz juda qiynalayapman. Vafot etganiga 2 yil bo‘ldi. Ikki o‘g‘limiz ham uyli-joyli, bola-chaqali. Kenjasi bilan birga yashayman. Kelinim juda qo‘rs, xizmatimni zo‘rma-zo‘raki bajaradi. Ba’zan «bir choynak choyni ichib qo‘ydingizmi?!» deb ham ta’na qiladi. Nafaqa pulimni oladigan kunim muloyim tortib qoladi. Shunday paytda bittagina mehribon qizim bo‘lganida edi, deb dilim og‘riydi. Bir-ikki marta kelinim, o‘g‘lim bilan gaplashib ko‘rishga harakat qildim. Har safar o‘g‘lim xotini bilan men sabab janjallashib qolayapti. Shu kunlarda yuragim to‘lib ketgan, hamdard, hamfikr bir inson bo‘lsa, deyman. O‘zim bu haqda birovga nimadir deyishga andisha qilaman...

Sobirjon ota, Toshkent shahri

Ertani o‘ylamaydigan, keksa odamning yosh boladek nozik tabiatini tushunmaydigan befarosat kelinga bir kun kelib hamma ham qarishi (agar shu ham nasib etsa albatta), farzandlarning qo‘liga qarab qoladigan kun kelganda taqdir qaytalanishi muqarrarligini eslatib qo‘yish kerak. Uyida qarisi bor kelinlar, og‘irroq bo‘ling, ularning parisi borligi aniq. Keksalar g‘animat, kelajagingiz uchun yaxshi niyatlar va duolar olib qoling.

Ruhshunos maslahati

Ota-ona o‘z juftini yo‘qotganida aqli tiniq, qobil farzandlarning ularga ikkinchi turmush qurish taklifi bilan chiqishi ham diniy, ham dunyoviy asoslarga ega. Yoshi kattaroq onaxonlar farzandlari, nabiralari, kelinlariga o‘ralashib ovunadilar, shaxsiy hayotlari haqida eslamay ham qo‘yishadi. Biroq erkaklar masalasi nozikroq. Ular necha yoshga kirishdan qat’i nazar, ayol e’tibori va g‘amxo‘rligiga muhtoj. Ko‘pincha farzandlar «otam qarib qoldi, endi uylanib nima ham qiladi, mahalla-ko‘y nima deydi», deb, yo andishadan yo ichki g‘ashlikdan otasining ko‘ngli bilan hisoblashmaydi. Otalarning uylanish haqidagi fikri ijobiy va salbiy bo‘lishidan, necha yil, necha kun yashashidan qat’i nazar, ularning ko‘nglidan bir o‘tib qo‘yish farzandlarning burchidir.

Siz farzandlaringiz bilan bu haqda gaplashishdan andisha qilayotgan ekansiz, tengqur do‘stingiz orqali holatni tushuntiring. O‘sha xolis odam bolalaringiz bilan gaplashib ko‘rsin.

Ruhshunos Umida AGZAMOVA bilan hamkorlikda A. QURBONOVA tayyorladi


Manba: "darakchi.uz"

Eslatib o‘tamiz, xar yakshanba muxlislar kuni bo‘lib, o‘z muammo yoki ko‘ngil kechinmalari bilan bo‘lishib, keng omma bilan xal qilishga imkoniyatingiz bor.
tarona.net@bk.ru pochtasiga voqea yoki muammoingizni yozib yuborishingiz yoki @tarona_tv manziliga telegramdan voqeangizni yuborishingiz mumkin.
Bunda sizni telefon raqamingiz ko‘rinmasligi va sizni voqeangiz anonim tarzda chop etilishiga kafolat!
Diqqat! Saytga chop etilib bo‘lingan maktub keyin talabga binoan olib tashlanilmaydi!
Voqeangiz sayt orqali keng ommaga chiqishi va xalqdan turli maslaxatlar bo‘lishini bilib turib jo‘natdingizmi, o‘zingiz kutmagan va yoqtirmagan maslaxatni olib keyin olib tashlang deyish mantiqsiz!
Категория: Sevgi dunyosi | | Теги: Nasib, qosha qarish, Baxt | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя