Главная » 2017 » Январь » 10 » Sochlaringni sariqqa bo‘yab nima qilasan?
13:00

Sochlaringni sariqqa bo‘yab nima qilasan?


Biz ayollar juda ta’sirchanmiz. Har narsadan o‘zimiz uchun bir manfaat topmasak-da, hech bo‘lmasa odat chiqaramiz.
 
MDH davlatlari tarixida mallasoch xonim Yuliya Timoshenkoning hukumat boshqaruvi uchun olib borgan besamar kurashidan ham biz ayollar o‘zimiz uchun urf bo‘lishga arzimaydigan, ammo sinab ko‘rishdan xolis bo‘lmagan odatni o‘ylab topdik. Bu xosiyatsiz inqilobning ramziy rangi butun MDH davlatlariga tarqab, ayollar boshida o‘z aksini topdi. Oqibatda o‘zbek ayollarining ham sochlarini “sarg‘aytirib yubordi”. Albatta, bunda o‘zga davlat siyosatining hech qanday ahamiyati yo‘q. Shunchaki, malla rang soch avval urfga keyin odatga aylandi.
 
Yuqorida aytib o‘tilganidek, biz ayollar juda ta’sirchanmiz. Agar shunday bo‘lmaganimizda yelkasi ochiq “dekolte” bichimidagi kechki libos o‘z-o‘zidan paydo bo‘larmidi?! Bu libosning tarixi o‘tmishning eng mudhish qatl jarayoni bilan bog‘liqligini siz erkaklar bilasizmi?
 
Bilmasangiz bilib oling: bu libos tarixi Mariya Styuart xonimning qatl marosimidan keyin boshlangan. Ayol qatl maydoniga libosining yelka qismigacha qirqilib, sochlari baland turmaklangan holda keltiriladi. Buni qarangki, Styuart xonimning ochiq yelkalari, uzun va oppoq bo‘yni saroy ahlini lol qoldirdi. Qatl ijro etildi.
 
Marosimda ishtirok etgan ayollarning ko‘z oldida xonimning libosi muhrlanib qolgani aniq. Aks holda o‘rta asrning ingliz ayollariga butunlay xos bo‘lmagan yoqasiz “dekolte” liboslar tor doiralarda, yengiltak ayollar o‘rtasida urf bo‘lmas edi. Qatl marosimining emas, libosning dovrug‘i shu qadar kengaydiki, fransuz ayollariga bunday bichimdagi libos juda ma’qul kelib, uni, hatto, “a-lya Styuart” deb ataganlar. Tabiatan shaddod fransuz ayollari nafaqat tor doirada, balki katta bazmlarda ham ushbu libosni juda yoqtirib kiya boshlashdi.
 
Shuni ta’kidlash joizki, Buyuk Britaniya qirolligi saroy ahliga mansub zodagon ayollar “dekolte”ni o‘ziga hech qachon ep ko‘rmagan. Bu udumga xanuzgacha amal qilib, saroy ahli ayollari liboslanish borasida juda sipo va hayoli bichimdagi kiyimlarni afzal biladilar.
 
Biz o‘zbek ayollari ham dono ajdodlarimiz udumlarini unutmasligimiz lozim. O‘zimiz bilib-bilmay o‘zga yurt odatlariga havas qilishimiz joiz emas. Bizning o‘z odatlarimiz, betakror udumlarimiz bor. Qizlar qirq kokil, ayollar ikki o‘ram uzun soch bo‘lmasa-da, yozning jaziramasida qovjiragan o‘t-o‘landek sarg‘aymaylik. Bu kelishgan o‘zbekona qomatlarga esa hech qanday “dekolte” shart emas.

Muhayyo Saidova


Manba: "qalampir.uz"
Категория: Fikr Mulohaza | | Теги: sariqqa bo‘yab, Sochlar, nima qilasan | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя