Главная » 2021 » Сентябрь » 6 » “Tolibon” Panjsher viloyatini bo‘ysundirganini ma’lum qildi
11:13

“Tolibon” Panjsher viloyatini bo‘ysundirganini ma’lum qildi


“Tolibon” harakati Afg‘oniston shimolidagi Panjsher viloyatini to‘liq o‘z nazoratiga oldi. Bu haqda harakatning matbuot kotibi Zabihulla Mujohid 6-sentabr, dushanba kuni ma’lum qildi. Viloyat Afg‘onistonda “Tolibon”ga bo‘ysunmayotgan so‘nggi hudud edi.

“Oxirgi qal’a — Panjsher viloyati butunlay egallandi”, — deyiladi xabarda. Unda, shuningdek, “viloyatdagi isyonchilarning bir qismi mag‘lub etilgani, qolganlari esa qochib ketgani” aytilgan.

O‘z navbatida, Afg‘onistonning Asvaka agentligi xabar berishicha, “Tolibon” allaqachon Panjsher gubernatorligi binosi ustida o‘z bayrog‘ini ko‘targan.

Ayni paytda, Afghanistan Urdu manbalariga ko‘ra, viloyat uchun kechgan janglarda har ikki tomonning ko‘plab nufuzli komandirlari halok bo‘lgan. Ular orasida “Tolibon”ning yuqori martabali komandiri, Panjsher operatsiyasi uchun mas’ul bo‘lgan Qori Fasihuddin ham bor, lekin “Tolibon” bu ma’lumotni hali tasdiqlamagan.

Panjsher Afg‘onistonda “Tolibon” hukmronligi o‘rnatilmagan yagona mintaqa edi. Vitse-prezident Amrulla Solih va “Tolibon”ga qarshi koalitsiyaning sobiq rahbari Ahmad Shoh Mas’udning o‘g‘li Ahmad Mas’ud qarshilik kuchlariga rahbarlik qilayotgandi. Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani qochib ketganidan so‘ng, Solih o‘zini davlat rahbari deb e’lon qilgan va “Tolibon”ga qurolli qarshilik ko‘rsatishga chaqirgan.

22-avgust kuni “Tolibon” panjsherliklarga ultimatum e’lon qilib, to‘rt soat ichida taslim bo‘lishni talab qilgandi. Mas’ud Panjsher yetakchilari viloyatni topshirib qo‘ymasligini bildirdi. Keyinroq “Tolibon” hududga yuzlab jangchilarni yuborganini ma’lum qilib, viloyatni qamal qilishni boshladi. “Tolibon” Panjsher aholisini internetdan uzib qo‘ydi, hududda mobil aloqa ishlashdan to‘xtadi.

Mas’ud voqealar rivoji tinch bo‘lishiga umid bildirdi, ammo “harbiy variant”ni ham istisno qilmadi va qarshilik kuchlari ehtimoliy hujumlarni qaytarishga tayyorlanayotganini qayd etdi.

1-sentabr kuni Afg‘onistonning Bakhtar News Agency axborot agentligi manbalarini oshkor qilmagan holda “Tolibon” Panjsherda operatsiya boshlab, Shutul tumanini egallab olgani haqida xabar bergandi. Qarshilik kuchlari vakillari, o‘z navbatida, “Tolibon” vodiyga bostirib kirishga uringani, ammo ularning hujumi muvaffaqiyatli tarzda daf etilganini ma’lum qilgandi.


Manba: "daryo.uz"
Категория: Dunyo xabarlari | | Теги: Tolibon, Panjsher, bo‘ysundirgan | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar

Copyright © Tarona.net Media 2014-2021 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя