Главная » 2021 » Март » 8 » Besh talaba. Besh ona. Besh musibat. Tinchlik zamonida o‘lishga haqqing yo‘q edi, bolam! (video)
10:16

Besh talaba. Besh ona. Besh musibat. Tinchlik zamonida o‘lishga haqqing yo‘q edi, bolam! (video)


Musibat bo‘layotgan xonadonga jurnalist sifatida kirib borishdan og‘iri yo‘q. Sizni yozmoqchiman, yutuqlaringiz bilan o‘rtoqlashing, deb qanchadan-qancha qahramonlarni kashf qilamiz. Lekin musibatzada odamlarga nima deysiz... Ular bilan uchrashganda avvalo nigohlariga qarashga botinolmaysiz, keyin tilingiz kalimaga kelmaydi.

Qishning so‘ngi kunlarida Toshkentning Yunusobod tumanida ijarada yashayotgan besh nafar talaba noma’lum moddadan zaharlanishdan vafot etdi. Toshkent axborot texnologiyalari universiteti 2-bosqich talabalari Mavlonbek Usmonov, Rahmatulloh Soliyev, Davronbek G‘ofurov, Singapur universiteti 2-bosqich talabasi Oyatulloh Ibrohimov hamda Toshkentdagi INHA universiteti 1-bosqich talabasi Sardor Hakimjonov — ularning hammasi Andijon viloyatidan.

O‘lim xabari, tafsilotlari  eshitishga ham,  aytishga ham, xabarlashga ham azobli haqiqat. Endi bu bolalarning yaqinlari ahvolini tasavvur qilavering.

Mana bitta partada o‘tirgan, bitta sinfda o‘qigan Andijon davlat universiteti akademik litseyi yigitlari. «Bolalar haqida gapiradigan o‘qituvchilar kerak», deyishimiz bilan odatda har doim intervyu berishda o‘zini chetga oladigan qahramonlarimiz bu safar «Men Sardor haqida gapirmoqchiydim», «Men Oyatullohni hech kimga o‘xshamaygan tomonlarini aytsam maylimi», «Rahmatulloh yo‘lboshchi edi, hamma bolalarni ortidan ergashtirgan, til o‘rganishga qiziqtirgandi, unga havas qilib ergashganlar ko‘p edi», deya shoshilishdi...

Dilnoza Mirzayeva, matematika fani o‘qituvchisi, kurator:

- Bu o‘quvchilar meni farzandlarim, do‘stlarim edi. Shu xabarni eshitgan kundan beri na o‘tirarimda na turarimda halovat bor. Sardorim, Rahmatullohim, Oyatullohim,..... oramizda yo‘q endi. O‘zbekiston kelajakda elu yurtga foydasi tegadigan yaxshi mutaxassislardan ajradi, ulardan yaxshi insonlar chiqardi, O‘zbekiston shunchaki talabadan emas, besh nafar katta-katta harflar bilan yozishga arziydigan INSONlardan ayrildi.

Sanobar Siddiqova, fizika fani o‘qituvchisi:

- Bu bolalar boshqacha edi. Sho‘x bo‘lsa ham sho‘xligi o‘ziga yarashgan, bezarar to‘polonchi bolalarim edi ular. Rahmatulloh ko‘zingizga qarab nima demoqchi ekanligiingizni bilib turardi. Ularning orzulari olam-olam edi, maqsadlari katta-katta edi. Bugungi kunda yurtimizga qanday kasb foyda keltirishini, qaysi kasbni tanlasa kelajagi porloq bo‘lishini oldindan bilgan pishiq bolalar edi. Hammasi o‘z kuchi bilan o‘qishga kirgan, intiluvchan bolalar edi. Sakkizinchi martda bizni tabriklashga kelmoqchi edi, birga yig‘ilib o‘tirmoqchi edik...

Litseyda  har bir o‘qituvchidan bu bolalar haqida iliq gaplar eshitdik. Bizni kuzatib qo‘yganlar ushbu o‘quvchilarning bemavrid ko‘chada sanqishga vaqti yo‘qligini, birortasi zararli odatlarga oshno emasligini, ishkal chiqarib birov bilan janjallashmaganini, rus va ingliz tillarini o‘rganishga qat’iy bel bog‘laganini, oddiy qishloq odamlarining buyuk kelajakni oldiga maqsad qilgan bolalari ekanligini biri qo‘yib biri gapirdi, gapiraverdi...

Gulshanoy Isroilova, Rahmatullohning onasi, Xo‘jaobod tumani:

- Mening shirintoy bolam, mening asal bolam, bolajonimning orzulari juda ko‘p edi. Til o‘rganayotgandi, dasturlashni o‘rganayotgandi. Uyni ishigayam birday qarashardi. Sevgan kitoblari fizika, matematika edi, birgina yolg‘iz o‘g‘lim edi. U qizlarimga tirgak edi. Men ham o‘qituvchiman. O‘g‘lim uchun ona emas, talabchan o‘qituvchi bo‘lganim uchun litseyni ham qizil diplomga bitirgandi. Undan umidim katta edi. O‘quvchilarimga yaxshi o‘qinglar, yaxshi o‘qisalaringiz o‘g‘limga o‘xshab institutga kirasizlar, deb faxrlanardim, o‘g‘lim boshqalar uchun o‘rnak edi. Endi bu gaplar bilan bolalarni qanday ruhlantiraman. Qizim ham bo‘lg‘usi o‘qituvchi, u endi kelgusida o‘quvchilariga yaxshi «o‘qisalaring institutlarga kirasizlar», deb qanday aytadi. Shu gapni o‘quvchilarimizni ruhlantirish uchun aytayotganimizda ular bizga  farzandingiz yoki ukangiz yaxshi o‘qib institutga kirib nima bo‘ldi, degan savolni bermaydimi, bermagan taqdirdayam, nigohlarida bir umr shu savol qotib qolmaydimi? Qarang, men o‘g‘limni to‘yiga sarpo qilish o‘rniga bugun go‘rkovga tugun qilib o‘tiribman.

- Men ham talabaman, - deydi g‘amdan yuzlari qorayib ketgan, Rahmatullohning opachasi Odinaxon. - Men o‘qiganlarni qadrlaydigan oilaga kelin bo‘lganman, egiz farzandlarim bor, ularga qaynonam qaraydi, mendan keyin bir singlim talaba, bir singlim akademik litsey o‘quvchisi. Aytmoqchimanki, biz ilm olishga tashnamiz, xuddi ukam kabi, ammo hech birimiz uchun yotoqhona mavjud emas. Meni bir armon qiynaydi, agar ukam hamma qatori yotoqxonada yashaganida o‘lmasmidi? O‘ylayman, ukamning shuncha xatti-harakatlari, shuncha mehnatlari, o‘qishga kirish uchun behalovat o‘tkazgan tunlari birgina befarqlik sabab izsiz yo‘qoldimi?

Munojot Jiyanbekova, Davronning onasi:

- To‘rt qizimdan keyin topgan yolg‘iz o‘g‘lim edi. Biz  Gulshanoy bilan yonma-yon qo‘shnimiz, undayam yolg‘iz o‘g‘il, mening ham yolg‘iz o‘g‘lim, aka-uka edi ular, go‘yoki men ikki o‘g‘limdan ajradim, aka-uka bir kunda ketgandek men uchun. Bir ko‘chada yashadi, birga katta bo‘ldi, bir litseyda o‘qidi, bir xil kasbni tanladi, bir kvartirada ijarada turdi. Bulardan yaxshi qadrdon do‘st ham chiqardi kelajakda. Bolalarimizga qo‘shilib ajoyib do‘stlik ham o‘ldi, yerga ko‘mildi. Men Gulshanoyni ko‘rganimda o‘zimni ko‘rgandek dardim yangilanaveradi. U meni ko‘rganida Rahmatullohni eslayveradi. Bizning yaramiz nafaqat yangilanadi, balki hech qachon eskirmaydi, hech qachon tuzalmaydi. Bir birimizga qaragan nigohlarimizdayoq, bir-birimizning hovlimizga ko‘zlarimiz tushgandayoq bu yara tirnalaveradi, ko‘chaveradi, qonayveradi...

Bolam birovni ko‘ziga tik qaragan bola emas edi. Aytingchi, shunday yaxshi, shunday chiroyli, qad-qomati kelishgan bolayam o‘lama-a, o‘lama, men hozir karaxtman, odamlar nega yig‘ilgan, nega uvvos soladi, nazarimda o‘g‘lim har doimgidek tabassum bilan kirib keladigandek. Oxirgi kelganida besh mingta karam urug‘ini qadashib berib ketuvdi. «Onaginam opamlar uzoqda turadi, bog‘ni ishi sizlarga qolib ketmasin» degandi. Bu karamlar hosilga kirsa qanday tomog‘imdan o‘tadi. Ko‘chada sayoq yurmasdi, kitobdan bosh ko‘tarmasdi, futbolga borsayam so‘rab ketardi...

Qator o‘tirgan opachalarining ko‘zidan yosh tinmaydi. «Aylanayin ukajonim biram yaxshi edi», - deydi opasi Shohsanam, - dadamdan keyingi o‘rinda turadigan suyanchig‘imiz edi, kulib turardi, qator-qator qizlardan keyin dunyoga kelgan bo‘lsa-da sira tantiq emasdi, qo‘lidagi suratni silab nigohlari bilan erkalaydi, bag‘riga bosib o‘pib qo‘yadi, ishongimiz kelmayapti opa, shunday ukamning, shunday kelbatli ukamning endi yo‘qligiga. O‘qishdan kelsa uyimiz to‘lib ketardi, bizam har yoqdan ukamni diydorini ko‘rish uchun oshiqardik. Mening shunday ukam bor, deb faxrlansak arzigulik edi. To‘yi bo‘lsa, uylansa biz sevimli amma bo‘lardik, ammo bizni hech qachon jiyanlarimiz bo‘lmaydi, amma degan so‘zlarni eshitmaymiz. Qo‘li tekkan narsalar ko‘karardi, ekkan gullari bu yil ham gullaydi, ekkan daraxtlari meva tugadi, lekin ukamni o‘zi yo‘q endi...

Bu yerdan uchinchi xonadonga yo‘l oldik. Borgan sari yelkamizdagi og‘ir, musibat yuki bosib borayotgandek edi.

Umida  G‘ulomova, Oyatullohning onasi, Buloqboshi tumani:

- Men intervyu bermoqchi emasdim, ammo bolam o‘lganda ham o‘rtoqlari bilan birga edi, qatoridan qolsa bo‘lmas. Mana shu uy-joylar kim uchun shu bolalarimiz uchun, kim uchun yashaymiz, kim uchun harakat qilamiz, kim uchun hayotimiz mazmunli. Mana shu bolalar uchun, bir kunda barcha orzularim, barcha umidlarim chil-chil sindi. Meni bolam o‘ldi, boshqa onalar bolam, deb yig‘lamasin. Onalar bolalarini musofirlikka ishonib jo‘natsinlar, bu juda og‘ir yo‘qotish, bundan buyog‘iga bu yuk, bu dard bilan qanday yashayman?..

16-17 yoshlardagi qizginani ko‘zlari shishib ketgan. Mohina Oyatullohni singlisi ekan. Litseyda o‘qirkan, akasi uni o‘qishga kirishi uchun o‘qishga tayyorlantirayotgan ekan. «Singlisini o‘qishga kirishiga yordam bermoqchi edi, ortidan ergashtirmoqchi edi», deydi Oyatullohning buvisi Soliya xola...

Orzuxon Jamolova, Mavlonbek Usmonovning xolasi:

- Men jiyanim, bolam qatori bo‘lib ketgan bolajonim haqida gapiraman, men xolasiman. Onasi tildan qolgandek, o‘zini bilmaydi, eslatmaylik, hozirgina tinchidi. Mening ham bolam edi Mavlonbek. Oldimizda katta bo‘lgan bola edi...

Orzuxon opa bizga intervyu berayotgani uchun bolajonni gavdasidek katta suratini to‘sib qo‘ydi, shunda 83 yoshli Salomat buvi ayolning orqasidan nevarasiga intilib qarayverdi, qarayverdi, xuddi qaramasa, buvisini nigohlari tushmasa bolajon xafa bo‘ladigandek. Ketgunimizcha yuzlar martalab qayrilib qaragandir nevarasini to‘rda turgan suratiga...

Avazbek Bo‘lishev, Mavlonbekning amakisi:

- Mana shu onam bu bolani yelkasiga ko‘tarib katta qilgandi, ko‘z oldimizda katta bo‘lgandi. Kattalarni orasida o‘sgani uchunmi, fikrlashi ham kattalarnikidek edi. Mana shu bolalarimizni ishonib topshirib qo‘yganlardan so‘raydiganim ishlariga mas’uliyatli bo‘lsa, farzandlarimizni orasiga kirib borsa, sharoitlar yaratib bersa, biz O‘zbekiston, shu yurt uchun munosib farzandlarni voyaga yetkazib, ularni yaxshi odam qilib qatorga qo‘shayotgan bir paytimizda befarqlik, loqaydlik, nazoratsizlik tufayli alpqomat yigitlar o‘lib ketaversa bu qanday hol, bu qanday ko‘rgulik?

 Abdulaziz Saidov, Andijon davlat universiteti qoshidagi litsey ingliz tili fani o‘qituvchisi:

- O‘quvchilaringdan bir emas, to‘rttasi haqida birdaniga noxush xabar eshitsang g‘alati bo‘lib ketar ekansan. 2019 yili talaba bo‘lib Toshkentga ketishgan edi. Bittasi Toshkntdagi INHA universiteti, qolganlari TATUga qabul qilinishgandi. Musofirchilikda o‘qishayotgan edi. Qo‘rg‘ontepalik Sardorga va buloqboshilik Davronga ingliz tilidan saboq bergandim. Intilishi va qiziqishi kuchli, bilimli va litseyimizning faxrli o‘quvchilari edi ular. Namunali oliygohlarga o‘qishga kirgani ularning yaxshi o‘qiganidan darak.

Eng muhimi, ota-onalariga Allohim sabr bersin...   

Juda og‘ir yuk, juda og‘ir taassurotlar bilan ortga qaytayapmiz. Kim bilan nima haqda suhbatlashganimizni tahlil qilishga-da ochig‘i, hayollarimiz chalkashib ketdi. Faqat ko‘z oldimda karaxt o‘tirgan ONA bir nafar onani ko‘rdim, besh nafar O‘G‘LONIDAN AYRILGAN qaddi dol, hardamxayol, haliyam yomon tush ko‘rayapman, deya o‘zini aldab o‘tirgan onaizorni ko‘rdim. Ularni ismlarini yo‘l-yo‘lakay xotiramda tiklashga harakat qildim. Mana Munojot opa, Mana Gulshanoy opa... Boshini yuz martalar qayriltirib nevarasini devorga tirkab qo‘yilgan suratidan nigohlarini uza olmayotgan Salomat buvi... ko‘zlarida cheksiz qayg‘u, cheksiz musibat. Qulog‘imda ularning shikasta ovozlari takrorlanadi: «O‘g‘limning oxirgi gapi: «onajon pitssa oldik, endi xonaga kirib ovqatlanmoqchimiz», «Onajon dushanba kuni kontraktimni to‘layman»... «Ukam kechasi bilan dars qilardi, o‘sha kuni tungi soat ikki yarimgacha onlayn bo‘lgan», «O‘g‘limning telefoni tungi 11 gacha onlayn turgan, nima bo‘lgan ekan-a?», «O‘g‘limning qo‘llari tekkan kompyuterlari, telefonlari qolib ketdi ijarasida, uni xotiralari qolib ketdi o‘sha mudhish uyda»... Meni ukam hech qachon chekmagan, ichmagan, zararli odatlardan nafratlangan yigit edi», «Juda yomon ish bo‘ldi, nevaraginamning o‘limi juda katta musibat bo‘ldi», «Nega haligacha noma’lum moddadan zaharlangan, deb anig‘ini aytishmaydi, axir gazdan zaharlansa mutaxassislar orqali laboratoriya tekshiruvlarini o‘tkazish mumkin-ku, sinab ko‘rish mumkinki qandaydir yo‘llar bilan», “Agar ovqatdan zaharlansa, yegan ovqatlarini qoldiqlaridan tekshira oladigan apparatlar bor, 21-asarda yashaymiz, texnika asrida yashaymiz, nahot aniqlab bo‘lmasa»... Ularni ezayotgan, shubhalantirayotgan, gumonlantirayotgan savollar ko‘p, judayam ko‘p edi...

Ha, besh nafar inson ketdi oramizdan. Yaqinlarini adoqsiz savollarga, cheksiz musibatlarga ko‘mib ketdi o‘g‘lonlar. Ulardan suratlar, yaxshi xotiralar, ushalmagan orzular, so‘nmagan umidlar qoldi. Kechagina ota-onasini hayotini quvonchga, cheksiz yorug‘likka to‘ldirib yurgan alp yigitlar bugun oramizda yo‘q. Besh onaning nigohida bir savolni ko‘rdim: «Shunday bolayam, shunday yigitam o‘ladimi?.. Tinchlik zamonida ham birdaniga shunaqa yigitlar ham o‘ladimi?..»  Yig‘layotgan onaizorning qaysi birining dilidagi gaplar tiliga ko‘chganini haligacha eslay olmayapman. Sababi bir xil musibat, bir xil azob, bir xil yo‘qotish onalarni yaxlit bir faryodi ko‘ksiga sig‘mayotgan mushfiq ONAIZORga aylantirgan edi. Ularning siyratlari, suvratlari, dardlari, qalb og‘riqlari, hijronu azoblarigacha bir xil edi. Ularni dard va armonlar birlashtirdi. Ularning dil nolalari kuchli hayqiriqqa aylandi. Bu O‘zbekiston onalarining, O‘zbekiston ONAIZORlarining hayqirig‘i edi: «TINCh ZAMONDA, OSMONI MUSAFFO YuRTDA  O‘LIShGA HAQQING YO‘Q, BOLAM!»

Jurnalist: Barno Sultonova

Tasvirchi: Akmal Qudratov

Montaj ustasi: Farrux Aliyev


VIDEONI KO'RISH

Manba: "xabar.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: Bolam, (VIDEO), Besh talaba, haqqing yo‘q, o‘lishga | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar

Copyright © Tarona.net Media 2014-2021 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя