Главная » 2016 » Ноябрь » 22 » Hamisha turmush o‘rtog‘ingizning e’tiborida bo‘lish sirlari
08:09

Hamisha turmush o‘rtog‘ingizning e’tiborida bo‘lish sirlari


Turmush o‘rtog‘ingiz bilan ilk uchrashuvga chiqqan damlaringizni xotirlaysizmi? Qanchalar hayajon, intiqlik, ko‘tarinkilik va romantikaga boy damlar edi-ya? Nima uchun oradan yillar o‘tib, ularni faqat shirin xotira sifatida yodga olayapsiz? Nahotki romantika va jo‘shqinlik ro‘zg‘or tashvishlari zarbasiga dosh bera olmadi? Aslida yillar o‘tgach ham xuddi asal oyidagi kabi shirin tuyg‘ularni tiklash va munosabatlarga yangilik olib kirish mumkin.

 

— Turmush o‘rtog‘im bilan bir universitetda o‘qiganmiz. Naq to‘rt yil ortimdan yurib, ko‘nglimni olib, ustma-ust sovchi jo‘natib uylangan. Ochig‘i, o‘zim ham uni qattiq sevardim. Hozir bu tuyg‘u yo‘q, deyolmayman. Har holda oila qurganimizga yetti yil bo‘ldi, uch farzandning ota-onasimiz. O‘rtamizda mushtarak narsalar ko‘p. Ammo erim bilan munosabatlarimizdagi yorqinlik yo‘qolib, o‘rnini majburiyat, burch, odat kabi oila uchun muhim, biroq muhabbatga aloqasi kam jihatlar egallab olgandek. Erim meni sevgani uchun emas, majburligidan yoki issiq o‘rnini sovutgisi kelmaganidan yashayotgandek. Masalan, har kuni ishxonasidan menga qo‘ng‘iroq qilib, ahvol so‘rashi — odatiy hol. Ammo oilaviy hayotimizning ilk davrlarida ahvolim, kayfiyatim, uni sog‘ingan-sog‘inmaganim bilan qiziqardi. Endi bo‘lsa, nima ovqat qilayotganimu kostyumini tozalagan-tozalamaganimni so‘raydi. Odamga alam qilarkan. O‘zimcha «boshqasi topib olmadimikan», degan xayolda zimdan surishtirdim ham, ammo shubhalarim tasdiqlanmadi. Demak, muammo faqat ikkimizning o‘rtamizda. Noshukurlik bo‘lmasin-u, bu zerikarli hayot ikkimizning ham jonimizga tekkanini sezayapmiz. Biroq o‘rtamizda qanday qilib romantikani uyg‘otishni bilmayapman.

Dilzoda, 32 yosh

 

Yodingizdami?

Birgalikdagi hayotning ilk kunlari, oylari va ba’zan hatto yillari ham romantiga boy, qiziqarli va jo‘shqin onlar sifatida yodga olinadi. Ko‘pchilik oilalar asal oyini hayotlarining eng baxtli davri sifatida tilga olishadi. Keyin esa kundalik hayot boshlanadi: bir-birining tabiatiga moslashish, o‘zaro chegaralarni belgilash, mas’uliyatlarni taqsimlash va ro‘zg‘or tashvishlarini bartaraf etish kabi zarur ishlar… Natijada munosabatlardagi uyg‘unlik, latiflik, entikish va intiqlik kabi ilk davrda kuzatilgan hislarni bir chetga surib qo‘yishga to‘g‘ri keladi. Juftini ehtiros bilan seva turib ham uning yonida halovat topa olmayotganlar qancha?! Endigina tug‘ilib kelayotgan muhabbatining turmush atalmish poezd g‘ildiraklari ostida parchalanishiga jimgina tomoshabin bo‘lib turganlar-chi?!

Farzand tug‘ilishi esa har bir oila uchun ulkan quvonch bilan birga kattagina stressni ham olib keladi. Chunki endi er-xotin bolaga ko‘proq, bir-birlariga kamroq e’tibor qarata boshlaydi. Lekin oilaviy hayot faqat farzandlarni katta qilish degani emas-ku! Eru xotin nafaqat ota-ona, balki bir-biri uchun sevimli inson, hamkor va do‘st ham bo‘lmog‘i maqsad edi avval boshda. Yodingizdami? O‘zaro muloqotdan lazzatlanishga erishish mumkin. Ruhshunoslar oila borasida hamma uchun universal bir usulni tavsiya etishadi: vaqti-vaqti bilan er-xotin uydan tashqarida romantik uchrashuvga chiqib turing. Masalan, ishdan keyin bir joyni tayin qilib, uchrashing-da, musiqiy favvora atrofida sayr qiling…

Romantika qorin to‘ydirmaydi, ammo…

Romantik uchrashuvlar hayot faqat ota-onalik vazifalariyu ro‘zg‘or tashvishlaridan iborat emasligini eslatib turadi. Siz qaysidir ma’noda ilk uchrashgan, bir-biringizni faqat yaxshi tomondan ko‘rgan va kelajakka katta umidlar bog‘lagan davringizga xayolan qaytasiz. Hammasi qanday go‘zal boshlangan edi-ya! Qarabsizki, bugungi hayotingizda ham o‘sha tuyg‘ularga o‘rin topiladi. Bir-biringizga qaytadan oshiq bo‘lib qolasiz. Biroq endi juftingizni yaxshi bilgan, kamchiliklariga ko‘z yummagan, uni qanday bo‘lsa shundayligicha qabul qilgan holda seva boshlaysiz. Bu umrboqiy tuyg‘u, uni sinovdan o‘tgan, turmush tashvishlarida toblangan muhabbat desa bo‘ladi.

E’tibor berish kerak bo‘lgan jihatlar

Romantik uchrashuvlar taklifi kutilmaganda erkaklardan chiqib qolishi mumkin, biroq aksariyat hollarda o‘zingiz tashabbusni qo‘lga olishingizga to‘g‘ri keladi. Chunki ko‘proq ayollar romantikaga o‘ch bo‘lishadi, erlarga futbol bo‘lsa… Lekin juftingizda ishtiyoq uyg‘otishni yaxshi bilasiz. Demak, harakatni boshlang.

  • Avvalo eringizga yoqadigan, uning ensasini qotirmaydigan tarzda taklifni o‘rtaga tashlaysiz. Masalan, «Ertalab yoqilg‘i quyish shoxobchasida navbat katta bo‘lishi mumkin, yuring, hozir mashinaga yoqilg‘i quydirib kelamiz». Yoki «Oshqozonim bezovta qilayapti, kechki ovqat hazm bo‘lishi uchun bir aylanib kelaylik. Bir o‘zim qo‘rqayapman», deyishingiz mumkin.
  • Bolalarni kimga qoldirishni avvaldan rejalashtirib oling.
  • Eringizni divandan qo‘zg‘ata olsangiz, marra sizniki.
  • Yoqilg‘i quyib qaytayotganda muzqaymoq yeb olish uchun yo‘l chetidagi qahvaxonaga yarim soatgagina kirib o‘tishingiz mumkin-ku!
  • Bir o‘rgatib olsangiz, yoqilg‘i yoki muzqaymoq bahona haftada bir uchrashuvga chiqib kelish oilaviy odatga aylanib qoladi.

Uchrashuvlarni mazmunan boyitish uchun…

Albatta, ayol kishi bo‘lganingiz uchun ko‘proq siz gapirasiz. Biroq mavzu ro‘zg‘or, bolalar tashvishiyu dugonangizning tug‘ilgan kuni tafsilotlaridan xoli bo‘lsin. Ko‘proq har ikkingiz uchun qiziq mavzularni tanlang. Kutilmaganda ilk uchrashgan, sayr qilgan ko‘chalaringizdan o‘tib qolsangiz bormi?! Bundan har ikkingiz ham ajoyib zavq olishingizga imonim komil.

Taqvimga nazar soling!

Ba’zida avvaldan rejalashtirilgan uchrashuvlar ham katta taassurot uyg‘otadi. Ko‘pchilik juftliklarning o‘z sanalari bor: ilk uchrashgan kun, to‘y sanasi, to‘ng‘ich farzand tug‘ilgan kun. Buni faqat ikkovingizga tegishli kun o‘laroq rejalashtirib, bolalarni buvilariga qoldiring-da, sevimli maskaningizga yo‘l oling. Bunday uchrashuvni rejalashtirishning o‘ziyoq kishida romantik kayfiyat uyg‘otadi. Demak, siz munosabatlarni yangilashni uchrashuvdan bir necha kun avval boshlab yuborasiz.

Agar qiziqishlaringiz mos kelmasa…

U holda «sizdan ugina, bizdan bugina» tariqasida ish tutish mumkin. Bir safar siz ikkita chipta olib, uni Ozodbekning konsertiga taklif qilsangiz, keyingi safar u sizni qiziqarli futbol matchiga olib boradi. Bu o‘rinda yoqmasa ham, chidashga majbursiz. Axir romantika xohlayapsiz-ku?!

 

Mutaxassis fikri

Shahnoza HALILOVA, ruhshunos: — Erkak — tabiatan ovchi. U romantika faqat maqsadga erishguncha yoki unga erishilgan ilk damlarda kerak; sham yog‘dusidagi ziyofat, gullar, chiroyli dil izhorlari ayolni mahv etish uchungina o‘ylab topilgan, deb hisoblaydi. Munosabatlarning romantik qismi erkaklarni ayollarchalik qiziqtirmaydi. Juftini to‘la mahv etganini his qilgach, ortiq xushomad shart emas, degan qarorga keladi. Shuning uchun to‘ydan keyin munosabatlar yorqin ranglarini yo‘qota boshlaydi. Ayollar munosabatlarning sovuqlashganidan nolib, erga bu borada shikoyat qilaverganlari sayin oraliq masofa ham uzoqlashaveradi. Erkaklar «undoq qil, bundoq qil», qabilidagi aql o‘rgatishlarni yoqtirishmaydi. Lekin vaqti-vaqti bilan romantika mavzusini uning yodiga solib qo‘ysa bo‘ladi. Bunda ayollik makringizni ishga solasiz. Bir o‘ylab ko‘ring-chi, soch turmagingiz, kiyinish uslubingizni oxirgi marta qachon o‘zgartirgan edingiz? Ayol kishining tashqi ko‘rinishi, soch rangi tubdan o‘zgarsa, erining unga munosabati ham yangi bosqichga ko‘tariladi. U sizni mutlaqo yangi qiyofada ko‘radi va nogohon paydo bo‘lgan «yangi ayol»ning ko‘nglini olish istagi tug‘iladi. O‘z-o‘zidan romantika yana hayotingizga kirib keladi.

Shahnoza TO‘RAXO‘JAYEVA tayyorladi


Manba: "darakchi.uz"

Eslatib o‘tamiz, xar yakshanba muxlislar kuni bo‘lib, o‘z muammo yoki ko‘ngil kechinmalari bilan bo‘lishib, keng omma bilan xal qilishga imkoniyatingiz bor.
tarona.net@bk.ru pochtasiga voqea yoki muammoingizni yozib yuborishingiz yoki @tarona_tv manziliga telegramdan voqeangizni yuborishingiz mumkin.
Bunda sizni telefon raqamingiz ko‘rinmasligi va sizni voqeangiz anonim tarzda chop etilishiga kafolat!
Diqqat! Saytga chop etilib bo‘lingan maktub keyin talabga binoan olib tashlanilmaydi!
Voqeangiz sayt orqali keng ommaga chiqishi va xalqdan turli maslaxatlar bo‘lishini bilib turib jo‘natdingizmi, o‘zingiz kutmagan va yoqtirmagan maslaxatni olib keyin olib tashlang deyish mantiqsiz!
Категория: Sevgi dunyosi | | Теги: Erkak, bo'lish, hamisha, Ayol, turmush o'rtoq, e'tibor | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя