Главная » 2017 » Май » 5 » ​Sochlar jilosini uy sharoitida qaytarib bo`ladimi?
17:04

​Sochlar jilosini uy sharoitida qaytarib bo`ladimi?


Sochlar salomatligini ularning tabiiy jilvasiga ko`ra bilish mumkin. Vitamin etishmasligi, turli zararli bo`yoqlar, turmaklash kabi holatlar doim ham sochlarimizga ijobiy ta`sir ko`rsatavermaydi.

Sochlar “gullashi” va tez to`kilishi kabi holatlarga ayollar ko`p duch kelishadi. Uy sharoitida sochlar parvarishi unchalik ko`p sarf-xarajat talab qilmaydi. Buning uchun birozgina vaqt va hafsala bo`lsa, kifoya. Ba`zan sochni qo`l ostingizdagi oddiygina vositalar bilan parvarishlash mumkin.

Quruq sochlar uchun

Soch quruqlashishining sababi: noto`g`ri parvarish, turli soch turmaklash vositalaridan ko`p foydalanish. Soch parvarishi uchun vitaminli vositalardan foydalaning. Haftada 2 marta o`simlik yog`laridan A va E vitaminlariga boy niqoblar qiling.

Kanakunjut niqobi: quruq sochlarga jilva bag`ishlaydi, tomirlarini mustahkamlab, soch “gullashi”ning oldini oladi. 2 osh qoshiq kanakunjut yog`ini 1 choy qoshiq bodom yoki shaftoli yog`i bilan aralashtiring. 2 osh qoshiq gliserin va 200 gr. qaynagan suv qo`shing. Bu aralashmani uqalovchi harakatlar bilan bosh terisi va sochlarga surting. Polietilen qalpoqcha kiyib oling, ustidan isitilgan sochiq o`rang. Bir soatdan so`ng shampun bilan yuving.

SOChLARNI YuMShATUVChI

Yalpizli yumshatuvchi: Sochlaringizni yarqiratadi, yumshatib, silliqlashtiradi. Sochlar “gullashi”ning oldini oladi.

Limono`t yoki yalpizga 700 gr. qaynab turgan suvni solib, damlang. 30-40 daqiqa davomida tindiring. So`ngra dokadan suzib oling. Sochlaringizni shampunda yuvib, shu damlama bilan chaying. Har qanday damlama bilan chaygandan so`ng, sochdagi suv biroz silqigach, boshingizga iliq sochiq o`rab oling. Shunda soch terisi damlamaning foydali moddalarini o`ziga singdirib oladi.

Moychechakli niqob: sochlarni mustahkamlaydi va yumshatadi. 3 osh qoshiq moychechak gullarini bir stakan qaynagan suvda damlang. 40 daqiqa tindiring. Dokada suzib oling. 200 ml. lanolin (dorixonadan olish mumkin) bilan aralashtiring. Bug` ustida iliting va bosh terisiga surting. 40 daqiqadan so`ng sochlaringizni iliq suv va shampun bilan yuving.

“GULLA”MASLIGI UChUN

Sochlar noto`g`ri tarash natijasida, turmaklovchi asboblardan ko`p foydalanganda “gullay” boshlaydi.

Piyozli niqob: bir dona o`rtacha kattalikdagi piyozni qirg`ichdan chiqaring, 2 osh qoshiq asal qo`shing. Aralashmani sochlaringizga surting, ayniqsa, soch uchlariga ahamiyatli bo`ling. Polietilen qalpoqcha kiyib, issiq sochiq bilan boshingizni o`rab oling. 20 daqiqadan so`ng sochlaringizni yuving va limon sharbati qo`shilgan suvda chaying. Niqobni haftasiga ikki marta takrorlab turing.

ShIKASTALARNI DAVOLAYMIZ

Kimyoviy uslubda jingalak qilish, ko`p bo`yash sochlar shikastlanishiga olib keladi.

O`simlik yog`idan niqob: sochlarni mayinlashtiradi. 3-4 osh qoshiq o`simlik yog`ini bug`da iliting va uqalovchi harakatlar bilan bosh terisiga surting. Polietilen qalpoqcha kiyib, ustidan sochiq bilan o`rang. 40 daqiqadan so`ng boshingizni yuving. Haftada 2 marotaba takrorlang.

Tuxumli niqob: sochni mustahkamlaydi. 2 ta tuxumga 2 osh qoshiq asal qo`shing. Aralashmani sochlaringizga va bosh terisiga surting. Polietilen qalpoqcha kiying, ustidan sochiq o`rang. 40 daqiqadan so`ng iliq suvda shampun bilan yuving. Haftada 1-2 marta takrorlang.

Sochlaringiz o`sishini istasangiz, achchiq qalampirli tinitmadan ham foydalanish mumkin. U dorixonalarda sotiladi. Paxtani tinitmada ho`llab, bosh terisiga surting. So`ngra polietilen qalpoqcha kiyib oling. 10-15 daqiqadan so`ng, bosh terisida engil achishish sezganda boshingizni iliq suvda yuving. Faqat bu tinitmani sochingizga surtayotganda ko`zlaringizni ehtiyot qiling, iloji bo`lsa polietilen qo`lqop kiyib oling.

Shirin AKBAROVA


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Maslaxatlar | | Теги: Sochlar | Рейтинг: 0.0/0

MAVZUGA OID MA'LUMOTLAR

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя