Главная » 2017 » Январь » 10 » Erim meni ma’shuqalari bilan solishtiradi!
13:04

Erim meni ma’shuqalari bilan solishtiradi!


– O‘zimga yarasha chiroyim bor, qaddi–qomatim ham binoyidek. Bolalar tarbiyasi, ro‘zg‘or, ish, qaynota-qaynona xizmati, xullas bariga birdek ulgurishga harakat qilaman. Ammo nima qilsam ham erim mendan norozi bo‘laveradi. Avvallari «Muomalani bilmaysan» derdi, qo‘ldan kelgancha o‘zgarishga harakat qildim. Keyin «O‘zingga oro berib yursang-chi, qachon qarasa bir xilsan» deydigan odat chiqardi, bunisiga ham ko‘ndim. Endi bo‘lsa ko‘cha–ko‘ydagi ayollar bilan solishtirayapti. Birini xipchabel deydi, ikkinchisining ichkiyimini gapiradi, boshqasining nozik qo‘llariyu uzun oyoqlari tilidan tushmaydi. Xullas, yaqin-yaqindan beri yotoqxonamiz erimning ma’shuqalari muhokama qilinadigan joyga aylandi. E’tirozlar, kunda-kunora bo‘ladigan janjallardan rosti, charchadim. Insofga kelib qolar deganim sari battar avjiga chiqayapti. Hammasidan ham meni boshqa ayollar bilan taqqoslayotganiga chidolmayapman. O‘zimga nisbatan ishonchim so‘nib borayotgandek... Nima qilishni ham bilmay qoldim. Ehtimol, biror yo‘l–yo‘riq ko‘rsatarsiz degan umidda murojaat qilayotganim...

Ismi sir tutildi.

«Erkaklar ortiqcha e’tibordan eslarini yo‘qotishadi!» Achchiq bo‘lsa-da, tan olishimiz kerak bo‘lgan haqiqat bu! Bir tarafdan ularni taltaytirib yuborgan ham o‘zimiz. Juftimning nazaridan qolmay, deb sheyping, fitnes mashg‘ulotlariga qatnaymiz, parhez tutamiz, soch turmaklariyu pardoz andoz uchun pulni ayamaymiz. Barchasidan ko‘zlangan maqsad bir – begimizning ko‘nglini zabt etish! Xo‘sh, o‘zimiz-chi, nega shu ishlarni o‘zimiz uchun bajarmaymiz? Ehtimol dardu xayolni o‘g‘irlaydigan «Erim! Erim! Erim!» nomli «kasal»ga chalingandirmiz? Yetar bas! «Xastalik» surunkali tus olmasidan, muolajani boshlaymiz! Cho‘chimang, endi bevafo yorlar qo‘rqishsin sizdan! Shunday o‘zgaringki, erginangiz labini tishlab, o‘tirsa ham, tursa ham sizdan boshqasini demasin!

Arqonni uzunroq tashlang!

Manipulyatsiya qilish bu – erkaklarning asosiy quroli. «Nega kech keldingiz?», «Menga qaramay qo‘ydingiz», «Ishdan boshqasini ham o‘ylaysizmi o‘zi?» kabi savollaringiz havoga uchayaptimi, bilingki asabiylashishdan naf yo‘q. «SMS»laru «Telegramm»dagi yozishmalaringiz ham «qanotchalarsiz» qolayaptimi, tinchlaning, u shunchaki manipulyatsiya qilayapti, xolos. Soddaroq tilda aytganda, diydiyolaringizdan bezib, «Ovozsiz rejim»ga o‘tib olgan. Istasangiz shu tariqa davom etishi mumkin.

Nima qilasiz: Avvalambor, yozishmalaru qo‘ng‘iroqlarni to‘xtating! Ro‘zg‘or uchun biror zarur xarid kerak bo‘lsa, ikki og‘iz gap bilan bildirsangiz bas: «Qaytayotganingizda non ola kelarsiz». «Qachon qaytasiz?», «Qaerdasiz?», «Yozganim bilan, baribir, javob bermaysiz, bilaman» kabilar kerakmas! G‘ururli bo‘ling! Uch–to‘rt kun shunchaki o‘z holiga tashlab qo‘ying. Qani, qanday munosabat bildirarkin. Bordiyu shunda ham o‘zgarmasa «Plan-B»ni ishga solasiz!

Qomatingizni ko‘z–ko‘z qiling!

«Kun sayin to‘lishib ketayapsan, salgina o‘zingga qara» deya yoringiz piching qildi-yu, xayolingiz yovvoyi kaptardek uchdi–ketdi: «Erim xipchabel xonimchalarga ilakishib qolgan!» Shu kundan boshlab, jizzaki, asabiy va tund kayfiyatda yurishni odat qilsangiz, oshqozoningizni azobga qo‘yib, ochlik e’lon qilishni boshlasangiz, keyin attang qilasiz. Paxmoq tungi liboslarga yashirinishni ham o‘ylamang, zero bu chora emas!

Nima qilasiz: har tong ko‘zgu qarshisiga turing-da, o‘zingizni maqtang! Qarang, qanday ofatijon ayolsiz! Lo‘ppi yuzlaringiz, salgina to‘lishgan belingiz ham o‘zingizga juda yarashgan. Ozishni niyat qilgan bo‘lsangiz, unli mahsulotlarni kamaytiring. Ammo vazn muammosidan kompleks paydo bo‘lmasin. Hadeb qomatingizni gapga olayotgan eringizdan achchiqlanmang, semirding deydimi, «Siz yaxshisiz-da dadasi, shunga ham to‘lishib yuribman» deng. Buni ustiga semirishning ham foydasi bor, ko‘kraklar shaklga kiradi. Shuni ham yorginangizga bi-i-r eslatib qo‘ying-chi...

O‘yiniga qo‘shiling!

O‘tgan-ketgan ayolni quruq qo‘ymaydigan eringiz ma’shuqalarining ta’rifini keltirib, doston o‘qiyaptimi? O‘zingizni bosing! Janjal ko‘tarsangiz sizdan soviydi, indamasangiz, tag‘in bir balo, jazmanlarining sochini yulsangiz-u, ulamasochlarning yangisi topiladi-da. Demak, «Plan-B» o‘yin ichida o‘yin o‘ynang.

Nima qilasiz: «Falonchixonning beli chumolinikidan ham nozikki, quchoqlasang, bag‘ringga kirib ketadi» Sizning javobingiz: «Rostanmi, buni qanday bildingiz? Kaftingiz bilan o‘lchadingizmi yoki santimetrdami?», «Bag‘ringizga sig‘dimi ishqilib, qani menam bir sinab ko‘raychi...» buyog‘i o‘zingizga havola. Nishonni aniq olsangiz, bo‘lgani. To‘g‘ri, oson bo‘lmaydi. Ikkilanasiz, tilingiz ham aylanmay qoladi, lekin kutilmagan zarba erkakni sarosimaga soladi-da. Qolaversa, «Nega xotinim rashk qilmayapti? Yo mendan ko‘ngli sovudimi? O‘zgarib qolibdimi?» deya o‘zidan havotir ola boshlaydi. Siz bo‘lsa, pinagingizni ham buzmay, barcha jazmanlariga iste’fo berasiz. Buni aql bilan mot qilish deydilar.

Bugun komediya, ertaga fentezi!

Er-xotin munosabatlari sovuqlasha boshlagach, tabiiyki, yaqinlik masalasida ham kayfiyatsizlik paydo bo‘ladi. Ters o‘girilib uxlash, fiziologik ehtiyojlar uchungina munosabatga kirishish yoxud zo‘rma–zo‘raki tuyg‘ular ifodasi... Yashin tezligida miyangiz keraksiz axborotlarga to‘la boshlaydi: «Sendan ko‘ngli sovigan», «Boshqasi bor, u bilan yotog‘i ham bir» Vaholanki, bu shunchaki araz yoki ayni dam ruhiy muvozanatning buzilishi sabab kelib chiqqan o‘zgarishlar bo‘lishi ham mumkin. Xo‘p, mayli, biror kimga o‘ralashib qoldi ham deylik, ich-etingizni tirnab, kinnachiyu folbinlarga yugurganingiz ish beradimi, sizningcha?

Nima qilasiz: dastlab, qaddingizni tik tuting! Nigohlaringizga sehr, labingizga tabassum hadya eting-da, muomalangizni to‘g‘irlang. Turmush o‘rtog‘ingiz boshqa pari-paykarni xayol qilayotganini sezsangiz ham sir boy bermang. Siz ulardan yuz chandon yaxshisiz! Turlaning! Ehtiroslaringizni oshkor qiling, yaqinlik payti nimalarni istayapti, so‘rang. Bugun «ishtahasi»ni qitiqlashni uddaladingizmi, demak ertaga kutilmagan tomosha ko‘rsating. So‘ng biroz tanaffus berasiz. Ha, endi bu ishni u emas, siz bajarasiz! Faqat oldindan kelishib olaylik, rashkingizni zinhor sezdirmaysiz! Erim bilmaydi demang, biladi, o‘zicha solishtiradi ham. Ana shunda siz ko‘proq ochko to‘plashingiz kerak.

Ayyorroq bo‘ling!

Ojiza ekanligingizni ko‘rsatgingiz kelmaydi, ayniqsa, u sizni ranjitgan bo‘lsa. Qulog‘im tinch bo‘lsin deb, qilayotgan muomalasini ham sezib yuribsiz. Telefoniga kelayotgan «SMS»lar, yashirin raqamdan bo‘layotgan qo‘ng‘iroqlar ham g‘ashingizni keltirayapti. Bugun-erta aniq portlaysiz va shusiz ham sovuqlashib borayotgan munosabatlaringizda muzlik davri boshlanadi.

Nima qilasiz: to‘palon ko‘tarishga har doim ulgurasiz, yaxshisi, o‘z ustingizda ishlang. «Ishxonaga olib kelishgandi, tanlashib yuboring, sizga qaysi biri ko‘proq yoqdi» deya ichkiyimlar to‘plamini ko‘rsating. (Olib-sotarlarni kutish shart emas, do‘kondan uch-to‘rt xilini xarid qilib olavering. «Monitoring»dan o‘tmaganini biror kimga sovg‘a qilasiz) «Siz», «Biz» so‘zlari zaboningizdan tushmasin, ammo o‘zingizni ham unutib qo‘ymang. «Mendek ayolni sevmay bo‘larkanmi?», «Manaman degani ham oldimda ip esholmaydi, ishonavering!» juftingiz bilan suhbatlashganda shu kabi iboralardan foydalanib, o‘zingizga naqadar ishonchingiz baland ekanligini eslatib turing. Quloq orqali qabul qilingan axborot miyada saqlanib qoladi.

Seksopatolog, oilaviy munosabatlar bo‘yicha psixoterapevt Dilya YeNIKEYEVIChning

«Uni o‘zingga rom et» asari asosida Marjona tayyorladi.


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Fikr Mulohaza | | Теги: Rashk, o'ynash, Er-xotin, mashuqa | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя