Главная » 2021 » Июнь » 8 » Sirdaryoda tiriklay yoqib yuborilgan «murda»... qamoqqa olindi!
14:51

Sirdaryoda tiriklay yoqib yuborilgan «murda»... qamoqqa olindi!


Sirdaryodagi dalalardan birida 100 foiz kuyib ketgan inson jasadi topilgani haqida xabar bergandik. Ko‘p o‘tmay, Bosh prokuratura matbuot xizmati bayonot berib, olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida murdaning shaxsiga aniqlik kiritilgani, marhum poytaxtning Uchtepa tumanida istiqomat qilgan 47 yoshli F.P. ekanini ma’lum qilgandi. Bayonotda jasadni marhumning shar’iy xotini va o‘g‘li oyoq kiyimiishlatgan telefon apparati  va o‘ng qo‘li barmog‘idagi nuqsonidan tanib olgani alohida qayd etilgandi.

Holat yuzasidan qasddan odam o‘ldirish (Jinoyat kodeksi, 97-modda) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, olib borilgan tezkor-qidiruv natijasida kuni kecha mazkur jinoyat fosh etildi.

Eng qizig‘i va dahshatlisi shuki, qotillik qurboni deyilayotgan shaxs — tirik, murda esa boshqa inson bo‘lib chiqdi! Va bu o‘ta og‘ir jinoyatni qarindoshlari tomonidan go‘yoki «murdasi tanib olingan» shaxsning o‘zi (!) sodir etgani oydinlashdi.

Iye, qanday qilib, dersiz? Eshiting.

Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinovning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, bunday og‘ir jinoyatni fosh etishda murdaning shaxsiga aniqlik kiritilganining ahamiyati unchalar katta emas. Gap jinoyatni kim sodir qilganini fosh etishda.

Dastlabki tergov harakatlari davomida hodisa joyidan olingan 0,5 litrli «Troyka» nomli aroq  shisha idishidan butunlay boshqa shaxs  —  keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, Toshkent shahar, Chilonzor tumanida istiqomat qiluvchi S.S.ning barmoq izlari ham topilgan. Bu o‘z-o‘zidan tezkor xodimlarni yanada hushyor torttirishi aniq. 

Surishtiruv natijasida  S.S.  yollanma ishchi sifatida ishlab, joriy yilning 28-may kuni uyidan chiqib ketganicha qaytib kelmagani aniqlanadi. S.S.ning yaqin qaridoshlariga yoqib yubrilgan murda ko‘rsatilganda, uning ukasi jasad akasiga tegishli ekanini aytib, gavda va bosh tuzilishi, chap qo‘l kichik barmog‘i tirnoq falangasi yo‘qligi va o‘ng yelkasida singan jarohatidan tanib oladi.

Yuzaga kelgani holatga aniqlik kiritish uchun murda va uni avval hamda keyin tanib olganlarning barchasidan qon namunalari olinib, DNK ekspertizasi tayinlanadi.  Natijada murda S.S. ekaniga uzil-kesil aniqlik kiritiladi. O‘zini «o‘ldiga» chiqarib, shar’iy turmush o‘rtog‘i va o‘g‘li tomonidan  go‘yoki tanib olingan F.P. esa tirik bo‘lib, Ohangaron tumanidagi bir uyni ijaraga olib, yashirinib yurgani fosh bo‘ladi.

Ushbu voqelik «ssenariysi» muallifi ham, ijrochisi va qahramoni ham  F.P.ning o‘zi bo‘lib chiqayotganini ilg‘adingiz-a? Xo‘sh, bunga sabab nima?

Hayot Shamsutdinovning qo‘shimcha qilishicha, F.P. katta miqdorda qarz bo‘lib qolgan, haqdorlar esa pulini qistab, IIBga murojaat qilishgacha borgan. Vaziyatdan chiqish uchun u o‘zini «qotillik qurboni»ga aylantirishdek ahmoqona reja tuzadi. Ya’nikim, yollanma ishchilik bilan shug‘ullanib kelgan S.S.ni topib, «Sirdaryoda yaxshi ish bor, kuniga falon so‘m beraman» deb, uni Mirzaobod tumani hududidagi dala maydoniga olib boradi. O‘sha yerda uni avvaliga go‘yoki aroq bilan mehmon qiladi.  Mast bo‘lgach, qo‘l-oyog‘ini bog‘lab, og‘ziga latta tiqadi va yoqib yuboradi... Murda  o‘zi bo‘lib chiqishi uchun esa boshqaruvidagi oq rangli «COBALT» rusumli avtomashinani voqea joyida qoldirib ketadi.

«Shaytanat»dagi lavhani eslatib yuboradigan mazkur jinoyat nisbatan qisqa fursatda fosh etilgani e’tirofga loyiq. Bu tergov guruhi a’zolarining professionalligidan dalolat qiladi. Gap yo‘q!

Ayni paytda «bir o‘lib tirilgan» F.P. yashirinib yotgan joyidan ushlab kelinib, qamoqqa olingan.

Tergov harakatlari davom etmoqda.


Manba: "xabar.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: qamoqqa olindi, yuborilgan, Sirdaryoda, yoqib, tiriklay | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar

Copyright © Tarona.net Media 2014-2021 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя