Главная » 2017 » Июль » 26 » Er xotinini masxaralasa...
17:05

Er xotinini masxaralasa...


«Opamning oila qurganiga o‘n yil bo‘layapti. Pochcham bilan sevishib, hayot yo‘llarini bog‘lashgan. Shirindan-shirin farzandlari bor. Ammo oxirgi paytlarda turmush o‘rtog‘i o‘zgarib qolgan. Opam o‘zi gavdali, to‘lachadan kelgan ayol. Nuqul eri tashqi ko‘rinishini masxaralab, ustidan kuladi. Bundan opam tushkunlikka tushib qolgan. Menda esa qo‘rquv paydo bo‘lgan. Turmushga chiqsam, umr yo‘ldoshim ham meni shunday kamsitsa, chiday olmasam kerak...»

Nafosat, 21 yosh

Erkak kishi rafiqasining tashqi ko‘rinishini kulguga olsa, unga qanday munosabat bilidirish kerak? Bu erkalash ma’nosidagi hazilmi yo kamsitish? Bugun sahifamizda ruhshunos Nargiz SATTAROVA bilan shu savollarga javob izlaymiz.

Tashqi ko‘rinishda gap ko‘p(mi)?

Erkak kishi uchun ayolining tashqi ko‘rinishi emas, uning yonida o‘zini qanday his qilishi muhim. Ya’ni ayolining kayfiyati, o‘ziga va unga bildirayotgan munosabati ahamiyatli. Yon-atrofingizga qarasangiz, siz ko‘rimsizgina sanaydigan ayollarni (aslida, ayollarning tashqi ko‘rinishiga ayollarning o‘zlari baho berishga usta bo‘lishadi) turmush o‘rtoqlari boshida ko‘tarib yuradi, e’zozlaydi, qadrlaydi. Shunda ayrimlar «Shu xunukkina xotinini nega buncha sevarkan?» deya kinoya ham qilib qo‘yishadi. «Bu dunyoda xunuk ayolning o‘zi yo‘q, faqatgina dangasa ayollar bor» degan mashhur iborani bilsangiz ham, shu o‘rinda eslatib o‘tishimiz joiz.

Tashqi ko‘rinishning munosabatlardagi ahamiyatini birinchi o‘ringa qo‘yish ham, shu bilan birga, uni muhim emas, deb hisoblash ham mumkinmas. Gap sizning unga qanday munosabat bildirishingizda. Xo‘sh, siz ayol sifatida go‘zallikning mezoni nimalarda deb o‘ylaysiz? Chiroyli ayol qanday bo‘lishi kerak? U qaysi shartlarga javob berishi shart? Birinchi aytar javobingiz, albatta, «90x60x90 qomatli-da!» degan idealogiya! Yo‘q, aslo bundaymas. Go‘zallik tushunchasi juda nisbiy. Va hamma uni o‘zicha baholaydi. «Kimdir atirgul shaydosi, kimga yoqar lola» deganlaridek. Unutmang, chiroyli ayol, bu — ichki dunyosi go‘zal bo‘lgan, samimiy, yuz-ko‘zi kulib turgan va hamisha o‘ziga e’tiborli, o‘zini hurmat qiladigan hamda sevadigan ayoldir!

Tanganing birinchi tomoni

Ba’zi erkaklar yarim hazil — yarim chin qilib, rafiqasining tashqi ko‘rinishini tanqidga olishadi. Bir yostiqqa yaxshi niyatlar bilan bosh qo‘ygan juftingiz kuragingizda turmayotgan hazillari bilan nimadir demoqchi. U o‘zgarishingizni istayapti. Balkim, kim bilandir solishtirayotgandir ham. Axir afrofida chiroyli ayollar yetarlicha topiladi. Shuni to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zingizga aytolmayotganidan, hazilga o‘rab gapirayapti. Buni to‘g‘ri qabul qiling. Alam qilsa ham, barmoqni qattiq tishlang. Do‘st achitib gapiradi. Eng yaqin insoningiz tashqi ko‘rinishingizni nishonga olayotgani xafa qiladi, shu bilan birga, ta’sir ham. Bundan foydalaning. Ya’ni o‘z ustingizda ishlang.

To‘g‘ri, bir toifa erkaklar borki, ular omadsizliklari sabab ham ayoliga e’tirozlar bildiraveradi. Ammo nachora? Shunday insonni o‘zingiz tanlagansiz. Qachonki, siz o‘zgarib, bu degani tashqi ko‘rinishga o‘zgartirish uchun to‘rt tomonga chopishmas, avvalo o‘zingizga bo‘lgan ishonchni oshirsangiz, uning ham munosabati ijobiy tus oladi.

Nega ustingizdan kuladi?

Endi tanganing ikkinchi tomoniga qarang. Eringizning bu hazillari ostida qanday haqiqat yashiringanini tushunib yetsangiz, muammoni bartaraf qilish imkoni paydo bo‘ladi.

1. Ayol o‘zini hurmat qilmaydi. Shu sabab ham erining oldida hurmatini yo‘qotayapti. Kimdir sizga pala-partish o‘ralgan, eskirgan, hech nimaga arzimaydigan narsa sovg‘a qilsa, yoqadimi? Yo‘q, «Hurmatim yo‘q ekan», deya ruhingiz tushadi. O‘zingizni doim ana shunday «sovg‘a»larga munosib ko‘rishingiz nimadan darak beradi? O‘zingizni sevmasligingizdan. Sizga uyda uniqqan xalat ham bo‘laveradi, «Kim ham ko‘rayapti?» deya sochingizni taramay ham yuraverasiz. «Birov endi meni kelin qilarmidi?» deb qomatingizga, yuzingizga e’tibor ham bermaysiz. Bu o‘zingizga nisbatan hurmatsizlik belgisimasmi?

2. O‘ziga bo‘lgan ishonchning pastligi. Bu sababni doim takrorlaymiz. O‘zingizga bo‘lgan ishonchni oshirmasangiz, turli muolajalariu operatsiyalar bilan qiyofangizni o‘zgartirganingizdan foyda yo‘q. Siz o‘zigizni boringizcha qabul qilsangiz, eringiz ham shundayligingizcha sevadi. Bo‘lmasa, o‘zini xunuk, semiz, beso‘naqay sanaydigan xotinini u ham xuddi shunday baholaydi.

3. Muammoga yuqoridan qaramaslik. Qomatingizdan qoniqmaysiz, fikr-yodingiz ozishda. Ozib olsangiz, eringiz yana qaytadan sizni sevib qoladi. O‘tirsangiz ham, tursangiz ham faqat shuni o‘ylaysiz. «Ozg‘ingina, yoshginasini topib olgandir-da», deb ich-etingizni yeysiz, tushkunlik qa’riga sho‘ng‘iysiz. Natijada, quvvatingiz bir nuqtada to‘planib qoladi. Faqat shu haqda o‘ylashingiz oqibatida tabiat xayollaringizga teskari javob qaytara boshlaydi. Keyin sizda paydo bo‘lgan orttirma potensial quvvat natijasida ichki muvozanat buziladi. Tabiat muvozatingizni tiklash uchun oldingizga boshqa bir muammoni ko‘ndalang qiladi. Quvvatingizni boshqa tomonga yo‘naltirishingiz kerak, axir. Yana keyin oilaviy muammo, biror xastalik orttirib olasiz. Tashqi ko‘rinishingizdan qoniqmayapsizmi, kuchingizni biror harakatga safrlang.

4. O‘zidan qoniqmaslik. Kimdir novcharoq bo‘ladi, kimningdir bo‘yi pastroq. Tanamizdagi, tashqi ko‘rinishimizdagi ayrim tomonlarimizni o‘zgartirib bo‘lmaydi. Ularni afzal tomonlaringiz bilan yopib ketishingiz mumkin. Masalan, o‘zi gavdali-yu, doim did bilan kiyinadigan, istarasi issiq, muomalasi shirin ayollarga qarang. Juda chiroyli ko‘rinishadi ular. Chunki ichki olami nihoyatda go‘zal. Siz ham urg‘uni faqat tashqi ko‘rinishga qaratmang. Ichki dunyongiz hujayralarga, qon aylanishiga — hamma-hammasiga ta’sir qiladi. O‘zi qo‘g‘irichoqdek, ammo badfe’l ayol mehr qozona oladimi? Yo‘q, u bilan munosabatlar chuqur va samimiy bo‘lmaydi. Ichki olami yuzaga chiqqach, chiroyiga uchgan odamning hafsalasi pir bo‘ladi. Ichki va tashqi go‘zallik uyg‘un bo‘lishi lozim. Oddiy misol, pirogingiz o‘zi shirin-u, ko‘rinishi o‘xshamadi. U ishtaha ochadimi? Yoki dasturxonga juda yeyishli qilib tortilgan taomning mazasi og‘zingizga yoqmadi. Unga yana qo‘l uzatasizmi?

5. Bahonalar. Hozir maqolani o‘qib turgan va shu muammoga duch kelgan ayolning xayolidan o‘nlab bahonalar o‘tishi mumkin. «Vaqtim yo‘q», «Erim ortiqcha bir so‘m ham bermaydi». Yana takror aytamiz, bular bahona. Ular o‘zingizni aldash uchun xizmat qiladi, xolos. Vaqt topiladi, ertalab, kechqurun 10-15 daqiqa o‘zingizga ajrata olishning imkoni bor. Kamroq serial ko‘ring, internetga mukka tushmang, g‘iybat bilan ovora bo‘lmang-da, yuzingizga muolajalar qiling. Pulmi, sal ortiqcha xarajatlaringizni kamaytiring, bo‘yningizga falon pullik tilla taqmang-da, yuzingizga ajin tushishidan himoyalaning, fitnes kabi mashg‘ulotlarga qatnay olmasangiz, har kech 1 soat yayov sayr qiling. Bunday sayrlarga turmush o‘rtog‘ingizni hamroh qilib olsangiz, yanayam yaxshi. Ham munosabatlar mustahkamlanadi, ham romantik kayfiyat baxsh etadi ikkingizga, ham sog‘likka, qomatga foyda. Yana shunday ayollar borki, «Men ozmayman» «Yoki semira olmayman», deb qo‘l siltab qo‘ya qolishadi. Aslida qomatiga mos libos kiysa, yoki yuziga xos pardoz qilsa, chiroyi ochiladi. Didli bo‘lish go‘zallikning belgisidir.

6. Mas’uliyatni boshqalarga yuklash. «Uch bola tug‘ib berdim, qomatim buzildi, ana endi yoqmay qoldim», «Onasining xizmatini qilaman deb, o‘zimga e’tibor berolmadim», deya iddao qiladiganlar ham bor. Ayol kishining o‘ziga e’tibor qaratmasligini hech bir bahona yoki afzal tomoningiz yopib ketmaydi. Chunki siz AYoLsiz! Didli, farosatli, chiroyli bo‘lishingiz shart. Yog‘langan soch, ter isi anqiydigan tana, eski xalat — bular sizga umuman taqiqlangan! Eslang, buvingiz, onangiz erta tongdan qoshiga o‘sma qo‘ygan, sochini xina bilan bo‘yagan. Imkonityalari keng zamonda yashaymiz, aslida, yumushlarimiz ham osonlashgan. Go‘zallik muolajalari juda ko‘p va qulaylari bisyor. Gap faqat sizning xohishingizda! Tashqi ko‘rinishingiz uchun mas’uliyatni o‘z bo‘yningizga olishingizda!

7. «Endi shartmas» sindoromi. Ha, ayollarning ko‘pchiligi shu gapni «shior» qilib olishgan. Uchrashuvga chiqish oldidan soatlab ko‘zgu qarshisida o‘tirgan, o‘n xil ko‘ylagini kiyib ko‘rgan qiz endi xotin! Kelinchakligida chiroyli liboslarni kiyib, pardoz qilib yurgan ayol endi ikki bolaning onasi! Eri yonida, unga chiroyli ko‘rinish shartmas! Ishga borganida, to‘yga otlanganida, dugonalari bilan uchrashganida o‘ziga qarasa bo‘ldi! Axir ayollar gapirishadi. Boshqalarning ko‘ziga xunuk ko‘rinmasligi kerak. Qimmatbaho yaltiragan ko‘ylagi, qo‘sha-qo‘sha tilla uzuklari bo‘lishi shart. Go‘yoki shular uning baxtli yashayotganini ko‘rsatib qo‘yadi. Falonchixon bilan raqobatlashish uchun ham biram o‘ziga oro berishadiki, asti qo‘yavering. Ha, ayollar o‘rtasida raqobat doim bor. Eringizni shu raqobatda boy berib qo‘ymaslik uchun, ya’ni u o‘zi istagan ko‘rinishni boshqa ayollarda izlab qolmasligi uchun ham turib berishingiz kerak. Bugundan uyda ham chiroyli va orasta bo‘lib yuring! Bu shart!

Xafa bo‘layapsizmi?

Balkim turmush o‘rtog‘ingiz, shunchaki, hazil qilayotgandir? Siz buni kalaka qilish deb tushunayotgandirsiz? Nima bo‘lsa ham, uning munosabati dilingizni og‘ritayaptimi, ichingizga yutmang. Eringizga «Bu siz uchun hazildir, ammo meni xafa qilayapti. Ko‘nglim og‘riyapti», deya hissiyotlaringizni ayting. Yig‘i-sig‘i, shubha-gumon, janjal, araz bilan emas, xotirjamlik bilan uning beo‘xshov hazillariga nuqta qo‘ying.

Bilasizmi, muammo nuqtaga o‘xshaydi. Ammo vaqt bir joyda turmaganidek u ham bir nuqtada qolib ketmaydi, harakatlanishi shart. Ayblash, norozilik bilan tushkunlik domiga battar tushib ketasiz. To‘g‘ri xulosa chiqarish, harakatlanish, o‘ziga bo‘lgan ishonchni oshirish evaziga yuqoriga ko‘tarilasiz. Magarki tashqi ko‘rinishingizda o‘zingiz qoniqmaydigan jihatingiz tuzatib bo‘lmaydigan bo‘lsa, yaxshisi, kuch va vaqtingizni afzal tomonlaringizni rivojlantirishga qarating. O‘zingizga bo‘lgan munosabatingiz o‘zgarmas ekan, turmush o‘rtog‘ingizning ham sizga beradigan bahosi yaxshilanmaydi.

Doim chiroyli, jozibali bo‘lib yuring!

MUXLISA


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Er-Xotin, Turmush psixologiyasi | | Теги: Er-xotin, ayol masxaralasa, xotin | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя