Главная » 2017 » Июль » 24 » Sochlaringiz yog‘lanyaptimi? Chorasi bor!
18:24

Sochlaringiz yog‘lanyaptimi? Chorasi bor!


Issiq kunlarda sochlarimiz ayniqsa yog‘lanib qolayotgandek tuyulaveradi. Qishda bu kamchilikni yashirish imkoni bo‘lsa, hozir noiloj har kuni yuvishga to‘g‘ri keladi. Lekin bundan ahvol yana ham yomonlashaveradi. Bosh terisi tez yog‘lanishining oldini olish uchun nima qilish kerak? O‘zi soch nima sababdan yog‘lanadi? Bu haqda to‘liq ma’lumotni shifokor-trixolog Sherzod MAHMUDOVdan olamiz.

Nega yog‘lanadi?

Bosh terisi ostida yog‘ bezlari borligini va ular terini tashqi omillardan himoyalash maqsadida ma’lum miqdorda yog‘ ishlab chiqarishini bilasiz. Mana shu bezlar faoliyati buzilganida esa sochning yog‘lanishi muammoga aylanadi. Aslida noxushlikning sabablari bisyor, shulardan keng tarqalganlarini sanab o‘tamiz:

ovqat hazm qilish tizimidagi muammolar;

gormonal o‘zgarishlar;

nosog‘lom turmush tarzi;

qahva, shokolad va yog‘li taomlarni suiiste’mol qilish ham yog‘ bezlari faoliyatining buzilishiga olib keladi.

Ko‘p miqdorda ishlab chiqarilgan yog‘ esa sochning o‘sish yo‘liga tiqilib qoladi. O‘sishga qiynalgan tolalar esa kuchsizlanib, to‘kila boshlaydi.

Yuvganda ko‘p to‘kilayaptimi?

Ko‘pgina ayollarimiz boshni yuvish chog‘ida juda ko‘p miqdorda soch to‘kilishidan shikoyat qilishadi. Vahima qilishga hojat yo‘q. Aslida tolalarning katta qismi bir necha kun davomida to‘kilgan bo‘lib, shunchaki yog‘ga yopishib qoladi. Shuning uchun boshni tozalaganingizda tushgan tolalar ko‘zingizga ko‘pdek ko‘rinadi. Bunda shampun yoki boshqa parvarish vositalarining aybi yo‘q. Biroq to‘kilgan sochlaringiz orasida endigina rivojlana boshlagan yoki kalta tolalarning ko‘pligini sezsangiz, mutaxassisga murojaat qilish uchun asosingiz yetarli hisoblanadi.

Chorasi bormi?

Birinchi navbatda parvarish vositalarini to‘g‘ri tanlash lozim. Bundan tashqari, haftada bir bora bosh terisini skrab yordamida tozalash talab etiladi. Buning uchun do‘konga borib, maxsus vosita xarid qilishingiz shart emas. Har bir xonadonda topiladigan mayda tuzdan bir osh qoshiq olasiz-da, shuncha miqdordagi soch uchun niqob yoki balzamga aralashtirib, nam bosh terisiga surtasiz. Yaxshilab ishqalaganingizdan keyin iliq suv bilan chayib tashlaysiz. Oxirida boshni shampun bilan yuvsangiz ham bo‘ldi.

Kamroq yuving

Bosh terisining tez yog‘lanishidan aziyat chekayotgan kishilarga sochni imkon qadar kamroq yuvish tavsiya etiladi. Masalan, haftada ikki marta. Shunda organizmingiz yog‘ ishlab chiqarilishini me’yorda ushlashga o‘rganadi. Lekin zamonaviy ayol uchun yog‘li soch bilan tashqariga chiqish uyat hisoblanadi. Tashvishlanmang, bunda sizga tabiiy xina va basma yordam beradi. Yoki quruq shampun xarid qilsangiz ham bo‘ladi.

Aytgancha, balzam va shampunlar tarkibidagi silikon moddasi atrofdagi chang va havodagi moddalarni o‘ziga singdirib olib, sochning tez yog‘lanishiga sabab bo‘lishini ham inobatga oling. Shuning uchun imkon qadar qadog‘ida «silikonsiz» degan yozuvi bor vositalarni tanlang. Ayniqsa dorixonalardan xarid qilinadigan vositalardan foydalangan maqsadga muvofiq. Faqat o‘zboshimchalik bilan emas, mutaxassis tavsiyasiga ko‘ra!

Qazg‘oq joningizga tegdimi?

Qazg‘oqdan xalos bo‘lish uchun foydalanadigan shampuningizga ikki foizli sulsena surtmasidan qo‘shsangiz bo‘ladi. Xoh yog‘li, xoh quruq terida qazqoq paydo bo‘lishi ko‘pincha rux moddasining yetishmayotganini bildiradi. Shuning uchun dengiz mahsulotlari va yong‘oqlardan imkon qadar ko‘proq iste’mol qiling.

Xalq tabobatidan

Qizilpoycha yoki eman daraxti po‘stidan tayyorlangan iliq damlama bilan boshni chayish yog‘ muammosini bartaraf etishga ko‘maklashadi.

Salondagi muolajalar-chi?

Go‘zallik salonlarida boshdagi yog‘ bezlari faoliyatini normallashtirish uchun vitaminli ukollar (mezoterapiya), piling va ozonoterapiya muolajalari taklif etiladi. Mazkur usullarni muammoning darajasiga qarab 5-8 marta amalga oshirish mumkin.

MAFTUNA tayyorladi.


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Maslaxatlar | | Теги: Sochlar, Sochlaringiz yog‘lanyaptimi, Chorasi bor | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя