Главная » 2020 » Сентябрь » 27 » 1 oktyabrdan qonunchilikda qanday o‘zgarishlar kuchga kiradi?
09:47

1 oktyabrdan qonunchilikda qanday o‘zgarishlar kuchga kiradi?


Alohida soliq va bojxona imtiyozlari bekor bo‘lmoqda

2020 yil 1 oktyabrdan kuchga kiradigan «Alohida soliq va bojxona imtiyozlarini bekor qilish to‘g‘risida»gi 6011-sonli Prezident farmoniga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi norezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslardan sotib olinadigan ishlar (xizmatlar) uchun QQS bo‘yicha berilgan imtiyozlar, O‘zbekiston Respublikasida doimiy muassasalar orqali faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik shaxslar — norezidentlar tomonidan amalga oshiriladigan ishlar (xizmatlar)ga tatbiq etilmaydi.

Shuningdek, to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etgan holda tashkil etilgan korxonalarga qaysi soliqlar bo‘yicha imtiyozlar qo‘llanishi Soliq kodeksi bilan belgilanmoqda.

Kichik tadbirkorlik sub'yektlariga soliqlarni foizsiz kechiktirish (bo‘lib-bo‘lib to‘lash) huquqi berilgan muddat tugaydi

O‘z faoliyatini to‘xtatgan va (yoki) tovarlar (xizmatlar) realizatsiyasidan tushumi joriy yilning birinchi choragidagi o‘rtacha oylik miqdoriga nisbatan 50 foizdan ko‘proqqa kamaygan mikrofirma, kichik korxona va yakka tartibdagi tadbirkorlarga soliq organlarini xabardor qilgan holda soliqlarni foizsiz kechiktirish (bo‘lib-bo‘lib to‘lash) huquqi taqdim etilgan muddat tugamoqda.

Asos: «Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub'yektlarini qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident farmoni.

Yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun ijtimoiy soliqning oylik eng kam summasini BHMning 50 foiziga qadar kamaytirish to‘xtatiladi

Shuningdek:

  • tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha muddati o‘tgan debitor qarzdorlik uchun xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga jarimalar qo‘llash davom ettiriladi;
  • soliq organlari vaqtincha qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq bo‘yicha penyalar hisoblashni davom ettiradi, shuningdek, soliq qarzini majburiy undirish choralarini ko‘rishni boshlaydi.

Asos: «Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta'sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident farmoni.

Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, kelishish, qabul qilish, huquqiy ekspertiza va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘liq Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimi orqali amalga oshiriladi

Prezident farmoniga asosan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, kelishish, qabul qilish, huquqiy ekspertiza va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish 2020 yil 1 iyuldan boshlab sinov tariqasida, 2020 yil 1 oktyabrdan boshlab esa to‘liq Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimi orqali amalga oshiriladi.

Asos: «Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident farmoni.

Respublika budjeti mablag‘lari hisobidan darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni nashr etishda narxlarni davlat tomonidan tartibga solish bekor qilinadi

«Noshirlik va matbaa sohasini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qaroriga ko‘ra, respublika budjeti mablag‘lari va Respublika maqsadli kitob jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ta'lim muassasalari uchun darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni nashr etishda (qayta nashr etishda) narxlarni davlat tomonidan tartibga solish (rentabellikning cheklangan darajasini belgilash) bekor qilinadi.

Fondlarga beg‘araz beriladigan pul mablag‘lari va tovarlar (xizmatlar) foyda solig‘ini hisoblashda chegirilmaydi

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Koronavirus pandemiyasi davrida aholi va tadbirkorlik sub'yektlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq, quyidagilarni nazarda tutuvchi tartib bekor bo‘lmoqda:

a) O‘zbekiston «Mahalla» xayriya jamoat fondiga, «Saxovat va ko‘mak» fondiga, «O‘zbekiston mehr-shafqat va salomatlik» jamoat fondiga, ularning bo‘linmalariga, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan shakllantiriladigan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga muhtoj bo‘lgan jismoniy shaxslar ro‘yxatiga kiritilgan jismoniy shaxslarga beg‘araz beriladigan:

pul mablag‘lari va tovarlar (xizmatlar)ga foyda solig‘ini hisoblashda chegiriladigan xarajatlar sifatida qarash;

tovarlarni (xizmatlar) qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilish va aylanmadan olinadigan soliq bo‘yicha soliq solish obektiga kiritmaslik;

b) O‘zbekiston «Mahalla» xayriya jamoat fondidan, «Saxovat va qo‘mak» fondidan, «O‘zbekiston mehr-shafqat va salomatlik» jamoat fondidan, yuridik va jismoniy shaxslardan olinadigan beg‘araz yordam (pul mablag‘lari, tovarlar va xizmatlar)ga, agar yordam oluvchi shaxslar mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan shakllantiriladigan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga muhtoj bo‘lgan jismoniy shaxslar ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lsa, jismoniy shaxslarning daromadi sifatida qaramaslik.

Chet eldan xorijiy valutadagi tushum tushishi kechiktirilishiga yo‘l qo‘ygan eksport (import) qiluvchilarga moliyaviy jarimalar qo‘llash to‘g‘risidagi arizalarni sudlar tomonidan ko‘rib chiqish amaliyoti tiklanadi

Shuningdek, karantin joriy etilgan paytdan boshlab va 2020 yil 1 oktyabrgacha bo‘lgan davrda koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish uchun kiritilgan cheklov choralari tufayli moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan qarzdor — yuridik shaxsning bankrotligi to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish haqida arizalar kelib tushganda bunday arizalarni IPK 154-moddasi birinchi qismining 1-bandiga mos holda qabul qilish rad etilishi, agar ariza ish yuritishga qabul qilingan bo‘lsa, ish bo‘yicha ish yuritish IPK 110-moddasining 1-bandiga mos holda tugatilishi lozimligi haqidagi qoida ham kuchini yo‘qotmoqda.

Asos: «Sudlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududida koronavirus infeksiyasi (COVID-19) tarqalishining oldini olishga qaratilgan choralar joriy etilishi munosabati bilan qonun hujjatlarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida»gi Oliy sud Plenumi qarori.

Neft-gaz tarmog‘idagi barcha korxonalarda korrupsiyaga qarshi «komplayens-nazorat» tizimi joriy etiladi

«Neft-gaz tarmog‘ining moliyaviy barqarorligini oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qarorida Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda 2020 yil 1 oktyabrga qadar neft-gaz tarmog‘idagi barcha korxonalarda korrupsiyaga qarshi «komplayens-nazorat» tizimi joriy etilishini ta'minlash vazifasi yuklatilgan.

Yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarning vujudga kelishi, o‘zgarishi, boshqa shaxsga o‘tishiga oid yangicha tartib kuchga kiradi

Prezident farmoniga ko‘ra, yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarning vujudga kelishi, o‘zgarishi, boshqa shaxsga o‘tishi, cheklanishi va bekor bo‘lishini nazarda tutuvchi qarorlar, auksion va tanlov bayonnomalari, notarial tasdiqlangan bitimlar hamda boshqa hujjatlar O‘zbekiston Respublikasi Milliy geografik axborot tizimida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganidan keyin kuchga kiradi.

Asos: «Yer hisobi va davlat kadastlarini yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident farmoni.


Manba: "kun.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: o‘zgarishlar, qonunchilikda, kuchga kiradi, 1 oktyabrdan | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя