Главная » 2016 » Декабрь » 3 » Eringizning telefonida ma’shuqasi bo‘lsa…
11:45

Eringizning telefonida ma’shuqasi bo‘lsa…


«Yoshim yigirma ikkida. Turmushga chiqqanimga uch yil bo‘ldi. Shiringina qizaloqning onasiman. Tashqaridan nazar solganda, erimning ham menga munosabati yaxshi. Ammo,  bir  voqeani eslasam, boshimga og‘riq kirib, alam jahl otiga mindiradi. Sababi, turmush o‘rtog‘imdan gumonlanaman. Buning uchun asosim bor! Bir yilcha oldin erimning telefoni qo‘limga tushib qoldi. «SMS»lariga kirib qarasam, bir ayol bilan yozishmalari bor ekan. Ularni o‘qib, larzaga tushdim va raqamegasiga qo‘ng‘iroq qildim. Ayol kishi ko‘tardi. Bilishimcha, xo‘jayinimning hamkasbi, beva juvon ekan. Shu bilan, u telefon raqamini o‘zgartirdi, erim esa telefoni mening qo‘limga tushmasligi uchun bir zum ham uni yonidan qo‘ymaydigan bo‘ldi. Bu voqea hamon janjallarimizga sabab bo‘lib kelmoqda...»

O‘zini Marhabo deya tanishtirgan mushtariyimizning savoli tahririyatda bahsga sabab bo‘ldi. Bir guruh ayollarimiz «O‘ziga-o‘zi muammo sotib olgan. Erning telefonini kavlamaslik kerak», desa, yana bir tomon, «Erkak kishi ayolida shubha uyg‘otgach, qanaqa qilib, jim o‘tirish mumkin?» deya e’tiroz bildirdi. Ruhshunosimiz Barno ILHOMOVA bilan masalaning asl yechimini izladik.

 

«Senikimi yo meniki?»

Mavzuga psixologik nuqtai nazardan yondashib qaraydigan bo‘lsak, har bir insonning o‘z hududi va chegaralari bo‘ladi. Bu oddiy hol. Har birimizning o‘z moddiy mulkimiz bor: kiyimlarimiz, taqinchoqlarimiz, tish chyotkamiz va hakozo. Ularga hech kim daxl qilmasligini istaymiz. Ma’naviy mulkimizga esa o‘y-xayollarimiz, g‘oyalarimiz, tuyg‘ularimiz kiradi. Endi qarang, telefon bu — moddiy mulk! U sizniki va o‘zingiz ishlatishingiz kerak. Ichidagi bor jamiki  boyligi — suratlar, kontaktlar, yozishmalar esa ma’naviy mulkingizdir. Ularga kimningdir, hatto eringizning ham ko‘z yugurtirishi yoqmasligi aniq. Dugonalarning o‘zaro g‘iybati, faqat ayollargagina tegishli gap-so‘zlar degandek.

Chegaralarimiz kimdir daxl qilmasligi uchun ikkinchi tomonning chegaralarini oyoqosti qilmasligimiz, har bir insonning o‘z shaxsiy narsalari, tuyg‘ulari bo‘lishi kerakligini tushunib, ularni hurmat qilishimiz lozim... Bu masalaning bir tomoni.

 Tanganing ikkinchi tomoni

Xiyonat mavzusi ko‘tarilgan o‘rinda esa ayollarni to‘xtatish qiyin. Shunaqa zamonda yashayapmizki, qornimiz ochligiga chiday olamiz, ammo ko‘ngil yarimligiga bardoshimiz yetmaydi. Shuning uchun juftimiz telefonini yetti uxlab tushimizga ham kirmaydigan «kod» bilan qulflab qo‘ygani, o‘tirsa ham, tursa ham o‘t tushgur matohni cho‘ntagidan olmasligi, uxlaganda yostig‘ining ostiga qo‘yib yotishi, ovozini esa doim o‘chirib qo‘yishi — shubhalarimizga doyalik qiladi. Bunday kezlarda erginangizning sizdan yashirgan sirini topish istagida yonasiz. Tushunamiz, yomon alam qilayapti. Hamma gap yashiringan to‘rtburchak qutini, qutiga qo‘shib, xiyonatkorlarni tutish ilinjidasiz. Shoshmang!

 Shoshsangiz, yutqizasiz?

Ko‘pdan quyon, sizdan telefon qochib qutila olmaydi. Ko‘za kunda emas, kunida sinadi — telefon qo‘lingizga tushadi. Titkilaysiz! Ha, o‘zingiz istagandek, izlagan narsangizni topdingiz ham deylik. Mana, o‘sha oilangizga suqilib kirayotgan, eringiz bilan bilan doston yozishayotgan megajin! Topdingiz! Lekin biz sizni tabriklay olmaymiz. Chunki...

 Maqsadsiz qo‘l yugurtirmang!

Eringizning telefonini titkilashdan maqsadingiz nima? Ikkingizning o‘rtangizda uchinchi odamni topishmi? Uning borligini sezib yurgandingiz, shuni isbotlashmi? Isbotlab, eringizning ko‘ziga asragan cho‘pini suqib, raqibingizning sochini yulib, sharmandasini chiqarib, muammongizdan hammani boxabar qilib, so‘ngra ajarashishmi? Unda bemalol, telefon kavlashda davom eting.

«Yo‘q, yo‘q, men erimni juda yaxshi ko‘raman! Kimdir boshini aylantirib olmasin, deyman! Shuning uchun o‘sha kimnidir topib, gaplashib qo‘yib, erimni ham bu yo‘ldan qaytarmoqchiman», deysizmi? Shu yo‘l bilan mushuk-sichqon o‘yiniga barham bermoqchisiz-da. Adashasiz...

 O‘yin davom etadi!

Endi eringiz sizdan yanada qochadi. Chunki u tabiatan ovchi! To‘g‘ri, qo‘rqadi, sizdan emas, «Voy, telefoningni xotining titib, siring ochilib qoldimi? Eplasang yur-da», deydigan ta’nalardan qo‘rqadi. Va 100 foiz yolg‘on gapirishni boshlaydi. «Adashib kelib qolgan «SMS» bu», deya aravani quruq olib qochadi. Raqibingiz telefon raqamini o‘zgartirib, qulog‘ini tinchitadi. Siz esa bosh og‘rig‘ingiz bilan o‘zingizda xiyonatga qarshi kurashish uchun kuch topolmaysiz. «Buncha qo‘rqitasiz?», deyapsizmi? Qo‘rqitmoqchi emasmiz, tushuntirmoqchimiz, xolos.

 Tushuning, hammasi bejis emas!

Telefondagi yozishmalar xiyonat emas, deb erlar xotinini, xotinlar o‘zini aldamasligini istardik. Xiyonat faqat jismoniy yaqinlik bilan o‘lchanmaydi. «Yaxshimiz?» «Yaxshi dam oldingizmi?» «Kuningiz xayrli o‘tsin» kabi «yori»dan kuniga o‘n marta hol so‘rayotgan er ayolidan shu e’tiborni qizg‘anayaptimi? Bundan bolalarining onasining ko‘ngli og‘riydimi? Demak, xiyonat. Faqat ilk bosqichlarida. Xo‘sh, bunga nima yetakladi? Erkaklardagi psixologik ehtiyojlar ularni xiyonat ko‘chasiga olib kiradi.

Yoringizga tinglashni o‘rganing! Ha, ularga kundalik ishlari, muammolari, fikrlariniga shunchaki quloq tutishimiz kerak. Xotinlar, tan olaylik, biz erlarimizni eshitishni bilmaymiz! Muammosini gapirdimi, ayblaymiz, kamsitamiz va oxirida muammosidan chiqib ketish uchun buyrug‘imizni beramiz. Bu — XATO! Uni, shunchaki, hamdardlik bilan eshitishni o‘rganing. Shunda ovozini pastlab kim bilandir yarim kechasi telefonda gaplashmaydi.

Qiziqishlariga e’tibor  bering! Ayniqsa, sohasiga. Oilamiz boshlig‘i ishi haqida gap boshlasa, «Men temir-tersaklaringizni tushunmasam, undan ko‘ra uyda kartoshka bormi, deb so‘rang, dadasi», deb og‘ziga uramiz. Bu esa erkak kishida «Men yaxshi sohada ishlamayman, jamiyatda o‘z o‘rnimni topolmaganman, xotinim ishimni qadrlamaydi, demak, meni ham yaxshi ko‘rmaydi», degan fikrni uyg‘otadi.

Ishoning va ishontiring! Uni eshitishini bilmasak, gapirsa, teng gapirib javob qaytarsak, ishiga qiziqmasak, natijada o‘ziga bo‘lgan ishonchi pasayib ketadi. Ko‘chada biror ayol arzimagan ishi uchun ham maqtab qo‘ysa, o‘zini favqulodda zo‘r his qiladi. Qarabsizki, siz bilan yonma-yon o‘tirib, o‘zgasi bilan yozishadi.

Bu xulosalarga kelish uchun telefonni titkilab, erni qo‘lga tushirish shartmas, ilk belgilarni sezish bilan harakatni boshlash kerak! Eringizga hammasini sezib yurganingizni esa bildirish shart emas! Qo‘ygan har bir qadamidan xabardor ekaningizni aytib, tanobini tortib qo‘yaman, deb o‘ylasangiz, yanglishasiz. Yaxshisi...

 Siz ham niqoblaning!

Agar tasodif sabab sir ochilib qolmaguncha, ya’ni nogahon telefonda gaplashayotgani eshitib qolmaguningizcha yoki telefonida nimadir ko‘rayotganingizda «SMS» kelmaguncha, zimdan ish ko‘ring. Agar taqdirning o‘zi yashirilgan sandiqni ochsa, unda er-xotin ochiqchasiga gaplashib oling. Bunga sharoit va imkon bo‘lsa, albatta. Faqat, nutqingizdan «Siz, siz», degan ayblovli gaplarni olib tashlab, «Men nima qilishim kerak?», «Mendan nega uzoqlashayapsiz?» kabi jumlalarni tilga oling. Shunda o‘sha xiyonatkor bu suhbatga xotinning diydiyolari deb qaramaydi, ayblovlaringizdan battar o‘z qobig‘iga o‘ralib olib, sizdan uzoqlashmaydi. «Rafiqam meni yaxshi ko‘rarkan, oilamizni asrab qolmoqchi, kuchli ayol», deb o‘ylaydi.

 Alqissa, xulosa shuki...

Eringizning telefon bilan bog‘liq harakatlari sizda shubha uyg‘otsa (biz tirnoq ostidan kir qidiradigan, o‘ta rashkchi, haqiqatda adashib kelgan xabarlar uchun xiyonat degan to‘qimalarni tasavvur qiladigan ayollarning «gumon»larini nazarda tutmayapmiz), buni ogohlantiruvchi «signal» deb qabul qiling. O‘zingizni, turmush o‘rtog‘ingizga munosabatingizni tahlil qiling. Eringizni sizdan uzoqlashtirayotgan vajlarni yo‘qqa chiqaring. O‘zingizga bo‘lgan ishonchingiz shunday yuqori bo‘lsinki, telefon kavlash kabi mayda ishlarga vaqt va asabni sarflamang. Turmush o‘rtog‘ingiz  intiladigan, doim qalbingizni zabt etishga harakat qiladigan ayol bo‘ling. Unutmang, erkaklarga o‘zini qadrlaydigan, sevadigan, bahosi tengsiz ayollar yoqadi.

MUXLISA


Manba: "darakchi.uz"

Eslatib o‘tamiz, xar yakshanba muxlislar kuni bo‘lib, o‘z muammo yoki ko‘ngil kechinmalari bilan bo‘lishib, keng omma bilan xal qilishga imkoniyatingiz bor.
tarona.net@bk.ru pochtasiga voqea yoki muammoingizni yozib yuborishingiz yoki @tarona_tv manziliga telegramdan voqeangizni yuborishingiz mumkin.
Bunda sizni telefon raqamingiz ko‘rinmasligi va sizni voqeangiz anonim tarzda chop etilishiga kafolat!
Diqqat! Saytga chop etilib bo‘lingan maktub keyin talabga binoan olib tashlanilmaydi!
Voqeangiz sayt orqali keng ommaga chiqishi va xalqdan turli maslaxatlar bo‘lishini bilib turib jo‘natdingizmi, o‘zingiz kutmagan va yoqtirmagan maslaxatni olib keyin olib tashlang deyish mantiqsiz!
Категория: Sevgi dunyosi | | Теги: Rashk, Er-xotin, Eringizning telefonida, ma’shuqa | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя