Главная » 2021 » Апрель » 10 » Ravshan Ermatov lavozimidan ozod etildi. Uning boshqa ishga o‘tishi kutilmoqda
17:14

Ravshan Ermatov lavozimidan ozod etildi. Uning boshqa ishga o‘tishi kutilmoqda


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning kecha, 9 aprel kuni imzolagan PQ-5067-sonli qarori bilan 2020 yilning fevral oyidan buyon Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan taniqli futbol hakami Ravshan Ermatov lavozimidan ozod etildi. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, uning lavozimini tark etishiga boshqa ishga o‘tayotgani sabab bo‘lgan. 

Shuningdek, Jismoniy tarbiya va sport vazirining yana bir o‘rinbosari Nodir Xujamqulovich Murotov ham boshqa lavozimga o‘tayotgani sabab egallab turgan lavozimidan ozod etilgan. U ushbu amalda 2019 yilning sentyabr oyidan buyon faoliyat yuritib kelayotgan edi. 

Ma’lumot o‘rnida, Ravshan Ermatov 1977 yil 9 avgustda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 

1995-1999 yillarda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti (hozirgi O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti)da tahsil olgan. U o‘zining mehnat faoliyatini Respublika oliy sport futbol maktabida murabbiy sifatida boshlab, keyinchalik “Chig‘atoy” futbol oliy sport mahorati maktabi murabbiyi, O‘zbekiston futbol federatsiyasi xalqaro markazi murabbiyi, 2004-2010 yillarda esa futbol bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktabi murabbiyi, 2010 yildan O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti “Futbol nazariyasi va uslubiyati” kafedrasi katta o‘qituvchisi lavozimlarida ishlagan. 2019 yildan hozirga qadar O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti.

U 2010 yilda “O‘zbekiston iftixori” faxriy unvoni, 2014 yilda “El-yurt hurmati” ordeni, 2015 yilda esa “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari bilan taqdirlangan.

Nodir Murotov esa Guliston davlat universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat va ijtimoiy qurilish akademiyasini tamomlagan. Iqtisodchi, xalqaro iqtisodiy aloqalar bo‘yicha magistr darajasiga ega.

U mehnat faoliyatini Boyovut tumanidagi “Murod” fermer xo‘jaligida boshlagan, so‘ngra Respublika ta’lim markazi va Xalq ta’limi vazirligida turli lavozimlarda ishlagan.

2019 yil sentyabr oyiga qadar Moliya vazirligining Davlat xaridlarini tartibga solish va monitoring qilish departamenti boshlig‘i, davlat xaridlarini boshqarish metodologiyasi bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan.


Manba: "qalampi.uz"
Категория: Sport olami | | Теги: Ravshan Ermatov, ozod etildi, lavozimidan | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar

Copyright © Tarona.net Media 2014-2021 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя